Tadbirkorning bugun oshig‘i olchi, ishi esa besh. Ishbilarmon doira vakillari uchun barcha imkoniyatlar eshigi ochiq. Chunki, ayni soha vakillariga mamlakat rivojida, ishlab chiqarishda, aholi farovonligi hamda fuqarolarning bandligi, yangi va yangi investitsiyalar kiritilishida drayver sifatida qaralmoqda.
Bu borada Prezidentimizning “Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2023-yil 12-iyundagi Farmoniga muvofiq, “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi qabul qilingani ham fikrimiz isboti desak, adashmagan bo‘lamiz.
Yurtboshimizning tadbirkorlar bilan muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida tadbirkorlarning murojaatlarini qabul qilish va tahlil etish bo‘yicha shtap faoliyati ham yo‘lga qo‘yilganligini alohida ta’kidlash joiz. Shuningdek, viloyatimizda ham 47 ta tashkilot vakillaridan iborat viloyat Ishchi guruhi hamda “Call-centre” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, shtapga o‘tgan qisqa davr mobaynida ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Murojaatlar ishchi guruh tomonidan obdon o‘rganilib, ijrosi uchun tegishli tashkilotlarga yo‘naltirilmoqda. Bundan tashqari, mazkur dasturda belgilanganidek, Savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasi mutaxassislari joylarda tadbirkorligini kengaytirish istagini bildirgan tadbirkorlik subyektlari bilan uchrashib, hamkor tadbirkorlar safini kengaytirish maqsadida so‘rovnomalar o‘tkazilib, dasturning ijrosi bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirildi.
O‘tkazilgan so‘rovnomalar natijasida 467 ta ariza qabul qilingan bo‘lib, shundan 245 nafar tadbirkorlik subyekti bilan shartnoma tuzildi. Sertifikatlar taqdim etildi. Ushbu tadbirkorlik subyektlari tomonidan yaratilishi rejalashtirilgan ish o‘rinlari 30 270 nafarni tashkil etishi esa yanada quvonarli. Bu shunchaki raqamlar emas, ishsiz, ehtiyojmand shuncha fuqaroning bandligi ta’minlanadi, ular ham jamiyatning faol qatlamiga aylanib, oyoqqa tura boshlaydi deganidir. Aslida dasturdan ko‘zlangan maqsad ham shunga qaratilgan.
Termiz shahrida faoliyat yurtayotgan “Surxon Termiz Chinni” korxonasi ham allaqachon “hamkor tadbirkor”ga aylandi. Ishning ko‘zini bilgani, tadbirkorligni yanada kengaytirishga keng imkoniyat berilishini anglagani holda, qolaversa, moddiy-texnik bazasini yangilash, korxonada mavjud 75 nafar doimiy ishchilari safini 130 nafardan oshirishni maqsad qilgani uchun ham korxona rahbari hech ikkilanmasdan ushbu dasturga qo‘shildi. Ishning ko‘zini biladigan odam mana shunday qat’iy qaror qiladi-da.
— “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi xususida batafsil ma’lumotga ega bo‘lgach, dasturga qo‘shilishga qaror qildikki, bu tadbirkorligimizni kengaytirish va yangi ish o‘rinlari ochishim uchun qo‘l keladi, — deydi “Surxon Termiz Chinni” korxonasi ijrochi direktori Sanjar Eshmurodov. — Ushbu dasturdan umidimiz katta. Negaki, korxonamiz faoliyati yanada rivojlansa, bu ham o‘zimiz uchun, ham fuqarolar uchun samarali bo‘ladi. Yangidan yaratiladigan ish o‘rinlariga ehtiyojmand fuqarolarni jalb etishni maqsad qilganmiz. Ayni paytda korxonamiz ishlab chiqarish quvvatti yiliga 6 million donadan ortiq chinni buyumlar bo‘lsa-da, ichki bozordan orttirib, Afg‘oniston va Tojikiston davlatlariga ham mahsulot yetkazib bermoqdamiz. Ushbu dastur orqali ko‘plab xorijiy davlatlar bilan ham shartnomalar imzolab, eksportni jonlantirmoqchimiz.
“Hamkor tadbirkor”ga aylansangiz…
Haqli savol tug‘iladi. Xo‘sh, “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi soha vakillari hamda fuqarolar uchun qanday imkoniyatlarni beradi?
Dasturni amalga oshirish bo‘yicha jarayonlarni raqamlashtirish imkoniyatlariga ega “Hamkor tadbirkor” axborot tizimi ishlab chiqildi. Dasturga muvofiq, “hamkor tadbirkor”lar uchun kreditlar 14 foiz stavkada 7 yilgacha, aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun 18 oygacha muddatga ajratiladi.
Bunda kreditlar:
* 5 milliard so‘mgacha — 51 tadan 100 tagacha yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirgan tadbirkorlik subyektiga;
* 10 milliard so‘mgacha — 101 tadan 200 tagacha yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirgan tadbirkorlik subyektiga;
* 15 milliard so‘mgacha — 200 tadan ortiq yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirgan tadbirkorlik subyektiga ajratiladi.
Shuningdek, hududlarda bo‘sh turgan va bir yildan buyon auksion savdolarida sotilmasdan turgan davlat mulki bo‘lgan bino-inshootlar, shuningdek, kasb-hunar kollejlarining foydalanilmasdan bo‘sh turgan binolari Dastur ishtirokchilariga ishsiz, ish qidirayotgan fuqarolarni va o‘z xodimlarini xorijiy tillar va kasb-hunarlarga o‘qitish va malakasini oshirish hamda “amaliy monomarkaz” tashkil qilish uchun foydalanishga tanlov (talabgor yagona bo‘lganda — to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma) asosida ijara stavkasining minimal miqdori bo‘yicha ijaraga beriladi.
Bundan tashqari, Dasturda ishtirok etayotgan tadbirkor “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan fuqarolarni kamida bir yil davomida ish bilan ta’minlagan va ular jami ishchilar sonining kamida 20 foizini tashkil etgan taqdirda mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha soliq imtiyozlaridan foydalanish huquqiga ham ega bo‘ladi.
Savdo-sanoat palatasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi Matbuot xizmati