Qovun yoz mahali pishishini bilsam-da, tilimi tilni yorar, dovrug‘i yetti iqlimga bobomiz Bobur tufayli tarqalgan qovunlarni yeyishni xush ko‘rib, har yili bahordanoq bozor rastalaridan qovun qidiraman. Ayni ilik uzuldi payti bo‘lgani uchunmi, qovun tarkibida tan-sihatlikni siylaydigan muhim vitaminlarini ko‘ngil tusaganidanmi, mavsumidan ertachiroq qovun yegisi kelaveradi kishining. Biroq mirishkor dehqonlar yozga ham qarab o‘tirmasdan qovunni quyosh tig‘ida, tuproqning qaynoq taftida bahordanoq yetishtirib, sotuvga chiqarishayotgani ayni muddao bo‘ldi.
Qolaversa, xalq tabobatida qadimdan qovun turli kasalliklarni davolashda keng qo‘llanib kelinadi. O‘z davrida Ibn Sino ham bemorlarni davolashda qovundan ko‘p foydalangan. Olim qovun etini bod, o‘pka sili, podagra kasalliklarini davolashda tavsiya etgan. Qovun qabziyat hollarda va bavosil kasalligida surgi hamda yo‘tal va yallig‘lanishga qarshi, organizmdan gijjalarni tushiruvchi vosita sifatida qo‘llaniladi. Qovunning yumshoq eti va sharbati chanqoqni yaxshi qondiradi va asabni tinchlantiradi.
Bundan tashqari, qovun tarkibida mavjud bo‘lgan yuqori miqdordagi karotinoidlar saraton kasalligi rivojlanishining oldini olish va to‘xtatishga yordam berishi esa ushbu mahsulotning haqiqatan ham foydali ekanligini isbotlab turganday.
Tuproq bilan tillashib, dehqonchilik bilan sirlashib, yerdan mo‘l hosil olish asli vohaliklarning ota-bobolaridan qolgan ham kasb, ham an’ana, desak adashmagan bo‘lamiz. Ammo vohaliklardan qolishmayman, men ham dehqonchilikda o‘zimni sinab ko‘rib, Surxonning unumdor tuprog‘idan totimli qovun yetishtiraman, deya belni mahkam bog‘lagan asli afg‘onistonlik G‘ulomali Samadiy 2017-yildan buyon Angor tumanidagi Yuqori Tallimaron mahallasida 38 gektar yerda bog‘dorchilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Ahamiyatlisi, tuproqni oltinga aylantirib, undan mo‘l hosil olayotgan xorijlik investor tomonidan tashkil etilgan “Qodir shahb” MCHJ dalalariga erta bahorda ekilgan “Dakara” navli qovunning ilk hosili may oyining dastlabki o‘n kunligida pishib yetildi. Vaholanki, Rossiya va Erondan endigina pishib ulgurgan qovunlarga allaqachon xaridor ham tayyor.
O‘tgan yili 4 gektar yerga qovun ekib, jahon bozoriga sara qovunlarni yetkazib bergan ishbilarmon dehqon bu yil 9 gektar yerga qovun, 7 gektariga esa tarvuz, 4 gektarga ko‘k makka, 2 gektar pomidor kabi bozorgir qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ekib, yetishtirayotir.
Vohaning o‘ziga xos iqlimi, dehqonchilik sir-u asrorlari bilan bir qatorda o‘zbek tilini ham astoydil o‘rganib olgan ishbilarmon G‘ulomali Samadiyning aytishiga qaraganda, ko‘plarning qovuniga qurt tushib, yeyishga va sotuvga yaroqsiz bo‘lib qolsa ham ularning yetishtirayotgan mahsulotlari har jihatdan sifatli va zararsiz o‘smoqda. Sababki, agronomlar bilan maslahatlashib, agrtexnik tadbirlarini o‘z vaqtida amalga oshirib, turli xil zararkunanda va kasalliklarga qarshi dori-darmonlarni vaqtida berish ijobiy samara berayotir.
Bu yil birgina qovunning o‘zidan mo‘l hosil cho‘tlanib, eksportga 60 tonna qovun chiqarilishi ko‘zlanayotir. Mahalliy bozorga ham qovun va boshqa turdagi mahsulotlar yetkazib berish, shuningdek, aholi dasturxonini mazali va to‘yimli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash borasida anchagina tajribaga ega xorijlik mirishkorga tasanno demasdan iloji yo‘q, nazarimda. Sababki, tomorqadan yuqori daromad olishning uddasidan chiqa olmay yoinki xorijning “noni”ni shirin ko‘rib chetga chiqib ketayotgan ayrim vohaliklarga asli G‘ulomali Samadiy bir o‘rnak, namuna ko‘rsatayotgan bo‘lsa ajab emas.
Ayni kunlarda pishib yetilgan qovunlarni aholi iste’moli uchun mahalliy bozorlarga chiqarish hamda xorijiy davlatlarga eksport qilish ishlari boshlab yuborilgan.
Adolat MO‘MINOVA