Ikkinchi jahon urushi: mislsiz qahramonliklar, olingan-u berilgan jonlar, daryolar o‘zanini to‘ldirib oqqan qonlar, vayronaga aylangan bog‘-u rog‘lar, yer bilan bitta bo‘lgan obod shaharlar, porox hidiga to‘lgan o‘pkalar-u, bir umr eshikka tikilgan va armon bilan ochiq ketgan munis hamda mungli ko‘zlar…
U yillar otalar tog‘dek o‘g‘illarini yo‘qotdi, onalar farzand dog‘i bilan yashashga, go‘daklar ota mehridan mosuvo ulg‘ayishga mahkum bo‘ldi. Kelinchaklar vafodor yorlaridan ayrildi. Ehtimol, yana boshqacharoq ta’riflar ham bordir. Biroq hozir Ikkinchi jahon urushi haqida xayolda bo‘y ko‘rsatganlari shu. Urush yillaridan qanchalik uzoqlashmaylik, undagi mardlik, xalqimiz ko‘rsatgan jasoratning qadr-qimmati shuncha oshaveradi. Insoniyat boshiga og‘ir va dahshatli kunlarni solgan, qalblarni vayron etgan yillar ta’rifini keltirsak, bugungi tinch hamda osoyishtalik xalqimizning asl va sadoqatli bahodirlarining shirin joni evaziga qo‘lga kiritilganiga amin bo‘lamiz.
Ana shunday fidoyi insonlar orasida surxondaryolik Rahmonberdi ota Mirzarahimov ham bor. 1945-yili erishilgan buyuk g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan vatandoshimiz bugungi kunda Sho‘rchi tumanida istiqomat qilib, qarilik gashtini surib kelmoqda. Ayni vaqtda 99 yoshni qarshi olgan otaxon 18 yoshida urush maydonlarida dushman bilan jang qildi. O‘qchi polkida xizmat olib borgan Rahmonberdi ota jang maydonlarida dushman bilan munosib kurashdi. Belarus, Latviya va Litva kabi davlatlarni g‘anim kuchlaridan himoya qilishda ishtirok etdi va Berlin ostonalarigacha yetib bordi. Bobo bilan suhbat qilish maqsadida ijodiy jamoamiz bilan birgalikda ularning xonadoniga bordik. Rahmonberdi bobo hovlidagi bedalarni o‘rib, bir chekkaga taxlayotgan ekan. Salom-alik va hol-ahvol so‘rashlardan keyin boboni suhbatga tortdik:
— U paytlari urushga bo‘yga qarab olib ketishardi, — deya gap boshladi bobo. — Bo‘ying eshik tepasiga yetar-yetmas bo‘ldimi, “Urushga!” derdi. Urushning dastlabki yillarida ikki akamni chaqirishdi. O‘sha on hanuz ko‘z o‘ngimda. Rahmatli ota-onam ko‘zida yosh bilan ularni urushga jo‘natdi. Afsus, oxirgi diydorlashishimiz ekan. Akalarim qaytishmadi. Ikki farzand dog‘i otamning ham, onamning ham belini dol qildi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmadi. Menga ham urushga chaqiruv xati keldi…
Shu payt eshikdan bir guruh o‘quvchilar kirib kelishdi:
— Kelinglar, bolalarim!..
Qiziqarli suhbat uzildi. Boboning o‘quvchilar bilan quyuq so‘rashishi diqqatimizni tortdi.
— Sen Odil mirobchining chevarasimisan? Katta yigit bo‘lib qolibsan. O‘tgan safar ko‘rganimda bo‘ylaring kichikkina edi.
Boboning shu yoshda ham bu qadar hushyorligiga tasanno deysiz. Otaxon o‘quvchilarni ichkariga taklif etib, jang xotiralari haqidagi hikoyasini davom ettirdi:
— …Litva ostonasidagi janglar shiddatli tus olgan kunlarning biri edi. Ertalab gumburlagan to‘p ovozidan cho‘chib uyg‘ondim. Nogahon komandirning “Podyom!” degan buyrug‘i eshitildi. Hammamiz qo‘llarimizga qurollarni olib, jang boshlanishidan oldin yig‘iladigan yerto‘laga kirdik. Urushdagi eng qiyin vaziyat okop ichidan boshingni ko‘tarolmay, engashib yurish edi. Hatto kechasi juda sovuq tushardi. Lekin olov yoqishga ruxsat berilmas edi. Chunki g‘anim yorug‘likka qarab sen turgan nuqtani aniqlar va to‘plar bilan zarba berishi muqarrar edi. Tashqarida bombalar tinimsiz portlar, yerto‘laning chekkalaridan tuproq to‘kilar, ustunga osig‘liq koteloklar esa bir-biriga urilib jaranglardi.
Komandir vaziyatni tushuntirib, aniq topshiriq berdi. Hamma jangovar postini egalladi. Ko‘p o‘tmay, biznikilar buyruqqa ko‘ra dushmanga qarata o‘qlar yomg‘irini uyushtira boshladi.
Rahmonberdi bobo jim qoldi. Goh bizga, goh o‘quvchilarga qarab, nimadir demoqchi bo‘ldi.
— Urushning uni o‘chsin, bolalarim, har doim tinchlik bo‘lsin! O‘qinglar, ota-onalaringga munosib farzandlar bo‘lib o‘saveringlar.
2 nafar farzand, 8 ta nevara va 14 ta chevarasi bor otaxon bugun hurmatda, ham e’zozda. Urushdan so‘ng uzoq yillar tumanda mexanizator bo‘lib ishlagan, ko‘ksini bir qancha jangovar va yubiley medallar bezab turgan otaxonni ko‘p ham charchatgimiz kelmadi. Boboga sihat-salomatlik tilab, keyingi manzilga yo‘l oldik.
“Hamma narsa front uchun edi”
Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabani qo‘lga kiritishda, albatta, front ortida matonat ko‘rsatgan qanchadan-qancha zahmatkash insonlarning mashaqqatli mehnati turadi. Bugun ular xalqimiz ardog‘ida. Surxondaryo viloyatining zahmatkash Sherobod tumani aholisi Ikkinchi jahon urushida ham front chizig‘ida, ham front ortida yuksak mardlik va matonat namunasini ko‘rsatadi. Tilov bobo Boltayevning bolaligi urushning ayni avj pallasiga to‘g‘ri keldi. Urush yillari bobo ko‘plab qishloqdoshlari qatori front ortida matonat bilan mehnat qildi.
Shu o‘rinda kichik bir lirik chekinish. Hammamiz teatrga tushganmiz. Ko‘z o‘ngimizda o‘z san’atini namoyon etayotgan aktyorlar mahoratiga tik oyoqda chapak ham chalamiz. Chunki ular chindan ham mahoratli, o‘z ishining ustasi. Endi bir o‘ylab ko‘ring, bu mahorat tomoshabin e’tiboriga xato va kamchiliklarsiz havola etilishi uchun sahna ortida qanchadan-qancha insonlar qattiq mehnat qiladi. Front ortida zahmat chekkan kishilarni aynan shularga qiyoslash mumkin. Tilov bobo o‘sha qiyinchilik kunlarini yodga olib, shunday deydi:
— Hamma narsa front uchun edi. “Men bu ishni eplolmayman, bu ish menga to‘g‘ri kelmaydi”, degan gapni birov eshitmasdi. Yosh-u qari tinim bilmay ishlab, mehnat qilardi. Kim bir burda non topsa ham front uchun edi. Odamlarning qorni och-u, ko‘zi to‘q edi. Hozir ba’zi bir qorni to‘q, lekin ko‘zi och kimsalarni ko‘rsam, negadir o‘sha kunlar yodimga kelaveradi.
94 yoshni qarshi olgan otaxon hozirda ham mehnatni kanda qilmasligini ko‘rib hayratlandik, ochig‘i. Bobo hovlisining bir chetidan kichik bir ustaxona qurib, pichoq yasash bilan shug‘ullanib kelmoqda.
— Bu ham bir mehnatda, bolam, — deydi otaxon. — Yoshing o‘tgani sari sog‘lig‘ing pand berib boshlaydi. Uyda qancha ko‘p yotsang, shuncha kasal bo‘laverasan. Shu yoshimda bir o‘rinda yotib qolishni istamaganim uchun harakat qilishdan to‘xtamayman…
Razvedkachi Dosek Meridov
Vatan tinchligini asrash uchun jang maydoniga kirgan, dushmanga qarshi mardonavor kurash olib borib, jasorat ko‘rsatgan fidoyi insonlar orasida denovlik Dosek ota Meridov ham bor edi. 1945-yili erishilgan g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan Dosek ota Meridov 1925-yilda tug‘ilgan. Otaxon urush boshlanganida endigina 16 yoshni qarshi olgan edi. U navqiron chog‘larida Vatan tinchligi uchun qo‘liga qurol olib, jang maydonlarida dushman kuchlariga munosib qarshilik ko‘rsata oldi.
Razvedkachi sifatida xizmat olib borgan otaxon ko‘plab muhim ma’lumotlarni to‘pladi. Dushman joylashgan hududlarni aniqlab, uni yo‘q qilish uchun o‘z bo‘linmasiga aniq koordinatalarni berdi. Mana shu tarzda faoliyat olib borayotgan Dosek kunlarning birida dushman kuchlarining qarshiligiga uchraydi va qo‘lidan o‘q yeydi. Shunday bo‘lsa-da, u yuklatilgan vazifani muvaffaqiyatli ado etib, safdoshlariga ma’lumotlar yetkazadi. Jasur va mard askarning xizmatlari munosib ko‘rilib, unga serjant harbiy unvoni beriladi.
Suhbat uyushtirish maqsadida jamoamiz bilan otaxon xonadoniga borganimizda bobo qo‘lidan operatsiya qilingan, o‘zi esa o‘rinda yotib qolgan ekan. Otaxonni bezovta qilishni istamay, farzandlaridan boboning hol-ahvolini so‘rab, so‘ngra xayrlashdik.
Ha, bir paytlar navqiron, metin irodali, yurt uchun qon kechib, jang qilgan boboning bir o‘rinda yotib qolganini ko‘rib, dilga qayg‘u oraladi. Afsuski, yillar o‘z so‘zini aytmoqda edi. Bobo bilan urush yillari, u qoldirgan ko‘lankalar xususida uzoq suhbat qurish ilinjida kelib, noumid qaytayotganimizdan dilimiz xufton bo‘ldi.
Kun botarda Termiz shahriga kirib kelar ekanmiz, Dosek ota xonadonidan xabar keldi.Otaxonning joni uzildi…