So‘nggi yillarda prezidentimiz tashabbusi bilan paxta maydonlari qisqartirilib, yerdan unumli foydalanish borasida keng imkoniyatlar yaratildi. Ammo shunga qaramasdan respublikamizda ingichka tolali paxta navini yetishtirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Bugungi kunda ingichka tolali paxtaga bo‘lgan talab yuqoriligi bois, ushbu navni asrash, yetishtirish borasida ko‘plab amaliy ishlar olib borilmoqda. Zero, viloyatimizda faoliyat yuritayotgan Ingichka tolali paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti ham aynan shu maqsadda tashkil etilgan.
Paxtachilik sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish va hamkorlik ufqlarini kengaytirish maqsadida Ingichka tolali paxtachilik ilmiy tadqiqot instituti bilan Xitoy davlatiga qarashli Uxan tekstil universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda. Malaka oshirish hamda zamonaviy ilmiy texnologiyalar va bilimlarni o‘zlashtirish maqsadida institut xodimlarini xalqaro ilmiy konferensiyalar va seminarlarga yuborilishi belgilangan. Shu munosabat bilan institut ilmiy xodimlari Xitoy Xalq Respublikasi Uxan tekstil universitetida “Rivojlanayotgan mamlakatlar uchun to‘qimachilik importi va eksporti savdosining xavfsizligi” mavzusidagi o‘quv seminarida ishtirok etishdi.
Uxan shahrida joylashgan Uxan tekstil universiteti (VTU) 1958-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 60 yildan ortiqroq davr mobaynida tez va uzluksiz o‘sishi bilan mashhur keng qamrovli universitetga aylangan. Universitet maydoni 130 gektadan ortiq bo‘lib, unda 4 ta kampus, 20 ta maktab, 69 ta bakalavriat dasturlari, 5 ta qo‘shma Ph.D. dasturlari, 1 000 dan ortiq professor, 20 000 talaba hamda 100 dan ortiq talabalar klublari mavjud. Unda, tola ishlab chiqarish, tolani qayta ishlash, to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish bo‘yicha tadqiqotlar olib boriladi. Hozirgi kunda suvga va yong‘inga chidamli tola va teri ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Uxan Tekstil universitetida mavzuga oid ma’ruza tinglandi. Ma’ruzada tabiiy va sintetik tola yetishtirish bo‘yicha qator tadqiqotlar olib borilib, paxta tolasi bilan raqobatlashadigan darajadagi yuqori sifatli tola yetishtirish ustida amaliy ishlar olib borilayotganligi haqida ma’lumotlar berildi.
Seminarning so‘nggi kuni “Rivojlanayotgan mamlakatlar uchun to‘qimachilik importi va eksporti savdosining xavfsizligi” bo‘yicha yakuniy marosim o‘tkazildi. Unda seminar qatnashchilariga direktor Yi Xui, Uxan texktil universiteti professori Lin Li, kotib Ji Chenlar o‘tkazilgan tadbir natijasi bo‘yicha ma’ruza qilishdi. Shu kunning o‘zida Uxan tekstil universiteti bilan Ingichka tolali paxtachilik ilmiy tadqiqot instituti o‘rtasida ilm-fanni rivojlantirish, institutda yaratilgan va yetishtirilayotgan ingichka tolali paxta xomashyosini qayta ishlash, import va eksportini yo‘lga qo‘yish, shu bilan bir qatorda institutda mavjud laboratoriyalarni zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlash bo‘yicha shartnoma tuzilib, memorandum imzolandi.
Hamkorlik ufqlari kengaymoqda
Date: