Ko‘hitang tog‘ tizmasi hududi O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston Respublikasining davlat chegarasiga to‘g‘ri keladi. Ko‘hitang so‘zini ma’nosi tojikchadan tarjima qilinganda “tor (qisqa) tog‘” degan ma’noni beradi, Turkmanistonda esa ushbu tog‘ni Ko‘tantov deb atashadi. Bu tog‘larda ilgarilari yo‘l-yo‘l sirtlon (Do‘lta), Old Osiyo qoploni kabi noyob hayvonlar ko‘plab uchratilgan, insoniyatning tabiatdan noto‘g‘ri foydalanishi tufayli hozirgi kunda yo‘l-yo‘l sirtlon (Do‘lta) umuman qirilib bitgan, Old Osiyo qoploni esa faqatgina Turkmaniston Respublikasi hududidagi boshqa tog‘ tizmasi Kopettog‘da sanoqli qolgan.
XIX asr oxirlari XX asr boshlarida chor Rossiyasi hukmronligi vaqtida tabiatdan ayovsizlarcha foydalanilgan, o‘rmon xo‘jaliklari tashkil qilingan va Ko‘hitang tog‘ida o‘suvchi asosiy tur bo‘lgan Zarafshon archalari bir boshidan o‘tin qilish maqsadida kesilib olingan, bug‘ bilan yuradigan poyezdlarga yoqilg‘i sifatida ishlatilgan. Ma’lum vaqtda esa o‘qituvchilarga bepul o‘tin sifatida berilgan. O‘sha vaqtlarda Ko‘hitang tog‘ida faqatgina yosh, o‘tin qilishga yaramaydigan kichik archalar qolgan, inson borishi qiyin bo‘lgan joylardagina qo‘l bilan sanoqli yoshi ulug‘ katta diametri 1-1,5 metr, balandigi 20-25 metr bo‘lgan archalar qolgan xolos. O‘rganishlar vaqtida Ko‘hitang tog‘i hududida bir necha yuz minglab 100-120 yil oldin kesilgan diametri 1-1,5 metr keladigan Zarafshon archalarining to‘nkalari uchratiladi. Hozirgi kunda esa milionlab taxminan 80-130 yoshgacha bo‘lgan har xil yoshdagi zarafshon archalarini ko‘rishimiz mumkin.
Ikkinchi jahon urushidan keyingi vaqtda ocharchilik (bobolarimiz tili bilan aytganda, qahatchilik) davrida har hil ov qurollari hattoki, eng chekka qishloqdagi davlat magazinlarida arzimagan pulga sotilgan, maqsad esa ov qilib ocharchilikdan chiqish edi. Ushbu davrda Ko‘hitang tog‘ida uchraydigan eng noyob hayvonlar bo‘lgan Morxo‘r va Buxoro tog‘ qo‘ylari deyarli qirilib bitkazildi. Ammo o‘sha qahatchilik davrida ham garchi ocharchilik inson hayotiga xavf solib turgan vaqtda ham Ko‘hitang tog‘i atrofida yashovchi mahalliy aholi dinda go‘shti xarom qilingan yovvoyi cho‘chqa go‘shtini iste’mol qilishmagan, faqatgina davlatga go‘sht topshirish rejasi borligi uchungina yovvoyi cho‘chqalar otilgan. Yoshi ulug‘ ovchi bobolar bilan bo‘lgan suhbatlarda bir necha yillar davomida 5-10 kishi bo‘lib Ko‘hitang tog‘iga ovga chiqib, hafta o‘n kunlab tog‘da ovda yurib, bir dona ham Morxo‘r va Buxoro tog‘ qo‘ylarining izini ham ko‘rmay, uyga o‘ljasiz qaytganliklarini, so‘ngra esa morxo‘r ovlash va go‘shtga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun Bobotog‘ga borib morxo‘r otib kelganliklarini so‘zlab berishadi. Vaholanki, hozirgi kunga kelib, Bobotog‘da bir dona ham morxo‘r qolmagan, agar insoniyat o‘z vaqtida ushbu holatni tushunib yetib, qo‘riqxona tashkil qilinmaganida, balki hozirgi kunga kelib, Ko‘hitang tog‘ida ham morxo‘rlar qolmagan bo‘lardi. Morxo‘rlar juda noyob va kamyob hayvon turi bo‘lib, yer yuzida oltita davlatda uchraydi. O‘zbekiston hududida esa faqat Ko‘hitang tog‘ida bor.
Mamlakatimizda tabiatni muhofaza qilishga katta e’tibor qaratilgan, ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda qo‘riqxona xodimlari bu borada kun-u tun tinmasdan mehnat qilmoqdalar. Qo‘riqxonada ayni vaqtda umurtqali hayvonlarning 194 turi mavjud bo‘lib, shundan 25 turi O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan, shundan 18 turi Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining qizil ro‘yxatidan joy olgan. O‘simliklarning 807 turi mavjud bo‘lib, shundan 47 turi O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan. O‘zbekiston Respublikasi va Halqaro qizil kitobga kiritilgan Morxo‘rlarning soni 2023-yil noyabr oyidagi hayvonot dunyosi sanog‘i ma’lumotlariga ko‘ra 734 boshni, Buxoro tog‘ qo‘ylarining soni esa 108 boshni tashkil qilmoqda.
Ona tabiatimizni saqlab qolish barchamizning oldimizga qo‘ygan eng muhim maqsadimiz bo‘lishi lozim, tabiatga qilingan xatoni hech qachon tuzatib bo‘lmaydi.
J. XADIYATULLAYEV,
I. ABDULLAYEV
Surxon davlat qo‘riqxonasi inspektorlari