Islom dini dastlabki davrlaridanoq insoniyatni ilm-maʼrifatga daʼvat qilgan. Darhaqiqat, ilm oʻrganish, talab qilish va ilm olish islom dinida ibodat hisoblanadi. Islom olami ulamolari ilm-fanning barcha sohalarida butun dunyoda hozirgacha ibrat hamda namuna boʻlib kelmoqda. Qolaversa, asrlar davomida din va dunyo ilmlarida dunyoga ulugʻ ustoz maqomida eʼtirof etib kelayotgan koʻplab allomalar ham bizning yurtdan yetishib chiqqanlar. Ular orasida nafaqat boshqa sohalarda balki, hadis ilmida ham peshqadamlardan boʻlgan zotlar borligi barchaga maʼlumdir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Ijtimoiy-maʼnaviy sohani yanada rivojlantirish, oilalarimiz, mahallalarimizda, butun jamiyatimizda sogʻlom muhitni mustahkamlash, yoshlar tarbiyasi, tinch-osuda hayotimizni, muqaddas dinimiz pokligini asrash vazifasi bugungi kunda qanday ulkan ahamiyat kasb etayotgani haqida, ortiqcha gapirishning hojati yoʻq, deb taʼkidlagan. Darhaqiqat, Prezidentimiz rahnamoligida yoshlarning zamon talablari darajasida taʼlim-tarbiya olishi, vatanparvar boʻlishi, salomatligini mustahkamlashi, oʻz kuchi, bilim va salohiyatini namoyon etishi, sogʻlom oila tuzishlari va eʼtiqod masalalarida ham barcha sharoit yaratilgan. Zero, intellektual salohiyati yuqori, dunyoqarashi keng, mustaqil fikrlaydigan avlodni voyaga yetkazish va tarbiyalash davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridandir.
Barkamol avlod tarbiyasi sharq falsafiy tafakkuri taraqqiyotida yuksak ahamiyat kasb etgan. Maʼnaviy barkamol avlodni tarbiyalash masalasini paysalga solish yoki eʼtiborsiz boʻlish halokatli oqibatlarga olib kelishi haqida allomalarimiz tomonidan koʻplab fikrlar bildirilgan. Zero, maʼrifatparvar alloma Abdulla Avloniy “Tarbiya yo hayot yo mamot, yo halokat, yo saodat yo falokat masalasidur” deganida haq boʻlgan. Har bir shaxs oʻz xalqi tarixi, madaniyati, tili, dini va qadriyatlariga befarq boʻlmasligi, ularni chuqur oʻrganishi lozim. Zamon talabi shuni koʻrsatmoqdaki, rivojlangandavlatqurish uchun, avvalo, oʻsha davlat fuqarolarini, ayniqsa, yosh avlodini maʼnaviy jihatdan pok va kamolga yetgan etib tarbiyalash muhim ahamiyatga ega. Zero, biz oʻz xalqining tili, dini, urf-odat va anʼanalarini hamda shunga oʻxshash oʻlmas qadriyatlarini chuqur bilgan va oʻrgangan, oʻz qalbida ota-ona, oila, mahalla vajamiyatga nisbatan hurmat va ehtirom kabi ezgu tuygʻularini uygʻota oladigan shaxsnigina tom maʼnodagi maʼnaviy kamol topgan inson deyish mumkin.
Oʻrta asrlarda yashagan koʻpgina olimlar ilm-fanning turli sohalariga dunyoviy fanlar bilan birga diniy ilmlar rivojiga ham katta eʼtibor berganlar. Zotan, diniy fan olimlar jamiyat taraqqiyotida, insonlarni dunyoqarashining shakllanishida alohida rol oʻynaydi. Davrlar oʻtsa-da oʻz ahamiyatini saqlab kelayotgan asarlar yaratgan buyuk allomalardan biri mashhur muhaddis Abu Iso Muhammad Termiziydir. Abu Iso Muhammad Termiziyning yoshlik yillari Termiz shahrida oʻtib, dastlabki maʼlumotni ham shu shaharda olgan. Chunonchi, yozma manbalardan maʼlumki, oʻrta asrlarda Termiz ham Markaziy Osiyoning Urganch, Buxoro va Samarqand singari ilm-fan va madaniyati rivojlangan shaharlardan biri boʻlgan. Mana shunday madaniy muhitda oʻsgan Termiziy yoshligidan turli ilmlarni egallashga zoʻr qiziqish bilan intilgan. Bolaligidan oʻta ziyrakligi, yodlash qobiliyatining kuchliligi, noyob qobiliyati bilan oʻz tengqurlaridan ajralib turgan Termiziy diniy va dunyoviy fanlarni, ayniqsa, hadis ilmini alohida qiziqish bilan egallab, bu boradagi oʻz bilimlarini muttasil oshirish uchun koʻpgina Sharq mamlakatlarini ziyorat qilgan. Jumladan, u uzoq yillar Iroqda, Isfaxon, Xuroson, Makka va Madinada yashagan. Koʻp yillar davom etgan safarlari chogʻida Termiziy ilm- fanning turli sohalaridan ilm al-qiroat, ilm al-bayon, fiqh, tarix, ayniqsa, oʻzi yoshligidan qiziqqan hadis ilmidan oʻz davrining yirik olimlari mashhur Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Qutayba ibn Sayyid, Is’hoq ibn Muso, Mahmud ibn Gʻaylon va boshqa muhaddislaridan mashhur muhaddislarni koʻrsatish mumkin. Manbalarda yozilishicha, hadislarni toʻplashda va oʻrganishda ImomTermiziy har bir qulay fursatdan unumli foydalangan. U yoʻlda, safarda boʻlganda ham yoki bir joyda muqim turganda ham oʻz ustozlaridan, uchratgan roviylaridan eshitgan hadislarni darhol yozib olib, ularni tartibli ravishda alohida-alohida qayd qilib borgan.
Oʻz davrining yetuk muhaddis olimi sifatida tanilgan Termiziy koʻpdan koʻp shogirdlarga ustozlik qilgan.Musofirchilikdan qaytgan Termiziy oʻz yurtida yirik muhaddis olim sifatida shuhrat qozondi va ilmiy ish, shogirdlar tayyorlash bilan mashgʻul boʻldi. U 279/982-yilda Termizdan uzoq boʻlmagan. But qishlogʻida vafot etadi va shu yerda dafn qilinadi.
Oʻz ijodiy va ilmiy faoliyati davrida Imom Termiziy bir qancha asarlar yaratdiki, ularning aksariyat qismi bevosita hadislarga bagʻishlangan. Gap shundaki, VII asrning birinchi yarmida davr jihatdan qisqa muddatda yuzaga kelgan Qurʼoni karim islom taʼlimotida katta madaniy va tarixiy ahamiyatga ega asosiy manba boʻlsa-da, musulmon dunyosining ijtimoiy, huquqiy va axloqiy tomonlariga oid jamiki masalalarni har tomonlama toʻla-toʻkis qamrab ololmagan. Shu boisdan ham islom dini chegaralarining kengayishi, uning qonun-qoidalariga asoslangan jamiyat rivojlangan sari turli-tuman yangi gʻoyaviy fikr-mulohazalar va koʻrsatmalarga ehtiyoj tobora kuchaya borgan. Shu sababdan ham barcha jihatlardan namunali zot hisoblangan paygʻambar Muhammad alayhissalomning oʻzlari aytgan ibratomuz pand-nasihatlar, diniy, axloqiy masalalarga doir qarashlari, koʻrsatmalari hamda paygʻambar alayhissalom hayoti, faoliyati xususida qarindosh-urugʻlari, sahobalari, yaqin safdoshlari aytgan hikoyat va rivoyatlari hadislarni toʻplash keng koʻlamda avj olgan. Shunga koʻra, islom taʼlimotida hadislar Qurʼondan keyin turadigan muhim manbalar hisoblanadi. Islom ulamolari oʻrtasida ilk davrdan boshlab hadislarning toʻgʻriligi, ularni ishonchli manbalarga asoslanishiga katta eʼtibor berilgan. Chunonchi, oʻsha davrning oʻzidan boshlaboq noaniq,hatto soxta hadislar ham xalq orasida tarqay boshlagan. Shunday paytlarda ular qayta-qayta tekshirilib, muhaddislarning zahmatli mehnati natijasida asl holiga qaytarilib, yozma ravishda qayd qilingan. Natijada, islomshunos yirik ulamolar ishonchli manbalar asosida toʻplangan va tartibga keltirilgan oltita hadislar toʻplami (As-sihoh as-sitta) aʼzolari eng moʻtabar muhaddislar deb tan olingan. Mana shu eʼtirof etilgan mashhur muhaddislardan biri – Imam Termiziydir.Imom Termiziyning mashhur asarlaridan biri “Ash-Shamoil an-nabaviya” (“Paygʻambarning alohida fazilatlari”) boʻlib, baʼzi manbalarda “Ash-shamoil fa shamoil an-nabiy sallollohu alayhi vasallam” nomi bilan ham keltirilgan. Nomidan ham koʻrinib turibdiki, bu asar paygʻambar alayhissalomning shaxsiy hayotlari, u kishining surʼat va siyratlari, ajoyib fazilatlari, odatlariga oid 415hadisi sharifni oʻz ichiga qamragan manbadir. Bu oʻrinda shuni taʼkidlash kerakki, paygʻambar alayhissalomning fazilatlari, odatlari haqidagi hadislarni toʻplash bilan juda koʻp muhaddislar shugʻullanganlar va bu xildagi hadislar turli-tuman kitoblardan oʻrin olgan. Lekin Imom Termiziy asarining afzalligi shundaki, u hadislarni muntazam ravishda toʻplab, muayyan tartibga solgan va yaxlit bir kitob holiga keltirgan. Paygʻambarning hayotiga doir muhim manba sifatida “Ash-shamoil an-nabiviya” azaldan islomshunos olimlar, tadqiqotchilarning diqqatini oʻziga tortib keldi. Arab tilida yozilgan ushbu asarning tili ravon, uslubi gʻoyatda oddiyligini ham qayd qilib oʻtish oʻrinlidir. Asarning fors va turk tillariga tarjima qilinishi ham unga boʻlgan qiziqishning kattaligidan dalolat beradi.
Buyuk vatandoshimiz Abu Iso Muhammad Termiziy bizga boy va katta ilmiy meros qoldirgan Afsuski, hozircha bu qimmatbaho meros mamlakatimizda yetarlicha oʻrganilgani yoʻq. Keng jamoatchilik ommasi ham uning hayoti va ijodi haqida gʻoyatda oz maʼlumotga ega. Shu boisdan, ularning ilmiy merosini oʻrganish, bugungi hayotimizga tadbiq etish hamda keyingi yosh avlodga yetqazish dolzarb masalalardan biridir. Bu sohada olib borilayotgan muhim islohotlar jarayonida muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari eʼtirofga molikdir. Xususan, “Imom Termiziyning 1200-yilligi” munosib ravishda tashkillashtirish qolaversa, xalqaro miqqiyosida oʻtqazish toʻgʻrisidagi qarori bunga yaqqol misol boʻladi. Yurtboshimizning bu qarori asosida Imom Termiziy hamda termiziy allomalarning hayoti, ilmiy-ijodiy merosiga doir asarlar, nodir qoʻlyozmalar va kitoblar koʻrgazmasini tashkil etish, hujjatli filmlar ishlash singari bir qator tadbirlar buyuk ajdodlarimizni yurtimizga hamda butun olamga yana bir bor eslatishga, tanitishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, Abu Iso Muhammad Termiziyning “Sunani Termiziy” asari ham islom olamida yuksak qadrlanadi. Allomaning asrlar davomida olim-u fuzalolarga dastur boʻlib kelgan insof va adolat, insonparvarlikni targʻib etuvchi gʻoyalari hozirgi murakkab davrimizning koʻplab axloqiy-maʼnaviy masalalarini hal etishda ham muhim ahamiyat kasb etishi bilan eʼtiborga molikdir. Yurtimizda olib borilayotgan bu ishlar yoshlarni maʼnan boy va dunyoqarashini kengaytirishi, vijdon erkinligi va islom dinini tub mohiyatini tushunishga, ezgulikka chorlashi bilan birga, ularni har qanday vayronkor gʻoyalarga qarshi kurashishlari va turli oqimlarga kirib qolishlarini oldini olishga yordam beradi. Mamlakatimiz fuqarolari, ayniqsa, yoshlarimizni turli diniy oqimlarga kirib ketishlarini oldini olish uchun ularni sof islomiy bilimlardan, buyuk vatandosh muhaddislar ilmidan xabardor boʻlishlari davr talabidir.Albatta, xalqimizning mana shunday boy tarixiy, ilmiy va maʼnaviy merosini har tomonlama oʻrganish, jahon ommasiga keng tanishtirish, eng muhimi, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish asosiy maqsad qilib olingan.
Muxlisa Ergashova,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ARM boʻlimi ilmiy xodimi