Hafta bo‘ylab tun-u kun Termiz etadi maftun

Date:

Janub gavhari — Termizning so‘nggi yillardagi husn-u tarovati ajib, hatto mahalliy aholi ham shaharning bu maftunkor, fusunkor jamolidan hayratda. Pastqam uylar, tor ko‘chalar, odatiy va 90-yillar tipidagi 4 qavatdan oshmagan turarjoylar shahar markazida deyarli unut. Markaz desa Yubileyniy tushuniladigan, bozori ham, sayr-u sayohati ham bir manzilga tutash kichikkina shaharchaning bugungi qiyofasi butkul o‘zgargan.

Termiz tushkunmi turg‘un?!

Dunyodagi eng yaxshi shahar, istaysizmi-yo‘qmi, tungi hayoti bor, zulmat tunning yorqin chiroqlar bilan yanada fayzli tus olgan ko‘rinishi bor shahar. Har qanday megapolisning eng muhim atributlaridan biri ham aynan tungi hayotdir. Ayniqsa, bizga o‘xshab shahar aholisining yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil etadigan mamlakatlar uchun bu juda muhim. Koshki yoshlarni tunda uyga qamab qo‘yish bilan biror maqsadga erisha olsak…

Bedor shaharlar reytingi ham aynan turizm o‘choqlarining raqobatbardosh go‘zalligi-yu xizmat sifati bilan o‘lchanadi. Termizni esa tungi hayoti osuda, bir-bir avtoulovning ovozi eshitiladigan, uzoq-uzoqda bir-ikki miltillagan chirog‘i yoniq uylar demasa… uyqudagi, to‘g‘rirog‘i, uyqusiragan shahar deyish mumkin.

Dunyoning dunyoligini bilgach, “o‘zimizning yoqamizni hidladik” — tanish ma’lumotlarga yuz burdik. O‘zbekistonda ham allaqachon 24/7 hisobida uzzukun faoliyatda bo‘lgan manzillar borki, ularning asosiy yo‘nalishi gastronomik. Shuningdek, Toshkent va Samarqand bunday obyektlar bo‘yicha yetakchi ham. Bundan fahmlash mumkinki, turizm rivoj topgan, o‘z husn-u jamoli bilan dunyo sayyohlarini jalb eta olgan qadim va navqiron shaharlarda tungi hayotga ehtiyoj paydo bo‘lgan va bu nafaqat mehmonlarning, balki mahalliy aholining ham turmush tarziga aylanib borayotir.

Termiz, yuqorida aytilganidek, yo tushkun, yo turg‘un. Shuncha go‘zal qiyofaga yarasha yorqin takliflar yo‘qki, tungi hayot rivojlansa… Aholining ham tungi shaharga ehtiyoji yuqori emas.

— Termizning tungi qiyofasi — eskicha qolipda fikrlovchi avlod sabab ham unchalik jozibali emas, — deydi E.Xudoyberdiyev. — Kechki sayrni uyimizdagilar “sayoq yurish” deb baholaydi. Soat millari o‘nlarga yaqinlashar ekan, uyali telefonim tinimsiz jiringlaydi. Men bu paytda uyda bo‘lishim kerak. Bunaqa qarash bilan Termiz qanday qilib tungi hayot qizigan shaharga aylanadi?! Bunga aholi imkon bermaydi.

Haqiqat achchiq bo‘ladi, shaharning mo‘jaz bog‘lari rangin favvoralar bilan yanada mo‘jizakor. Odamlarning miriqib dam olishi uchun ham bu kabi manzillar navqiron va qadim Termizda yetarlicha bor. Qolaversa, masofa ham yaqin. Poy-u piyoda sayr asnosida ko‘ngilochar manzillarni tomosha qilish imkoni bor. Ammo…

Takliflar emas turfa, shu bois qolar urfdan…

Musiqali favvora har kuni bir xil musiqada, bir xil shakl-u shamoyil bilan suv purkaydi. O‘rindiqlarda yastanib olgan juft-juft oshiq-ma’shuqlarning beyoqim qiyofasi esa San’at saroyi atrofidagi bog‘ning fayziga nuqta. Taklif doimgidek — bir xil, o‘zgarmas. Paxtaqand sotib yurgan qiz-u yigitlar, pufaklarni bolalaringiz qo‘liga majburlab tutqazib qo‘yadigan darajada ishbilarmon “tadbirkorlar”. Muzqaymoq, allambalolar. Yana favvora… Tungi Termiz desa, ko‘z oldingizga keladigan yana bir manzara borki, buni aytmaslik ilojsiz — “ming so‘m bering”.

— Taqdirim Termiz bilan bog‘langaniga ham 10 yilcha bo‘ldi, — deydi A.Abduraimov. — Oilaviy ko‘chib kelganmiz, farzandlarim har kuni kechki sayr istagida ishdan kelishimni kutishadi. Qaynoq Termizda kechki sayr juda muhim. Salqinlab boshlagan tunning osudaligi biz, kattalar, uchun rohatbaxsh bo‘lsa, bolalarbop bog‘larda rolik uchish, o‘yinlar o‘ynash, sayr qilish bolalarning jon-u dili.

Haqiqatan, Termizning uyg‘oq soatlari uzaymoqda. Yangi kunning ilk soatlari eshik qoqqanda ham uyga oshiqmaslikdan sezish mumkinki, tungi hayot asta-sekin shahar hayotiga singishayotir. Biroq, shahrimizning go‘zal qiyofasiga maftun bo‘lgan kishi bir kunlik hayratbaxsh sayrdan so‘ng ikkinchi bor ehtiyoj sezmaydiki, bu shaharda aylanmoqqa. Demakki, sayyoh uchun ham, mahalliy aholi uchun ham ko‘ngilochar manzillarning har kunlik rejasi, o‘zgarishlari, tomoshaga bor diqqatni qaytara oladigan takliflari bo‘lishi zarur. Takliflar qanchalik rangorang bo‘lsa, sayr etaman deganning ro‘yxati uzun, sayilgohning esa har burchagi gavjum bo‘ladi aniq.

Tungi hayot — tungi klub degani emas…

O‘zbekiston eshiklari bugun turistlar uchun keng ochiq. Jumladan, Termiz ham turizm tur va yo‘nalishlarini kengaytirish ilinjida. Istiqbolli rejalar esa shaharning bor go‘zalligini namoyish etishga qaratilgan. Va lekin…

So‘nggi yillarda turizm sohasidagi izchil islohotlar evaziga viloyatga tashrif buyurganlar soni keskin oshdi, mahalliy sayyohlar qatori xorijlik turistlarning vohadagi sayohati asosan tarixiy qadamjolar bilan cheklanib qoldi deyish mumkin. Bunday paytda turistlar uchun tarixiy obidalarni ko‘rib, mazza qilish yetadi, deyish chuchvarani xom sanashdir. Zero, O‘zbekiston shaharlari faqat pensioner turistlarni emas, balki yosh sayyohlar uchun ham qiziq, qaynoq va jozibali bo‘lishi kerak. Buning uchun esa xuddi kunduzgi singari tunda ham hayot jonlanib, jilvalanib turgan shahar kifoya: tungi klub va boshqa ko‘ngilochar maskanlar atrofdagi odamlarning halovatini, oromini buzmasin, bunday joyga borgan odamning hayoti, sog‘lig‘iga birov xavf solmasligi asosiy talablardan. Axir, dunyoda tungi hayoti xavfsiz, sayyohlar uchun jozibador bo‘lgan xizmat sifati ham ancha yuqoriligi shundan.

— Bizda tungi klub tushunchasi anchagina salbiy, — deydi M.Yo‘ldosheva. — Balki menda tungi klublarga hech ham ehtiyoj bo‘lmagandir, yoki uydagi qarashlar ta’siridami umuman bunday klublarga bormaganman. Yoshim 30 ga yetgan esa-da, hozirgacha men ham diskoteka tushunchasini qoralaydiganlar safiga o‘tib bo‘ldim. Dunyoda tungi klublar davlat nazoratida ekan, demoqchimanki, qonunga barcha amal qiladi: yoshi yetmagan fuqaro kiritilmaydi, tekshiruvlar qat’iy, qolaversa, fuqarolar uchun xavfsiz sharoit muhayyo.

Tungi vaqtlarda ishlovchi restoranlar, kafe va boshqa ko‘ngilochar maskanlarga qat’iy va maksimal darajada talablar o‘rnatilishi bizning jamiyatda qanchalik naf beradi bilmadim-u, lekin bunday vaziyatda yetti o‘lchab bir kesgan ma’qul, muhimi, six ham, kabob ham kuymasin. Tungi klub tungi hayotning asosiga aylanmasin.

24/7 tizimning joriy etilishi esa, o‘z navbatida, Termizning har qanday masalaga ijobiy va ijodiy yondashishi kerakligini izohlaydi. Shunday ekan, navqiron shaharning tungi hayoti yorqin bo‘lishi puxta o‘ylangan reja asosidagina oydinlashadi.

Tumonat ish kun tartibida

Termiz o‘zining boy turizm salohiyati bilan sayyohlar e’tiboridagi hududlardan biriga aylanishi mumkin. Zotan, shaharda ziyorat, gastronomik, tibbiy va ekoturizm yo‘nalishlari faol rivojlanmoqda. Sayyohlar oqimini oshirish va ularga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida qator turizm loyihalari amalga oshirilmoqda, yangi mehmonxonalar va servis obyektlari barpo etilmoqda.

Mehmonxona qurilishlari, turizm ko‘chalarini tashkil etish va tarixiy obidalarni qayta pardozlash, obodonlashtirish ishlari Termizning bugungi qiyofasiga monand amalga oshirilayotir. Shuningdek, o‘rganishlar davomida tarixiy arxitektura yodgorligi sanalgan Aleksandr Nevskiy xristian cherkovida restavratsiya ishlari olib borilmoqdaki, ko‘pmillatli bag‘rikeng yurtga yarashadigan ezgu amaldir. Bunda, albatta, viloyat hokimining o‘zi bosh-qosh.

Prezidentimiz tomonidan hududlarda yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi uchun sharoitlar yaratish hamda turizmni rivojlantirish, 24/7 rejimda faoliyat yurituvchi “Yoshlar va turizm” ko‘chalarini tashkil etish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatimizda ham jami 15 ta ko‘cha tanlab olinib, namunaviy loyihalar asosidagi ko‘chalar bunyod etilayotir. Jumladan, Sho‘rchi tumani, “Guliston” mahallasi hududida tashkil etilgan “Yoshlar va turizm” ko‘chasi o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Bu ko‘cha sportsevar yoshlarni o‘ziga jalb etuvchi manzil bo‘lib, ikkita mini stadion, 250 o‘rinli tomoshagoh, vorkaut, basketbol, voleybol va harbiy-vatanparvarlik sport musobaqalari o‘tkazish uchun mo‘ljallangan maydonlar hamda 50 o‘rinli amfiteatr bu ko‘chani yanada keng qamrovli va salomatlik targ‘ibotiga hamohang etadi. Qolaversa, ko‘cha bo‘ylab 3,4 kilometr uzunlikdagi veloyo‘lak ham bunda muntazir.

Termiz shahridagi “Yoshlar va turizm” ko‘chasi esa tungi savdo rastasiga qiyos. Bu yerda turistlarni jalb etuvchi loyihalar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, hunarmandlarning ijodiy ishlari sotuvi ham ayni mazkur do‘konlarda amalga oshiriladi. Bejirim va bir-birini to‘ldirib, uyg‘unlashib turgan do‘konlar ko‘chaning nomiga munosib.

— Termizda tungi vaqtda 24/7 rejimida ishlaydigan dorixona bo‘lsa, kifoya, — deydi N.Rahmatova. — Kimga hunarmandchilik buyumlari qiziq, ayniqsa, kun-u tun ishlaydigan ko‘chada bundayin tashabbus o‘zini oqlamaydi. Sarxil mevalar kunni kun, tunni tun demay sotilsa, tushunish mumkin. Lekin hech kim tun yarmidan og‘ganda, naqshinkor piyola, kanselyariya mahsulotlariga ehtiyoj sezmasa kerak?!

Nargizaning fikri haqdek. Termizdek shaharda kun-u tun ishlovchi do‘konlar tarmog‘iga qanchalik ehtiyoj bor?! Har ikki suhbatdoshim ayni fikrni ma’qullaydi. Lekin…

— Bundan bir necha yil avval Samarqandga taksida borishimga to‘g‘ri keldi, — deydi N.Isayev. — Soat tonggi beshlarda Samarqanddamiz. Mehmonxonaga boray desam, tong yorishishiga oz qolgan. Mijozlar bilan gavjum tamaddixonaga kirdim. Kun-u tun ishlaydigan tamaddixonada ovqatlanib bo‘lgach, bizga xizmat ko‘rsatgan yigitning taklifi bilan tamaddixona bo‘ylab tuni bilan ishlaydigan do‘konlarni aylanishga qaror qildim. Termizda ham turizm ko‘chasi ochilayotganligini eshitib, shu voqea esimga tushdi. Bunday manzillar bo‘lishi kerak. Odam yolg‘izlikdan siqiladigan paytlar bo‘ladi, tunda ham hayot qaynagan bunday ko‘chada bo‘lish esa — odam taftini odam oladi degan qarashning yuksak ifodasidir.

Tungi turizm termiz uchun begona emas

Buyuk ipak yo‘lining ta’siri yuqori bo‘lgan davrlarda ham Termiz o‘zining xavfsiz va ma’lum-u mashhur karvonsaroylari bilan, shovqinkor bozorlari, hunarmand-u savdogarlari bilan e’tibor markazida edi. Bandargoh shahar sifatida ham ancha yillar kun-u tun uyg‘oq bo‘ldi. Tarix silsilasida vazifasini mohirona udda etgan shahar bugun ham tezlikda o‘z tarixiy obro‘sini tiklayotir. Surxondaryoning chegaradosh hududda ekanligi va albatta, uchta qardosh xalq bilan totuv aloqalari shaharning jozibadorligini oshiradi.

Tungi turizm tushunchasi Termiz bilan birga tilga olinayotganda buni qoralovchilar topilishi tabiiy. Ammo, jamoat arbobi Gandi: “Uyimga toza havo kirishi uchun derazalarni ochsam, shabada bilan birga chang, g‘ubor va dovullar ham yopirilib kirib keladi…” deganida naqadar haq bo‘lsa, tungi shahar istagini bildirish asnosida amalda ham dunyo tajribasida ish bergan megapolislardagi kabi sharoit yaratilishi, tungi vaqtda ishlovchi tadbirkorlar rag‘batlantirilishi lozim. Shundagina “toza havo”ga yetishamiz ham, “chang-u g‘uborlar”dan qo‘rqmaymiz ham…

— Termiz shahridagi “Turizm va yoshlar ko‘chasi”dagi do‘konlar hali to‘liq ish boshlamagan bo‘lsa ham, bu ko‘cha juda chiroyli va yoshlar orasida ommalashayotir, — deydi jarqo‘rg‘onlik Nodira Jo‘rayeva. — Tungi yoritkichlar shunaqa ustalik bilan joylashtirilganki, suratlaringiz ertakmisol chiroyli olinadi. Hozir har ikki tanishimning ijtimoiy tarmoq profilida aynan mana shu ko‘chada tushirilgan surati bor. Termizda o‘qish asnosida har kech kursdosh qizlar bilan sayr qilamiz, kunduzi o‘qish va issiq ob-havo sayr qilishga xalaqit beradi. Shu sababdan shaharning tungi go‘zalligi maroqli hordiq chiqarishda ayni muddaodir.

Termiz rivojlanayotgan shahar, unda tungi hayotning mavjlanishi tabiiy talabdir. Zotan, kunduzi shahar “yonadi”, qaynoq ob-havo har qanday sayr-u sayohatni yarim qiladi. Yagona yechimni esa hokimlik original tarzda taqdim etayotir — endi Termiz tun-u kun etadi maftun!

Xurshid KARSHIYEV

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Mebeli bambukdan

Sho‘rchi tumanidagi “Best Faxr Mebel” korxonasi ishga tushdi. Korxonada...

G‘ALABAGA HALOL YO‘L BILAN

Qoraqolpog‘iston Respublikasining Nukus shahri kurash ishqibozlarini chorladi. Yuragida o‘ti,...

Futbol akademiyasi qurilmoqda

Futbolda yurtimizda yangi sahifa ochildi. Bu esa futbol ishqibozlarini...

G‘oliblar finalga chiqadi

Yoshlarning bilim va iqtidorini sinovdan o‘tkazish maqsadida tez-tez “Zakovat”...
KunTun
KunTun