Sina: Sumbuladan milliy taomlar sayligacha…

Date:

Surxondaryoning shimoli-sharqiy hududidagi yerlar.. Bu joylarni Denov deb ataymiz. Qadimda Chag‘aniyon bekligi sifatida tilga olingan maskan XVII asrdan boshlab «Dehi-nav», ya’ni yangi qishloq nomi bilan hozirga qadar saqlanib qolingan. O‘tmish va bugun uyg‘unlashgan Denovda Sina degan qishloq bor. To‘rtta mahalladan tashkil topgan ushbu qishloqqa kelgan inson milliy hunarmandchilik, ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan an’analar, o‘ziga xos taomlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladi. Kuni kecha ushbu tarix uyg‘unlashgan qishloqqa jurnalistlar uchun press-tur tashkil qilindi.


Qishloqdagi ilk manzil viloyat bo‘ylab yagona o‘ziga xos ta’mga ega bo‘lgan somsalar tayyorlanadigan maskan bo‘ldi. Nozim aka somsaxonasidan bu qishloqqa borgan inson borki, mehmon bo‘lmay o‘tib keta olmaydi. 1996-yildan buyon ushbu kasbni tanlagan Nozimjon Muxabatov tayyorlaydigan somsalarni talabgorlari bisyor. Ikkinchi guruh nogironi bo‘lsa-da, kasbi ortidan nafaqat o‘zi, balki yana 14 nafar insonni ish bilan ta’minlagan.


Sina qishlog‘ining Ushor mahallasida istiqomat qiluvchilar shu mahallada tabiiy tarzda bir necha asrlar oldin hosil bo‘lgan hovuzga olib borishdi. Aytishlaricha, baliqlar maskan qilgan bu joyda suv sira qurimas ekan. Mahalliy aholi esa undagi baliqlarni iste’mol qilmaydi. Sababi, kimdur ushbu baliqlarni ovlasa, bo‘lmasa mavsumiy uchib kelgan o‘rdaklarni tutib olsa, bemor bo‘lib qoladi. Aksincha, niyat bilan kelib, baliqlarga non ulashganlar esa niyatiga yetishi, dardmanlar shifo topisharkan. Baliq hovuzi hozirda ayni pishiqchilik paytida bog‘zordek olmalar bilan o‘ralgan.


Press-tur ishtirokchilari dastlab tog‘ yuqorilab, keyin tog‘ bo‘ylab pastga tushib, Sina qishlog‘ida joylashgan “Sumbula mozor” ziyoratgohiga borishdi. Tog‘ bag‘ridan tabiiy tarzda chiqayotgan buloq tomchilari birlashib, tosh oralab jilg‘a bo‘lib tutashib oqib turibdi. Ushbu buloq 3 ming yil avvaldan mavjud bo‘lib, hozirgi kunga qadar o‘z jilvasi bilan odamlarni o‘ziga rom qilib kelmoqda. Uzoq masofani bosib borgan inson o‘z ko‘zi bilan tabiat mo‘jizasiga guvoh bo‘ladi va borganiga hech qachon afsuslanmaydi. Uzoq yo‘l tog‘ Sumbulasini ko‘rishga arziydi.

Atrofi tog‘, tepaliklar bilan o‘ralgan tarixiy Sina qishlog‘i kengliklarini mohir oshpazlar tayyorlagan taomlar ifori bilan o‘rab oldi. Termiz shahri va tumanlar o‘z hududlariga xos tansiq taomlar ko‘rgazmasi bilan qatnashdi. Milliy uslubda bezatilgan pavilyonlarda pazandalarning turli taomlar tayyorlash bilan bog‘liq uslub, udum va an’analari ko‘rsatildi. Ikki ming turdagi taom joy olgan sayilda Surxonning milliy tandir kabob, cho‘poncha, biqtirma singari o‘nlab noyob taomlarini tayyorlash sirlari kuzatildi. Sinalik qo‘li gul oshpazlar avloddan-avlodga o‘tib, e’zozlab kelinayotgan nafis hunarlarini, non, somsa, patir va boshqa shu hududga xos taomlarni tayyorlash jarayonlarini namoyish etdi. Ushbu saylga tashrif buyurgan tojikistonlik mehmonlar ham milliy taomlarimiz bilan tanishishdi.
Sayil yakunida “Eng yaxshi milliy taom”, “Eng yaxshi oshpaz” kabi yo‘nalishlar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, viloyat hamda Denov tumani hokimligining diplom, maxsus statuetka va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Naimullo Muhibulloyev

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Muattar 15 million soʻmlik boʻldi

“Yoshlar ishlari agentligi kubogi” uchun shaxmat musobaqasining respublika bosqichiga...

Futbol akademiyasi qayta rekonstruksiya qilinmoqda

Surxondaryo viloyatining chekka va olis qishloqlaridagi iqtidorli yoshlarni aniqlash,...

Sportchimiz gʻolib…

Qozogʻistonning Temirtov shahrida sportning dzyudo boʻyicha xalqaro turnir boʻlib...

Tarbiya

Maktab roʻparasidagi uy. Ota endi tili chiqqan bolasiga soʻz...
KunTun
KunTun