“Boysun bahori”: e’tibor, e’tirof, iftixor…

Date:

Alpomishni o‘qiganlar, umuman xalq og‘zaki ijodimizdan xabardorlar yaxshi biladi, azaldan xalqimizda o‘zbekning yaxshi kunlari, to‘y-u tomoshalari uch kecha-yu uch kunduz, yetti yoki qirq kun davom etgani, el-u xalq o‘yin-kulgi, xursandchilik qilgani haqida hikoya qilinadi. Shundanmi, bu raqamlarda bir xislat bordek. Boysun elida ham “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalining yetti kecha-yu yetti kunduz davom etgani urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz qadr topib, butun dunyoga ovoza bo‘lishida ayni muddao bo‘ldi, o‘zbekona udumlarimizning mantiqiy davomi yanglig‘ taassurot qoldirdi. Ha, “Boysun bahori”da milliy o‘zligimiz, san’atimiz namoyish etildi. An’analarimiz, qadriyatlarimiz tarannumi dunyoning 40 dan ortiq davlatidan tashrif buyurgan sayyohlar, folklorshunoslar, san’at va madaniyat vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari e’tiboriga havola etildi, boy taassurotlar olishlari uchun Surxon ahli xizmatda, harakatda bo‘ldi.


Albatta, xalqi, ayniqsa, yoshlari milliy qadriyat-u san’atiga katta qiziqish bildirib, faollik, tashabbus ko‘rsatayotganini ko‘rish xorijlik mehmonlar e’tiborini tortmay, qiziqishlarini uyg‘otmay qolmadi. Kechagi kunini unutmagan holda ertangi kunga dadil qadam tashlayotgan yoshlarimiz hurmatga, g‘urur va iftixorga sazovordirlar. Buni nafis folklor san’atimiz va milliy xalq o‘yinlarimizning yanada sayqal topib, bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganligini milliy hunarmandchilik ko‘rgazmalari-yu qo‘rg‘onlarimizdagi betakror bezaklardan sezish qiyin emas. Asosiysi, mehmonlar ochiq osmon ostidagi muzeyning go‘zal tabiatidan, musaffo havosidan bahra olishdi, sayohat qilib ko‘ngil yozishdi. Tarixiy obidalarimiz bilan tanishishdi. San’atimiz, milliy hunarmandchiligimiz, xalq o‘yinlarimizdan bahramand bo‘lishdi, zavq-shavqqa to‘lishdi, havas va hayratlarini yashira olishmadi.


Festival doirasida turizm majmuasida yetti kun mobaynida o‘tkazilgan milliy hunarmandchilik, milliy taomlar ko‘rgazmalari, havo sharlari namoyishi, vohaning tuman va shahar qo‘rg‘onlarida folklor jamoalari namoyish etgan musiqiy dasturlar nafaqat katta sinov maydoni, balki olam-olam taassurotlar olish manbai ham bo‘ldi. “Boysun bahori” festivalining folklor san’ati yo‘nalishi bo‘yicha “Boysun” folklor-etnografik jamoasi 1-o‘ringa munosib ko‘rildi. Buxoroning “Jondor” hamda Samarqandning “Chavqi” folklor etnografik jamoalari 2-o‘rinni qo‘lga kiritishdi.
— Festivalga oldin ham kelganman, — deydi buyuk britaniyalik sozanda Fariborz Kiannejad. — Ochig‘i, bunday manzarani uchratmagandim. Hayratdaman. Ikki yilda shuncha o‘zgarish. Aqlga sig‘maydigan hodisa. Mo‘jiza yuz bergandek, men juda xursandman. Ayniqsa, sahnada ajoyib sozandalar bilan kuy ijro etish men uchun yaxshigina tajriba bo‘ldi. “Boysun bahori”ning qamrovi ortib bormoqda. Festival ham, undagi chiqishlar, namoyishlar, kuy-qo‘shiq va raqslar ham noyob. Jahonda bunday festivallar juda kam va bitta tilagim mana shu qadriyatlar tarannum etilayotgan xalqaro festival juda uzoq yashasin.
Milliy xalq o‘yinlari va tomosha san’ati yo‘nalishida ham g‘oliblar aniqlandi. Toshkent viloyatining “Ko‘zmunchoq” jamoasining chiqishlari tomoshabinlar e’tibori va e’tirofiga sazovor bo‘ldi va 1-o‘ringa munosib topildi.


“Boysun bahori” festivali, albatta, milliy kurash o‘yinlarisiz o‘tmasligi aniq. Surxondaryoga, Boysun kengliklariga kelganlar milliy kurashimizni, polvonlarimizning mardi maydon bo‘lishlarini ko‘rmasdan ketishlari mumkin emas. Bo‘lib o‘tgan milliy kurash musobaqalari esa yuragida o‘ti, bilagida kuchi bor alp yigit-qizlarni maydonga chorladi. , “ONIX” kimga nasib etar ekan degan ishtiyoq ila kurashni kuzatganlar hayqirig‘-u hayajonini yashira olishmadi.
Qizg‘in bahslarda erkaklar o‘rtasida 66 va 81 kilogramm, ayollar hamda yoshlar o‘rtasida 65 kilogramm vazn toifalaridagi polvonlar bahslari o‘tkazilib, g‘oliblar aniqlangan bo‘lsa, mutlaq vazn toifasida sho‘rchilik polvon Bekmurod Oltiboyevga “Onix” mashinasi nasib qildi.

Yetti kun davom etgan festivalning har bir kuni unutilmas, taassurotlarga boy bo‘ldi. Milliy qadriyatlarimizning bir bo‘lagi sanalmish uloq-ko‘pkari musobaqasi ham tashkil etildi. Dashtig‘oz qishlog‘i hududidagi adirlikda bo‘lib o‘tgan bellashuv shiddatli kechdi. Yurtimizning eng chapdast chavandozlari zot ayirish uchun maydonga tushdilar. O‘yinni tajribali bakovullar kuzatib bordi. Eng qadimiy va qiziqarli sport o‘yinlarimizdan biri bo‘lgan uloq-ko‘pkari musobaqasiga sovrin sifatida qo‘yilgan nor tuyalarni surxondaryolik chavandozlar, jumladan, sho‘rchilik Odil chavandoz, bandixonlik Jumanazar chavandoz, termizlik Behzod chavandoz, qumqo‘rg‘onlik Husniddin chavandozlar qo‘lga kiritdi. Shuningdek, chaqqon va epchil 22 nafar chavandoz ot, ho‘kiz, qo‘y, sarka, televizor kabi zotlarga egalik qildi.


Festival doirasidagi tadbirlar nihoya topar ekan, muddat ko‘z ochib yumgunchalik fursat singari taassurot qoldirdi. Hali nashidasidan qonib ulgurmay, yangi visol va’dasi bilan festival yakuni e’lon qilindi. Endi kelgusi “Boysun bahori” xalqaro folklor festivaliga qadar ajib xotiralar hamrohingiz bo‘ladi, xolos.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

MIB xodimi jahon chempionatida…

Inson qaysi sohada faoliyat yuritmasin, qiziqishlari uni tark etmaydi....

Murosasiz bahslarda…

Maydonga tushadigan har bir sportchi raqibini yengib, g‘olib bo‘lishni...

Ilk bor urib turgan yurak ko‘chirildi

Italiyaning Paduya shahrida dunyoda birinchi marta urib turgan yurak...

“IIB bog‘i” tashkil etildi

Atrofimiz yashillikka burkansa, buning insoniyatga, ekologiya va tabatga ta’sorini...
KunTun
KunTun