Portalga ehtiyoj qolmadi

Date:

Har bir murojaat ortida inson taqdiri bor. Bunga befarq qarash esa farovonlik sari odimlayotgan jamiyatga yarashmaydi. Shu bois barcha darajadagi rahbarlar ham bevosita odamlar orasida — fuqarolarning turmush sharoiti, aholining ijtimoiy himoyasi, iqtisodiy to‘kinligi uchun mas’uldirlar.
O‘z navbatida, fuqarolarning ham rahbarlarga murojaat qilish madaniyati yuksaldi. Duch kelgan masala uchun ham ilgarigidek portalni dastak qilib, noma yo‘llayverishga chek qo‘yildi. Chunki hududlardagi mutasaddilarga qilingan murojaatlar ijobiy yechim topib, natijada aholi farovonligi ortib, hududlarning infratuzilmasi yaxshilanib bormoqda. Bir so‘z bilan aytganda, hech bir murojaatga befarq qaralayotgani yo‘q.
Termiz shahridagi San’at saroyida aholi murojaatlari bilan ishlash, muammo va takliflar asosida joylardagi masalalarni hal etish maqsadida respublika ishchi guruhi tomonidan surxondaryoliklar uchun ommaviy qabul o‘tkazilganligi ham so‘zimiz tasdig‘idir. Ushbu ommaviy qabul Termiz shahri, Termiz, Jarqorg‘on, Muzrabot, Angor tumani aholisi uchun tashkil etildi.


Qabulda respublika ishchi guruhi — Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “O‘zsuvta’minoti” AJ, shuningdek, hududiy sektorlar, boshqarma va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Ushbu sayyor qabuldan ko‘zlangan asosiy maqsad Prezident qabulxonasi, viloyat hokimligi, shuningdek, shahar, tuman hokimlarining shaxsiy qabullarda ko‘p marotaba murojaat yo‘llovchi fuqarolarning muammolarini o‘rganishdan iborat.
— Ushbu qabulda men ikki nafar farzandimni maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashtirish masalasida mas’ullarga murojaat qildim, — deydi muzrabotlik Baxtiniso Ibragimova. — Mutasaddilar murojaatimni ijobiy hal etishdi.
Murojaatlar mazmuniga to‘xtaladigan bo‘lsak, asosan, bolalar nafaqasi (18 yoshgacha bolalar uchun), aliment undirish, elektr tarmoq uskunalarini (simyog‘och, transformator punkti) ta’mirlash va o‘rnatish, uy-joy masalasi, yashash sharoitlarini yaxshilash, uy-joyni ta’mirlash va qurish uchun yordam, muhtojlarga bir martalik moddiy yordam, mahalla ichki yo‘llarini qurish, ta’mirlash, yangi maishiy gaz ballon bilan ta’minlash, davolanish va jarrohlik amaliyoti uchun moddiy yordam (mamlakat ichida), ichimlik suvi ta’minoti muammolari, ishga joylashish, oilaviy masalalar, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisining kredit, subsidiya, grant, moddiy yordam bo‘yicha tavsiya olish yuzasidan kelib tushdi.
Sayyor qabul davomida fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan muammolar atroflicha ko‘rib chiqilib, ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi. Mutasaddi idoralarga murojaatlarni tezkor va samarali hal etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, qabul davomida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi ham o‘tkazildi.


— Oliy ma’lumotli, birinchi toifali tarix fani o‘qituvchisiman, bir muddat chet elda ishladim, — deydi Termiz tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Farhod O‘zbekov. — Xorijdan qaytgach, ish topishda qiynalib turgandim. Ushbu ommaviy qabulni eshitib, o‘z mutaxassisligim bo‘yicha ishga kirishda mas’ullardan
ko‘mak so‘rab kelgandim. Murojaatimni ijobiy hal etishdi.
Bu kabi ommaviy va sayyor qabullar tashkil etilishi odamlarning dardini aritishda, muammosiga yechim topishda muhim mexanizm bo‘ldi, desak adashmagan bo‘lamiz.
Ommaviy qabulda jarqo‘rg‘onlik Baxtiyor Artiqovning ham mushkuli oson bo‘ldi. Ushbu fuqaro sog‘ligida muammo borligi va davolanishga moliyaviy imkoniyati yetmayotgani uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullaridan yordam so‘radi. Mas’ullar tumanda statsionar sharoitda davolanishi uchun yo‘llanma berishdi. Termiz shahrida istiqomat qilayotgan Nuriniso Kattayevaning
3 nafar farzandi jismoniy imkoniyati cheklangan. Ijtimoiy himoya milliy agentligidan kelgan vakil murojaatchiga moddiy yordam ajratilishi bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifa yukladi. Quvonarlisi, qabul davomida o‘nlab fuqarolarning murojaatlari ijobiy yechim topib, ko‘pdan buyon qiynab kelayotgan masalalarga mas’ullar “malham” bo‘ldi.
Bu kabi murojaatlarni hal etish ham aholining farovonligiga, real daromadi oshishiga, qolaversa, hududning har tomonlama rivojlanishiga xizmat qilibgina qolmay, insonlarning davlat idoralariga, mutasaddilarga ishonchi oshib, aksariyat muammolar yechim topishiga va xalqning roziligi ortishida muhim omil bo‘layotgani shubhasiz.
Ta’kidlash joizki, Termiz shahrida boshlangan ommaviy qabul viloyatimizning turli hududlarida istiqomat qilayotgan aholi vakillarini ham qamrab olish maqsadida Bandixon, Denov va Boysun tumanlarida ham o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, yaqin hududlar aholisi ushbu qabullarda ishtirok etishi nazarda tutilgan.

Adolat MO‘MINOVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

O‘zbekistonda dron ishlab chiqariladi

O‘zbekiston delegatsiyasining Malayziyaga xizmat safari davomida hamkor davlat bilan...

“Soyali sayr ko‘chalari” tarmog‘i yaratiladi

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot”...

O‘zbekiston—Rossiya: yangi mexanizm joriy etiladi

Rossiyada vaqtincha mehnat qilish istagidagi fuqarolar uchun O‘zbekistonda maxsus...

3,5 ming kambag‘al oilalar farzandlari uchun imtiyoz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini «Atrof-muhitni asrash...
KunTun
KunTun