So‘nggi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini jadal rivojlantirish, investitsiyaviy jozibadorlik va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarini kengaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Sohadagi munosabatlarni tartibga soluvchi qator huquqiy hujjatlar ishlab chiqilib, kelib chiqqan nizolarni hal qilish, ish bo‘yicha qonuniy, asosli va adolatli hal qiluv qarori qabul qilish vazifasi va vakolati iqtisodiy sudlarga yuklatilgan.
Iqtisodiy sudlarda ishlarni ko‘rib chiqish muayyan harajatlarni talab qiladiki, qonunchilik, o‘z navbatida, ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan mazkur harajatlarning qoplanishini nazarda tutadi.
Sud harajatlari — ishda ishtirok etuvchilardan davlat foydasiga va boshqa harajatlar o‘rnini qoplash uchun undiriladigan to‘lov hisoblanadi.
Sud harajatlari 2 guruhga bo‘linib, bular davlat boji va ishni ko‘rish bilan bog‘liq bo‘lgan chiqimlardan iborat.
Ushbu 2 to‘lovni undirishdan maqsad ham turlicha bo‘lib, shaxslarning o‘z majburiyatlarini ixtiyoriy bajarishga da’vat etish, sudlarda ish yuritish bilan bog‘liq harajatldarni ma’lum ma’noda qoplash, sudga qilinishi mumkin bo‘lgan asossiz murojaatlarning oldini olishdan iborat.
Davlat boji sudlarga beriladigan da’vo arizalaridan, alohida tartibda yuritiladigan ishlar bo‘yicha arizalardan, sudlarning hal qiluv qarorlari ustidan apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibidagi shikoyatlardan, shuningdek, sudlar tomonidan hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini berganlik uchun arizalardan undiriladi. Ajrimlar ustidan ham apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida shikoyat keltirilishi mumkin, biroq mazkur shikoyatlardan davlat boji undirilmaydi.
Iqtisodiy sudlar tomonidan ishlarni ko‘rish bilan bog‘liq sud harajatlarining stavkalari normativ-huquqiy hujjatlar bilan yoki sud tomonidan belgilanishi mumkin. Xususan, davlat boji stavkalari O‘zbekiston Respublikasi “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonun bilan belgilab qo‘yilsa, sud chiqimlaridan pochta harajatlari va sud majlisi videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish bilan bog‘liq sud harajatlari summasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 116-moddasiga muvofiq, sud tomonidan belgilanishi mumkin.
Shu bilan birga iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladigan nomulkiy tusdagi talablardan bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari miqdorida davlat boji undiriladi. Nomulkiy talab — bu garchi ishning ko‘rilish natijasidan mulk undirilsa-da, mulk bilan bog‘liq bo‘lmagan talabdir. Misol uchun: tadbirkorlik subyektining ishchanlik obro‘siga putur yetkazganlik uchun ma’naviy ziyon undirilishi mumkin. Basharti, ziyon yetkazilganligi isbotlansa, uning natijasida da’vogar muayyan miqdordagi pul ko‘rinishidagi yetkazilgan zarar summasini undirishi mumkin. Ammo, bunday holatlarda ishchanlik obro‘si hisoblangan talab mulkiy tusda bo‘lmaganligi bois, nomulkiy tusdagi talablardan undiriladigan davlat boji stavkasi qo‘llaniladi.
Davlat bojini qaytarish sudga davlat bojini to‘lagan shaxsning yozma arizasiga binoan yoki sudning hal qiluv qarori asosida amalga oshiriladi. Davlat boji summasini qaytarish uchun arizachi davlat bojini to‘lagan sudga murojaat qilishi kerak. Davlat bojini undirgan sud uni qaytarish qonuniyligini tasdiqlagan taqdirda, sud ilgari o‘z hisobvarag‘iga o‘tkazilgan davlat boji summalarining tegishli qismlarini to‘lovchining yozma arizasi olingan kundan e’tiboran 5 kun ichida qaytaradi. Davlat boji qisman yoki to‘liq qaytarilishi lozim.
Xulosa o‘rnida qayd etish lozimki, bojlar davlat budjetiga undiriladigan majburiy yig‘im ekanligini inobatga olib, har bir vakolatli idora uni belgilash, undirish, undan ozod qilish va qaytarish tartibiga qat’iy amal qilishi muhimdir.
Botirjon ABDULLAYEV,
Termiz tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi