Ta’limni “jonlantirish” uchun “lallaygan” va “shalpaygan”lardan tozalash kerak!

Date:

Maktabni, qo‘limga ilk bor qalam tutqazib, yozishni, chizishni, o‘qishni o‘rgatgan o‘qituvchilar, shu jumladan, ta’lim maskanlarida yosh avlodga dars berayotgan pedagoglarni eslaganimda, eng avvalo, O‘zbekiston xalq shoiri Quddus Muhammadiyning “O‘quvchiga esdalik” she’ridagi bir jumla xayolimda gir aylanadi: “Anqayma, lallayma, to‘g‘ri o‘tir, shalpayma”.
Nazarimda, bu jumla men tengdosh ko‘pchilikka tanish bo‘lsa kerak. Chunki sinfda dars jarayonida buni ko‘plab marotaba ikkichi, o‘zlashtirishi past, o‘ziga ishonchi yetarli bo‘lmagan, biroz dangasa bolalarga nisbatan bot-bot takrorlashgani hali-hanuz esimda. Biroq oradan yillar o‘tib, xuddi shu jumlani boshqa bir vaziyatda, boshqa bir joyda, o‘quvchiga emas, aynan o‘quvchilariga shu gapni tez-tez aytib dakki beradigan ayrim o‘qituvchilarga nisbatan ishlatgim keldi. Vaholanki, bunday deyishga asoslarim ham bor, albatta…
Termiz shahridagi 26-umumta’lim maktabidamiz. Sabab, muassasada viloyatimizda mavjud umumta’lim maskanlarida faoliyat olib borayotgan pedagoglarning bilim va tajribasi, mahorati “chig‘iriq”dan o‘tkazilayotir. Ya’ni kimdir orziqib kutadigan, bilimi evaziga malaka toifasini bir pog‘ona yuqorilatib, oylik maoshining ham “cho‘g‘i”ni oshirib oladigan, biroq ba’zi o‘z ustida ishlamaydigan, bilim darajasi yuqori bo‘lmagan, amal-taqal qilib 45 daqiqani bolalarga “ertak” aytib o‘tkazishga odatlangan o‘qituvchilarning “dushmani” sifatida qaraydigani attestatsiya jarayonlari o‘tkazilayotir.
O‘z navbatida, ushbu sinov imtihonlari viloyatimiz ta’lim tizimi va kelajak avlodning taqdiri kimlarning qo‘lida ekanligini, xuddi g‘alvir suvdan ko‘tarilganda hamma narsa oshkor bo‘lib qolgani kabi, vaziyatni oydinlashtirib qo‘yishi aniq. Chunki bu yilgi imtihonlar har galgisidan ham boshqacha, ya’ni korrupsiyaning hech bir ko‘rinishisiz, shaffof va kameralar nazoratida, qat’iy tartib-intizomga asoslangan holatda o‘tkazilmoqda. Buni biz o‘qituvchilarning test jarayonida har biri o‘tirgan stol va ular test bajarayotgan kompyuterlarga o‘rnatilgan maxsus kamera, hattoki test topshiruvchining boshini u yoqdan bu yoqqa bura olmay, kerak bo‘lsa, og‘zini ham qimirlatishga botina olmayotganidan ham ko‘rishimiz mumkin.
Attestatsiya jarayonining jon-joyidan turib maqola tayyorlashni maqsad qilganim uchun ham muassasada hozir-u nozir bo‘ldim.
Avvaliga o‘qituvchilarning xatti-harakati, bir-biriga gap qotishlarini bir chetda turib kuzatgan bo‘ldim. O‘ziga ishonch bilan, qaddini g‘oz kerib turganlar qatorida testni bazo‘r yechib, atigi 20-30 ball olib chiqayotgan, bir emas, ikki-uch bora sinovga kelib oxirgi umidini ham puchga chiqarib qaytayotgan o‘qituvchining gap-so‘zlari qulog‘imga chalinadi. “Men oldin ikki bor imtihonga kelganimda “qulay” vaziyat bo‘lgan edi, biroq pulim yo‘qligi uchun, “yo‘lini” qilolmagandim, mana bugun uchinchi marotaba imtihondan ham arzimagan ball bilan o‘tolmay, necha yillik stajim bilan ham mutaxassisligimcha qoldim, ikkinchi toifani ham ololmay o‘tiribman, biroq bugun qo‘limda 600 AQSH dollarim tayyor shuni oladigan “qo‘l” yo‘q”, deya yonidagi sherigiga yig‘lagannamo gapirayotir. Ming afsuski, imtihonga kelganlar orasida bu kabi bali pastlar talaygina edi. Chunki ularning ko‘pchiligi tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib, yelka qisib “o‘tolmadim” deya qaddini egibgina darvozadan chiqishmoqda.
Rosti, avvaliga ularning ahvoliga achindim. Ro‘zg‘origa baraka kiritayotgan, daromad manbai bo‘lib xizmat qiladigan o‘qituvchilik kasbi endi so‘roq ostida qoladi. Bir emas, ikki-uch marotaba imtihondan yiqilgan o‘qituvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish vakolati, ayni haqiqatki, maktab direktorida bor. Bu qonun jihatidan ham mustahkamlab qo‘yilgan. Ammo masalaning yana boshqa, bo‘lganda ham jiddiy tomoni bor, yosh avlodning sifatli bilim olishi, ta’limni rivojlantirish, kelajakka mustahkam poydevor qo‘yish.

O‘z ustida ishlamaydigan, o‘zi dars o‘tadigan fanini-da yaxshi o‘zlashtira olmayotgan, yangilik va islohotlardan bebahra kadrlarga kelajakni, yoshlarning ta’lim-tarbiyasini ishonib bo‘lmaydi-da. Shunda attestatsiyadan “arang” chiqib kelayotgan o‘qituvchilarga qarata shoirimiz aytganiday: “Anqayma, lallayma, to‘g‘ri o‘tir, shalpayma” degim keldi.
Ammo imtihon topshirayotganlar orasida hali endigina dars berishni boshlagan, yoinki hali bitta toifa olmasidan muddatidan oldin ham navbatdagi toifani olishga da’vogarlik qilayotgan shijoatli va bilimli o‘qituvchilar ham bor. Buni attestatsiya jarayonida ikkinchi toifaga da’vogarlik qilib kelgan, ammo oliy toifaning balini olib qaytayotgan o‘qituvchilar misolida ham ko‘rishimiz mumkin.
— Men 13 yildan buyon boshlang‘ich sinflarga dars berib kelaman, bir yarim yil ichida ikkinchi, birinchi va oliy toifani olishga muvaffaq bo‘ldim, — deydi Termiz shahridagi 11-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Muqaddas Poyanova. — Ilgari o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lganim uchun attestatsiyadan o‘tishga ruxsat berishmagandi, maxsus sirtqi yo‘nalishda o‘qibgina ushbu imtihonlarda ishtirok etib, malaka toifamni oshirdim. Bugungi imtihonda 82 ball bilan oliy toifani oldim. Testlar bilgan odamga qiyin emas, qolaversa, pedagogik mahorat va pedagogik vaziyatlar bo‘yicha tushgan savollarni har bir o‘qituvchi bilishi kerak bo‘lgan va mantiqan yondashib to‘g‘ri javobni topsa bo‘ladigan savollar deya olaman. Attestatsiya adolatli va shaffof o‘tayotganiga hech bir shubham yo‘q. Agar kimdir yomon ball olgan bo‘lsa, testlarning murakkabligidan emas, o‘ylaymanki, o‘z ustida ishlamagani, bilimi va pedagogik mahorati yetishmaganidan olishyapti. Bugun zamon o‘zgardi, o‘qituvchiga keng imkoniyat berish barobarida undan yuqori bilim-salohiyatli bo‘lishni, zamon bilan bo‘ylashishni talab qilmoqda. Shunday ekan, bunday imtihonlar pedagogni pishitishi va o‘z ustida ishlashga undashi turgan gap.
Attestatsiya jarayonlari haqida batafsil ma’lumot olish maqsadida mutasaddilarga ham yuzlandik.
— Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, joriy yilning aprel-may oylarida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalarining pedagoglari malaka test sinovlaridan o‘tkazilishi belgilangan edi, — deydi viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi O‘quvchi va pedagoglarning bilimi hamda ko‘nikmalarini baholash, ta’lim tashkilotlarini akkreditatsiyalashni tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Ixtiyor Temirov. — 2024-yil 1-yanvardan boshlab tizim o‘qituvchilariga toifa berish jarayoni bevosita Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan amalga oshirib kelinmoqda. Bunda pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish uchun vazirlik tomonidan yangi tizim yaratildi hamda malaka toifasini berish amaliyoti takomillashtirilib, inson omilisiz o‘tkaziladigan yangi tizim joriy qilindi. 2023-yil 5-7-dekabr kunlari o‘qituvchilar bilim darajasi past bo‘lgan 20 ta tuman (shahar)da faoliyat olib borayotgan pedagoglar ishtirokida malaka toifalari berishning mazkur yangi tizimi tajriba-sinovdan o‘tkazildi. Unda 4 123 nafar pedagog ishtirok etdi.

Joriy yilning aprel-may oylarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan sinov jarayonlari viloyatimizda ham joriy yilning 15-aprel kuni boshlandi hamda may oyining yakuniga qadar davom etishi belgilangan. Amaliyotga joriy etilgan yangi tizim asosida malaka toifasini olish sinovlari ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqichda – pedagogning mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasi baholanadi. Bunda pedagoglarga mutaxassislik fani bo‘yicha 35 ta hamda kasbiy standartlariga oid 5 ta test savollari beriladi. Ikkinchi bosqichda – pedagogik mahorati baholanadi. Bunda pedagogik mahoratni aniqlash maqsadida o‘nta savol-topshiriq beriladi. Har ikkala bosqich ham kompyuterda real vaqt rejimida (onlayn) o‘tkaziladi. Buning natijasida tashqi aralashuvning oldi olindi.
Sinov materiallari soha mutaxassislari, olimlar va amaliyotchi pedagoglarni jalb qilgan holda testologik me’yorlar asosida ishlab chiqildi. Belgilangan mezonlar asosida 42 ta fandan uchta tilda (o‘zbek, rus, qoraqalpoq) 30 mingga yaqin nazorat sinov materiallari tayyorlandi.
Bugungi kunda attestatsiyada ishtirok etish uchun 243 ming nafardan ortiq pedagog onlayn ariza topshirgan bo‘lib, ularning 202 ming nafaridan ortig‘i attestatsiyada ishtirok etishi kutilmoqda. Attestatsiya natijalari QR-kod qo‘yilgan elektron shakldagi sertifikat bilan pedagoglarning shaxsiy kabinetlariga yuboriladi.
Attestatsiya natijasiga ko‘ra, pedagog kadrlarning oylik ish haqlariga kiritiladigan o‘zgarishlar avtomatik tarzda hisoblab chiqarilishi uchun UzASBO yoki boshqa moliyaviy hisob-kitob dasturlariga yuboriladi.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda umumta’lim maktablarida jami 525 737 nafar pedagog faoliyat yuritmoqda. Ularning 53 914 nafari oliy, 101 751 nafari birinchi, 126 759 nafari ikkinchi malaka toifali, 177 122 nafari mutaxassis lavozimiga ega, 66 191 nafari esa o‘rta-maxsus ma’lumotli.
Oxirgi besh yilda malaka toifalari dinamikasida yuqori toifali o‘qituvchilar soni ortib, quyi toifali o‘qituvchilar soni kamayib bormoqda. Misol uchun, 2020-yilda 5,8 ming nafar, 2021-yilda 10,5 ming nafar, 2022-yilda esa 33,9 ming nafar pedagog oliy malaka toifasiga ega bo‘lgan.
Xulosa o‘rnida aytish lozimki, ta’lim sifatini oshirishda o‘z ustida tinimsiz ishlaydigan, bilimi va tajribasi yuqori bo‘lgan o‘qituvchilarning o‘rni beqiyos. Yangi attestatsiya tizimi aynan ana shunday malakali o‘qituvchilar sonining ortishi va buning natijasi o‘laroq, mamlakatimizda ta’lim sifatining yanada oshishiga xizmat qiladi. Yana bir narsani alohida ta’kidlash joizki, lallaygan va shalpaygan o‘qituvchilarga ishonch bildirib bo‘lmaydi. Nazarimda, ana shunday ustoz-murabbiylarni kimdir ishdan bo‘shatishini kutishi emas, o‘zlari vijdonan, egallab turgan o‘rnini bilimi va shijoati bor, aqli butun kadrlarga bo‘shatib berishi va o‘ziga mos ish qilishi kerak. Ana shundagina ta’lim “jonlanadi”.

Adolat MO‘MINOVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Tizimda yangi choralar belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz...

Mahalla muammolardan holi hududga aylanadimi?

“Huquqiy mahalla” loyihasi doirasida viloyatning shahar va tumanlaridagi mahallalari...

MAROSIMLAR MAROMIGA YETDI

Soya-salqinda, yam-yashil maysazor ustida sochlarini qirq kokil qilib, do‘ppi...

SHIRIN TASHVISHLARGA BOSHLAYDI, LAPAR

Navro‘z milliy urf-odatlarimiz, an’analarimiz tarannum etiladigan ayyomdir. Onamizning shirali...
KunTun
KunTun