Tabiatni asrab-avaylash, kamyob turlarni muhofaza qilish har bir fuqaroning burchi hisoblanadi. Axir, inson har qachon bo‘lmasin tabiat bilan uyg‘unlik kasb etib kelgan. Tabiatga, ona zaminga bo‘lgan munosabatning aksi insonning ham ruhiy, ham jismoniy holatiga ta’sir etishi turgan gap. Bu borada, ayniqsa, yo‘qolib borayotgan turlarni muhofaza qilish zarurat masalasini yuzaga chiqaradi. Surxon davlat qo‘riqxonasi Xatak bo‘limida olib borilgan tadqiqotlar esa ana shunday kamyob va endem turlar tarkibini aniqlashga qaratilgan.
Qo‘riqxonalar — tabiiy ekosistemalarni muhofaza etishning eng takomil shakllaridan biri bo‘lib, turli yo‘nalishlardagi ilmiy tadqiqot va xilma-xil ekotizimlarning monitoringi olib boriladigan poligon sifatida ajralib turishi lozim. Flora va o‘simliklar qoplami har bir biotananing muhim bo‘lagi sifatida esa alohida e’tiborga olinishi talab etiladi. Muhofaza etiladigan hududlardagi taksonomik birliklarning zarur bo‘lgan barcha tadqiqotlarning zamini bo‘ladi.
Yuqoridagi maqsadlarni hisobga olgan holda, 1986-yil 8-sentyabrda Surxon davlat qo‘riqxonasi tashkil etilgan. U Orol-Payg‘ambar va Ko‘hitang bo‘limlaridan iborat. Umumiy maydoni 27 676 gektarni tashkil etadi. Qo‘riqxonaning Ko‘hitang bo‘limida Ko‘hitang tog‘ tizmasining sharqiy yonbag‘rida tashkil etilgan. Bu yerda asosan tog‘-o‘rmon ekotizimi hamda noyob o‘simlik va hayvon turlari muhofaza qilinadi.
Joriy yilning 20-25-iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Botanika instituti yosh olimlari B.Q.Karimov, O.A.Turdiboyev hamda qo‘riqxonaning Xatak bo‘limi nozirlari Toshli yurt massivida tadqiqotlar olib borishdi. Tadqiqotlar davomida 70 ga yaqin turlarning 200 ga yaqin gerbariy namunalari terildi. O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan Ferula tadshikorum o‘sish nuqtalarida kuzatuvlar olib borildi.
B.Bekmurodov,
T.Tursunov,
B.Shoniyev,
Surxon davlat qo‘riqxonasi Xatak bo‘limi qo‘riqlash xodimlari