Ovozasi asrga yetadi

Date:

Ovozasi olamni maftun etib, dong‘i dovondan oshgan festival bu yil yettinchi bor tashkil etilmoqda. Va yana yetti kun mobaynida mezbon bo‘ladigan Boysunning yetti mahalladan oshar ohangi, ohori to‘kilmagan yangiligi-yu navqiron va qadim Bosanddan Boysunga aylangan davrni o‘z ichiga olgan madaniyat namoyishi-yu kuy-qo‘shiqlar, folklor jamoalarning takrorlanmas namoyishlari “Boysun bahori” tashkilotchilarining va’dasi…


Aslan Boysun hayratlarga boy manzil, uning ko‘rkamligi ko‘ngilga yaqin, obodligi odamiylik mehri bilan sug‘orilgan, elining tili-yu dili bir — tabiatga oshufta, hamnafas, tegrasidagi olamga singishib ketgani ham tog‘lardan ulug‘vorlikni, adirlardan kamtarinlikni uqqan, singdirgan…


Boysun madaniy makoni YUNESKO tomonidan “Insoniyatning ogʻzaki va nomoddiy madaniy merosi” durdonasi sifatida eʼtirof etilgan, 2008-yilda tashkilot tomonidan “Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi” Reprezentativ roʻyxatiga kiritilgan. Bu bejiz emas, mahalliy xalqning qadim o‘tmishini bor bo‘yicha izohlay oladigan tog‘larning buyukligi, el-u elatning madaniy va ma’naviy hayoti — san’atning suyukligi bunda mujassam. Boshidagi gilamdo‘ppisi-yu janda choponi-da rangin hayot tarzini ifoda etadigan boysunliklar bu mashhur festivalga 14 yilki mezbonligi shundan.


Padang kengliklarida quloch yoygan festival shukuhining ta’mini totganlar har ikki yilda bu fursatning lazzatini istab yashaydi. Bu ham “Boysun bahori”ning hayotimizning bir bo‘lagiga aylanganiga isbot. Bu yil tadorik boshqacha, festival ham hafta mobaynida davomiy, har kuni bir-biridan qiziq, bir-birini to‘ldiradigan mashg‘ulliklarga boy. “Boysun bahori” xalqaro festivali o‘tkaziladigan manzil ham o‘zgargan — Bibishirin mahallasi. Bu hudud har jihatdan festivalga mezbonlik qilishga munosib. Zotan, hudud tarixiy jihatdan ham asrlar bilan tillashsa, turistik manzil sifatida alohida e’tirof etiladi, aholisi ham Boysunga xos va mos bo‘lgan hunarmandchilik, san’at va samimiyatda yetakchi. Qolaversa, festivaldan ko‘zlangan maqsad ham ulug‘, viloyat rahbarining ham istagi shu.
Ta’kid etilgani singari bu yilgi festival ishtirokchilari orasida Buyuk Britaniya, Belgiya, Isroil, Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Ruminiya, Pokiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Hindiston singari yigirmaga yaqin davlatdan talabgor jamoalar sovrin uchun sahnada mahoratini namoyish etadi. San’atsevar o‘zbek tomoshabini esa Bibishirinda tashkil etilgan san’at maydonida ezgu maqsad yo‘lida birlashtiradigan, do‘stlik va tinchlikni, millatlar va elatlar birdamligini baralla kuylaydigan jahon folklor san’ati va milliy xalq o‘yinlari bayramiga guvoh bo‘ladi.


— Jahon xalqlarining san’at bayramlaridan biriga aylanayotgan, do‘stlik, tinchlik, adolat va haqiqatni, go‘zallik va nafosatni kuylaydigan, turli millat va elatlarni ulug‘ maqsadlar yo‘lida birlashtiradigan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali bu yil yorqin bo‘yoqlarda aks etayotganiga sabab ham aslida millatning o‘z meniga sodiqligidandir, — deydi faxriy jurnalist X.Mamatraimov. — “Boysun bahori”ning ilk tashkil etilgan yilidan buyon har yili kuzatib keladigan inson sifatida aytishim mumkinki, bu yil o‘zgacha kayfiyat hukmron, jamoalarda ham raqobat, ham xayrixohlik hissi ustuvor. Festivalning yoshlarbopligi oshmoqda, qamrovi kengayib, qit’alarni-da birlashtirmoqda.

Qush parvozi balandligidan muhtasham tog‘larning viqoriga guvoh bo‘lish imkonini bergan havo sharlari Boysun osmonini zabt etdiki, bu tomoshaning o‘zi ajib zavq. Qolaversa, dron-shou ham allaqachon festivallarga o‘zgacha ruh ulashayotir. Tungi namoyish esa kutgan vaqtiga achinmagan mehmonlar uchun bayramona tuhfadir. Yulduzlar raqsi misol taassurot ila turfa shakllar hosil bo‘layotgan mahalning gashti betakror. Kun uzog‘i yangragan kuylarning samodagi aksdir go‘yo.
— Yurtingizda an’analarga hurmat yuqori ekan, san’atni sevish ham hududga xos bo‘lgan fazilat deb bilaman. O‘zligini saqlab qolgan millat uchun milliy san’atning ahamiyati bo‘ladi, — deydi taylandlik Phansak Boonyuasobhonbhang. — Bizning xalqlarimiz orasida o‘xshashlikni aynan san’atga nisbatan munosabatda ko‘rdim. Taomlarning mazaliligi, mehmondo‘stlik xususiyati, ochiqchehra odamlarni ko‘rib bahri dilim ochildi deya olaman. Shunday festivalda ishtirok etayotganligimdan judayam xursandman.
Boy nomoddiy madaniy merosga ega mamlakatimizda keyingi yillarda uni yanada chuqur o‘rganib, yosh avlod qalbiga singdirishga, yoshlarni teran ildizi uzoq o‘tmishga borib taqaladigan milliy qadriyatlarimiz va urf-odatlarimizga hurmat ruhida ulg‘aytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.


— Bu festival fikr almashishda juda muhim. Ayniqsa, san’atkor odam uchun ayni muddao, — deydi Boysun folklor etnografik xalq ansambli a’zosi Bo‘riqul Jumayev. — Dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan folklor jamoalar a’zolarining bizning san’atimizga qiziqishi o‘zgacha. Ular musiqa asboblarimizni chalib ko‘rishni, biz bilan birga raqs tushishga ham harakat qilishmoqda. So‘nggi yillarda yo‘qolib borayotgan g‘ajirnayning yasalish an’anasini saqlab qolishga harakat qilyapman. Bunga motivatsiya bergani ham ayni shunday festivallar, san’atga qaratilayotgan e’tibor deb bilaman.
Boysundagi paleolit davriga oid insoniyat beshigi — Teshiktosh kamari, Amir Temur va Machay g‘orlari esa azaldan ushbu hudud insoniyat sivilizatsiyasiga hissa qo‘shganligiga dalildir. Shu bois ham “Boysun bahori” festivali doirasidagi konferensiyaga taqdim etilgan maqolalar mavzusi ham tarixiy, etnografiyaga oid. Bu, albatta, Boysunning qiziqishlar markazida bo‘lib ham hali o‘rganilmagan jihatlari borligini ko‘rsatadi.
— “Boysun — Surxon vohasi durdonasi” mavzusida yozgan ilmiy maqolamda o‘rganilgan jihatlardan ko‘proq ma’lumotlar oldim, — deydi TerDU katta o‘qituvchisi G.Ahmedova. — Zotan, Boysun hali o‘rganilmagan qo‘riq singari olimlarni hayratlantirishda davom etmoqda. Konferensiya davomida Tarix fanlari nomzodi N.Dvurechenskaya (Rossiya Federatsiyasi)ning “Uzundara — Boysun durdonasi” nomli ilmiy maqolasi bilan tanishib, olimaning yondashuvi va men ilg‘amagan tarixiy haqiqatlar sabab Boysun mavzu jihatidan keng qamrovli ekanligiga amin bo‘ldim.
Ochilish marosimi sahnaviy jihatdan a’lo tashkil etilganligi bilan ahamiyatli, ketma-ketlik ham shu darajada yaxshi belgilanganki, davrlar sivilizatsiyasi aks etgandek taassurot uyg‘otadi. Zero, viloyat hokimi ochilish marosimida so‘zlagan nutqida ta’kidlanganidek: “Hurmatli Prezidentimiz g‘oyasi bilan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivaliga milliy san’atimiz va xalq o‘yinlarimizga o‘tmishdagi boy tariximiz, barchani yagona ulug‘ maqsad yo‘lida birlashtiradigan milliy qadriyat sifatida qarayapmiz”.

Xurshid Karshiyev,

Tohir Aliqulov

(surat)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Ehson

— Alo, Assalomu alaykum, bu ehsonchi akani telefonlarimi?— Vaaleykum...

Giyohvandlikka qarshi kurash masalalari muhokama qilindi

Giyohvandlik, psixotrop moddalarga ruju qo‘yish holatlariga afsuski, duch kelmoqdamiz....

MTTda o‘yin maydonchalari barpo etilmoqda

Bog‘cha bolajonlarning sevimli maskani. Do‘stlari bilan vaqtini mazmunli o‘tkazadigan,...

“Turon yoʻlbarslari” bellashishdi

Surxondaryo viloyatida joylashgan Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari agentligi tizimidagi maktab...
KunTun
KunTun