Madaniyat, sivilizatsiya, moda va dizayn, kiyinish bobida biz jahonga intilayotgan bir paytda jahon bizga intilayotir. Sharqona libos-u qadimiy qadriyatlarimiz, urf-odat-u an’analarimiz, milliyligimiz ko‘pam o‘zimiznikilarni qiziqtira olmayotgan bir vaqtda dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan tortib xalqaro tashkilotlargacha milliy mentalitetimiz, sharqona turmush tarzimiz, hunarmandchiligimizga katta qiziqish bilan qarayotganini birgina qadim qadriyatlar bo‘y ko‘rsatadigan “Boysun bahori”ga nisbatan dunyo xalqlarining qiziqishi misolida ko‘rishimiz mumkin. “Boysun bahori”ga ko‘rk bag‘ishlaydigan va uning dovrug‘ini yuksaklarga ko‘taradigani ham aynan voha hunarmandchiligidir.
Hunarmandlarimiz tomonidan tayyorlanayotgan quroqlar-u so‘zana, gilamlar deysizmi, do‘ppi-yu yaktaklar, munchoqlardan tortib jiyaklargacha, kashtachilik, beqasam to‘nlarning o‘ziga xosligini atlas-u adraslarni egniga boshqacha bir ehtirom bilan kiyib olib, do‘ppilarni boshiga qo‘ndirib, o‘zbek millatining milliy qadiyatlarini tan olib va tan berayotgan xorijliklarning diqqat markazida bugun O‘zbekiston, ayniqsa, Surxon vohasi, desak adashmagan bo‘lamiz.
Xalqaro YUNESKO tashkiloti tomonidan vohaning madaniy-ma’rifiy qiyofasini aks ettirish, milliy qadriyatlarni keng targ‘ib etish, shuningdek, hunarmandchilikning qadimiy turlarini saqlab qolgan holda uni kelajak avlodga yetkazish, qolaversa, milliylikni zamonaviylik bilan uyg‘unlashtirgan holda dunyoga ko‘z-ko‘z etish maqsadida amalga oshirib kelayotgan qator loyihalari ham milliyligimizni, o‘zligimizni anglashga, millatimiz va mentalitetimiz bilan qaddimizni g‘oz tutishga undayotgani ham ayni haqiqat.
Joriy yilning 12-21-may kunlari Termiz shahrida viloyat Hunarmandlar markazida YUNESKOning Surxondaryoda an’anaviy hunarmandchilik, dizayn va tadbirkorlik ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan treningni tashkil qilinishida ham ayni maqsad mushtarak. Treningdan ko‘zlangan maqsad nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish salohiyatini kuchaytirish, shu bilan birga, madaniy va ijodiy sohalarni rivojlantirishga ko‘maklashishga yo‘naltirishdan iborat.
Ahamiyatli tomoni shundaki, mazkur tadbir YUNESKO va O‘zbekiston hukumati tomonidan O‘zbekiston “Hunarmand” hunarmandlar va an’anaviy rassomlar uyushmasi hamkorligida hamda viloyat hokimlari ko‘magida tashkil etildi.
Treninglar viloyatimizning turli hududlaridan hunarmandchilik yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan va shu sohada o‘z o‘rniga ega bo‘lib, soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan 45 nafar hunarmandlar ishtirok etishdi. Hunarmandlar uchun kelib-ketish, yotoq joy, uch mahal ovqat bilan ta’minlash, shuningdek, mashg‘ulotlar jarayonida zarur bo‘ladigan xom ashyo, buyumlarning barchasi YUNESKOning moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotir. Ishtirokchilar orasida imkoniyati cheklangan hunarmnadlar ham borligi kishini quvontiradi. Chunki ular ham ish o‘rganib, faoliyatini kengaytirib, daromadini oshirish va hayotda o‘z o‘rnini topishga astoydil harakat qilishayotirki, bunda bevosita egallagan hunari ularga muvaffaqiyat olib kelishi shubhasiz.
– Hunarmandchilik kishini tarbiyalaydi, uni sabr-toqatli bo‘lishga o‘rgatadi, desam ishonasizmi? Men bunga aminmanki, kashta tikib, do‘ppi tayyorlagan, qadimiy buyumlar yasayotgan kishining xayolida yomonlik va betoqatlik bo‘lmaydi. Hunarmand ham misli ojodkor ijod olamiga sho‘ng‘idimi, tamom, yaratayotgan ijod mahsulidan o‘zga narsa uni band eta olmaydi, – deydi boysunlik hunarmand Feruza Xoliqova. – Bu esa kishini qanoatli va ijodkor bo‘lishga, o‘zgalar ishi va turmushiga razm solib, ularning xatti-harakatlaridan kir qidirishga imkon bermaydi. Qolaversa, ota bobolarimizdan qolgan merosga hurmat va muhabbat ruhida tarbiyalash vositasi ham shubhasiz hunarmandchiik deb bilaman, ota-bobolarimizdan qolgan madaniy merosni asrab-avaylash, yo‘qolib ketmasligi, aksincha yanada sayqal topib rivojlanishi uchun o‘zimni hunarmandchilikka bag‘ishlab, umrimning mazmuniga aylantirganman, desam xato bo‘lmaydi. 25 yildan beri hunarmandchilik bilan shug‘ullanib kelaman. Shu darajada sohaga qiziqqanim uchun uyimda hunarmandchilik uy muzeyini ham tashkil etganman. Ushbu seminarda men kashtachilikning bigiz yo‘nalishini ustozlardan mukammal o‘rganib olish maqsadida kelganman. Bunda biz iplarni tabiiy bo‘yash, bigiz yordamida choklarni toza tikish, dizaynini yaratish, ranglar uyg‘unligi va uni qadimiy usf-odatlar bilan mushtarak etgan holda chinakam asarlar yaratish ustida ish olib borayotirmiz.
Trening mashg‘ulotlari o‘zbekistonlik taniqli ekspertlar, ustalar va dizaynerlar tomonidan olib borilmoqdaki, markazga tashrif buyurganimiz hamono pashsha uchsa bilingudek edi. Qariyb ellikka yaqin hunarmand faoliyat olib borayotgan treninglar tinch va kishiga orom bag‘ishlaydigan bir mo‘jazgina muhit hosil qilganki, hammz o‘z ishi bilan ovora. Yaratayotgan san’at asariga berilib, yonidagi sherigi nima bilan bandligini ham untgandek go‘yo. Har bir ishtirokchi o‘zga bir olamda ijod qilayotgandek, onidagi hunarmanddan intervyu olayotganimizda boshqasi, bizni payqamaydi ham. Men esa san’atga, ayniqsa, hunarmandchilikka qiziqqanim uchun ham har bir ishtirokchining ishini kuzataman, sekin savolga tutaman. Hunarmandlar ishini kuzata turib, har bir insonning o‘zi istagan va hech bo‘lmaganda bo‘sh vaqtida, dunyo tashvishlaridan chalg‘ish va ajib olamga sayohat qilish, aynisa, milliy qadriyatlarimizga muhabbat ruhida tarbiya topish uchun ham birgina bo‘lsa ham hunari bo‘lishi kerak ekan, deya o‘zimcha xulosa chiqaraman.
Bu mashg‘ulotlarda asosiy e’tibor an’anaviy kashtachilik, etnodizayn va jiyak to‘qishga qaratilgan. Trening madaniyat va hunarmandchilik sohasida tadbirkorlik va biznes ko‘nikmalarini rivojlantirish va kelgusida treningda o‘zlarining hunari va qo‘l mehnati ila mutaxassislarning bergan saboqlarini mukammal o‘zlashtirgan hamda kelgusida hamkorlikda faoliyat yuritib, shu yonalishdagi YUNESKO tomonidan loyihalarda faol ishtirok etib, ishini davom ettirishni ko‘zlagan ishtirokchilar uchun juda keng imkoniyatlar ehsigini oshadi. Sababki, ushbu treninglarda qatnashib sertifikatga ega bo‘lgan hunarmandlar uchun xalqaro miqyosidagi ishbilarmonlardan buyurtmalar olib berilib, kasanachilik asodia ularni ish bilan ta’minlash choralari ham ko‘rilishi belgilangan.
Ushbu tashabbusdan ko‘zlangan maqsad mahalliy hamjamiyatlarning, jumladan, ayollar va yoshlarning an’anaviy madaniyat va biznesni rivojlantirish sohasida barqaror daromad olish va ish o‘rinlarini yaratish orqali ularning turmush darajasini oshirishdan iborat.
– Bugun vohamiz hunarmandchiligi kundan kun rivojlanib borayotgani evaziga xalqaro tashkilotarning ham ushbu sohani yanada rivojlantirishga e’tibori ortib borayotir, – deydi viloyat “Hunarmand” uyushmasi rahbari Muhayyo Jo‘rayeva. – YUNESKO tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu trening vohamiz hunarmandlari uchun kata imkoniyat bo‘ldi. Chunki ko‘pchilik hunarmandlarimiz allaqachon o‘z uslubi, ishlab chiqarayotgan mahsulotlarini sotish uchun xaridoriga ega. Bu trening davomida taniqli dizayner va mutaxassislar tomonidan jiyak, dizayn, kashtachilikning bigiz yo‘nalishida puxta bilim olib, faoliyatini yanada kengaytirishi mumkin.
Treninglar O‘zbekistonning, xususan, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarining nomoddiy madaniy merosini asrab-avaylash va targ‘ib qilish, ijodkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Ushbu tashabbus, shuningdek, moddiy va nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish salohiyatini kuchaytirish, Ipak yo‘lidagi umumiy madaniy meros haqida xabardorlikni oshirish va shu jumladan, barqaror merosga asoslangan turizmni rivojlantirishga qaratilgan.
Treninglar YUNESKOning Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan “Markaziy Osiyodagi Ipak yo‘li merosi yo‘laklari – Yevropa madaniy meros yilining xalqaro o‘lchovi” loyihasi doirasida tashkil etilmoqda.
Adolat MO‘MINOVA