Surxondaryo viloyatidagi “Surxon” davlat qo‘riqxonasi qo‘shni Turkmanistonning “Koytendag” qo‘riqxonasi bilan hududdagi o‘simliklarni avaylab asrash va hayvonlarni muhofaza qilishda o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.
Hayvonot va nabotot olamiga boy ikki qo‘riqxona purviqor “Ko‘hitang” tog‘ tizmasining ikki yon bag‘rida joylashgan.
Turkmanistonlik tabiat jonkuyarlari bilan o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani ikki qardosh xalq o‘rtasidagi azaliy do‘stlik rishtalari yangi bosqichda rivojlanayotganiga yaqqol dalildir. Tabiati bir-biriga juda o‘xshash ikki qo‘riqxona o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlanayotgani hududlarda hayvonot dunyosi turlari populyatsiyasini muhofaza qilish va morxo‘r, Buxoro tog‘ qo‘yi, silovsin singari hayvon turlarini ko‘paytirish, ularning qulay hamda xavfsiz migratsiya zonasini tashkil etish, qo‘riqxonalar o‘rtasida ko‘chib yuruvchi yovvoyi hayvonlar migratsiyasini aniqlab, shu yo‘l orqali muhofaza qilish choralarini kuchaytirish, noyob hayvon turlarining populyatsiyasi bo‘yicha xabardor qilib borishda muhim ahamiyat kasb etadi.
– O‘tgan yili qo‘riqxonamizda yana bir yangilikka qo‘l urildi, – deydi “Surxon” davlat qo‘riqxonasi direktori Rustam Turdiyev. – O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Global ekologik jamg‘arma va BMT Taraqqiyot Dasturi “Global ahamiyatga ega bo‘lgan bioxilma-xillikni muhofaza qilish maqsadida muhim tog‘li hududlarda o‘rmonlardan va tabiiy resurslardan barqaror foydalanish va boshqarish” qo‘shma loyihasi, Kritik ekotizimlar bo‘yicha hamkorlik jamg‘armasi (SEPF) amalga oshirayotgan “Turkmaniston va O‘zbekiston qo‘riqxonalari o‘rtasidagi aloqa va salohiyatni yaxshilash” loyihasi doirasida smart patrul tizimini joriy etish boshlandi. Bu fazoviy monitoring va hisobot vositasi qo‘riqlash tizimi bo‘lib, global xilma-xillik muhim bo‘lgan tog‘li hududlardagi tabiiy resurslar va o‘rmon xo‘jaliklaridan barqaror foydalanish uchun xavfsizlik hamda monitoring sohalarida qo‘llaniladigan zamonaviy texnologiyalarni o‘z ichiga oladi. Tezkor javob berish imkoniyatini oshiradi. Hodisalar sodir bo‘lganida tezda chora ko‘rishga yordam beradi. Real vaqt rejimida hududlarni monitoring qilib, barcha harakat va hodisalarni kuzatib boradi. Tizim turli manbalardan ma’lumot to‘plashga qodir bo‘lib, hududda xavfsizlikni oshirish va noyob hayvon turlarining populyatsiyasi uchun muhim hisoblanadi.
Mutaxassislarning aytishicha, smart patrul yig‘ilgan ma’lumotlarni tahlil qilib, xavf-xatarlarni aniqlash va oldini olish strategiyalarini ishlab chiqishga ko‘maklashadi. U boshqa xavfsizlik yechimlari bilan integratsiya qilinishi, video kuzatuv tizimlari bilan birga ishlashi mumkin. Tizim orqali olingan ma’lumotlar rejalashtirishni yaxshilash va favqulodda vaziyatlarga tayyorlik darajasini oshirish imkonini beradi. Xavfsizlik ishlarini avtomatlashtirish orqali inson resurslarini yanada samarali ishlatishda muhim omil bo‘ladi. Qo‘riqxona xodimlarining ish samaradorligini oshiradi.
O‘tgan yil Fanlar akademiyasi zoologiya instituti, Termiz davlat universiteti professor-o‘qituvchilari, Keng ko‘lamli landshaftlarni muhofaza qilish markazi va loyihaning xorijlik mutaxassislari, ikki qo‘shni qo‘riqxona xodimlari ishtirokida smart patrul tizimini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan seminar mashg‘ulotlari ham o‘tkazildi. Ekspertlar smart patrul qo‘riqlash tizimining yuritilishini tahlil qilib, fikr-mulohazalarini bildirdi. O‘zbek va turkman qo‘riqxonalarining ekologik uzviylik muhofazasi yuzasidan boshlangan harakatlarni muhokama etdi. Yangi yil arafasidagi uchrashuvda hamkorlar “Surxon” davlat qo‘riqxonasining flora va fauna olami, tabiati, yovvoyi hayvonlarning yashash muhiti, qo‘riqxona xodimlarining ish jarayonlari bilan tanishdi. Ikki qo‘riqxona chegara hududi orqali ko‘chib yuruvchi yovvoyi jonivorlarni muhofaza qilib, sonini aniqlash, populyatsiyasi barqaror bo‘lishiga to‘siq bo‘layotgan omillarni o‘rganib, bartaraf etish masalalarini muhokama etdi.
– “Ko‘hitang” tog‘ tizmasining kun chiqar tarafi O‘zbekistonga, kun botar tarafi Turkmaniston qo‘riqxonasiga tegishli, – deydi “Koytendag” qo‘riqxonasi direktori o‘rinbosari Shoniyoz Mengliyev. – Shu sababli ikki qo‘riqxonaning hayvonot va nabotot olami bir-biriga juda o‘xshaydi. Morxo‘r ya’ni, Burama shoxli echki dunyo bo‘ylab kamayib bormoqda. Burama shoxli echki bizda ham, sizlardagidek “Qizil qitobi”mizga kiritilgan. Hamkorligimiz o‘simliklarni avaylab-asrash va hayvonlarni muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan Burama shoxli echki va Buxoro tog‘ qo‘yini himoya qilish, ularning migratsiyasini kuzatish ishlarini kelishib oldik. Burama shoxli echkini YUNESKO ro‘yxatiga kiritish uchun ekspeditsiya tashkil etdik. Safarimiz chog‘ida qo‘riqxonada amalga oshirilayotgan ishlarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Sizlarda qish sovug‘ida yovvoyi hayvonlarga ozuqa berilar ekan. Bu ham hayvonlarni asrashda yaxshi samara beradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda “Surxon” davlat qo‘riqxonasidan qo‘shni mamlakatga Morxo‘r, Buxoro tog‘ qo‘yi, Boltayutar, Tasqara, Jo‘rchi, Burgut kabi jonivor va parrandalarning migratsiyasi aniqlangan. Turkmanistonning “Koytendag” qo‘riqxonasi bilan hamkorlikning yo‘lga qo‘yilgani yovvoyi jonivorlarni muhofaza qilib, ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Morxo‘r YUNESKO ro‘yxatiga kiradimi?
Date: