Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasining yer va kadastr nazorati inspektorlari tomonidan 2023-yilning yarim yilligi davri mobaynida 323 ta holatda 317,10 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingani aniqlangan.O‘zbekiston Respublikasining 16.08.2021-yildagi “Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish, shuningdek, yerlarni hisobga olish va davlat yer kadastrini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” O‘RQ-708-sonli Qonuni asosida o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer maydonlari tahlil qilinganda:
🔹 312,18 gektari — Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar;
🔷 1,74 gektari — Aholi punkti yerlari;
🔷 1,47 gektari — Sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa yerlar;
🔷 0.01 gektari — Tarixiy madaniy ahamiyatga molik yerlar;
🔷 0,03 gektari — Suv fondi yerlari;
🔷 0,19 gektari — O‘rmon fondi yerlari;
🔷 1,49 gektari — zaxira yerlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer maydonlar uchun jinoiy va maʼmuriy jarimalar mavjud. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat Kodeksining 229¹-moddasiga asosan, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olishda javobgarlik mavjud. Shu jumladan, ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish, maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, BHMning uch yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Sug‘oriladigan yer uchastkalarini ularda qurilish ishlarini amalga oshirgan holda o‘zboshimchalik bilan egallab olish esa BHMning to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan, agar u o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasining qaytarilishini jinoyat aniqlangan kundan eʼtiboran o‘ttiz kunlik muddatda taʼminlasa hamda o‘zboshimchalik bilan egallab olishning oqibatlarini bartaraf etsa, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.
- O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 60-moddasi (3-qismi)ga asosan, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan, ajratilgan yer uchastkasiga tutash bo‘lgan va tutash bo‘lmagan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravari, mansabdor shaxslarga BHMning uch yuz baravari miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Shu sababdan ham Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi fuqarolarni o‘zboshimcha qurilmalar qurmaslikni so‘rab qoladi, — deydi boshqarmaning axborot xizmati rahbari B.Safarov.