Oshxonada kechki ovqatni tayyorlayotganimda o‘g‘lim: “Oyi, oyijon, men vatanimga xizmat qilaman! Mana qarang, askar bo‘ldim”, — deya yugurib kelib bag‘rimga otildi. Va gapida davom etdi:
—Katta opa aytdilar, mendan yaxshi aksar chiqarkan. Vatanimiz sarhadlarini himoya qilishga tayyor turishim kerak. Oyijon, men, albatta, vatanimni himoya qilaman.
Endigina 6 yoshni to‘ldirgan o‘g‘limdan bu so‘zlarni eshitib, to‘g‘risi etim junjikib, hayajonlanib ketdim.
— Vatanimiz sarhadlari aslida nima, o‘g‘lim. Vatanga xizmat qilishchi? Beixtiyor o‘g‘limga bergan savolimdan ikkilanib qoldim. Axir bu bog‘chaga boradigan 6 yashar bolaga beriladigan savol emasku!?
—Oyi, Vatanimiz sarhadini so‘z bilan ifodalash qiyin. Uning tinchligi uchun yaxshi o‘qib, ishlab xizmat qilish kerak. Katta opamga Ona Vatanimni sevishga, uning uchun xizmat qilishga, yaxshi bola bo‘lib, zo‘r o‘qishga so‘z berdim. Oyi, yigitlar so‘zida turishi kerak. Katta bo‘lsam, askar bo‘lishga, Vatanimni himoya qilishga, vaʼda beraman. Oyi siz ham Vataningizni sevasizmi? Unga xizmat qilasizmi?!
… Men ham Vatanimni sevamanmi?! O‘g‘limni savolidan o‘ylanib qoldim.
Ona Vatan! Nima uchun Vatanni ona so‘zi bilan yonma-yon ishlatamiz? Chunki, Vatan ham onamiz singari aziz, jonkuyar, mehribon va qadrlidir. Dastavval onamizning vujudida ulg‘aysak, undan so‘ng Ona Vatanimizning qaynoq ko‘ksida kamol topamiz. Bizni asragan, orzu-umidlarimizning ro‘yobiga guvoh bo‘lgan, ezgu niyatlar ila qalb torlarimizni chertgan, yaxshi yashashga undagan Vatanimizni nega sevmas ekanmiz?! Nega shunday Vatanimizni asrab-ardoqlamas ekanmiz?!
97 yoshni qoralagan, bellari biroz bukchaygan, qo‘llari sal qaltirasa-da, paxta chigitlab, urchuq yigirib o‘tiradigan, mavsumga qarab, gilam to‘qib, barchamizga ibrat bo‘ladigan buvimning har gal “Tug‘ilgan yerdan ko‘ngil uzilmas, Yurtin qo‘riganning yurti buzilmas” degan gaplarini endi tushungandayman.
Ona Vatanga bo‘lgan muhabatimni so‘z bilan ifodalab berolmayman. Ammo, fermerning dalasida gurkirab ochilib turgan paxta tolalarini terganimda, mahallamiz ko‘chalarini hashar tufayli supurib-sidirganimda, maktab ostonasidan xatlab kirgan bolajonlarga taʼlim berganimda, yozganlarim kishilarni tarbiyaga undaganida, 6 yashar o‘g‘limning Vatanimni sevaman, unga xizmat qilaman degan so‘zida Vatanimga bo‘lgan muhabbatim, sevgim joylangan aslida.
Keksa va munis buvimning qadoq qo‘llariga qarar ekanman, ularning irodasiga, sabr-u toqati-yu shukronalikni qo’ymasliklariga qoyil qolaman. Ular kolxoz yerlarida tinimsiz mehnat qilganlarini, qish-qirovli kunlarda daladan chiqmay paxta terganlarini, yozning jazirama issig‘ida g‘alla o‘rganlarini hech qachon minnat qilmaydilar. Aksincha, u ham bir shiringina davr bo‘lganini, Vatan xirmonini milliy boylikka to‘lishida hissa qo‘shganini, kerak bo‘lsa, paxta terib g‘alla o‘rimiga hozir ham tayyor ekanliklarini mamnunlik bilan taʼkidlaydilar. Buvim qadoq qo‘llari-yu titragan lablari ila Vatanni sevadilar, ardoqlaydilar. Ilk qadamimiz qo‘yilgan, oldimizdagi burch va masʼuliyatni tushunishimiz, oq-qorani tanishimiz uchun xizmat qilgan Ona Vatanimizdagi bor narsani qadrlash, uni asrab-avaylash insoniy burchimiz. Zero, tinchlik va osoyishtalikni asrab-avaylash, himoya qilish faqat muayyan sohalar xodimlarining vazifasi emas, aksincha, Vatani borlarni, Vatan atalmish ostonada ulg‘ayib kamol topayotganlarning burchidir.
Har bir inson Ona Vataniga o‘zgacha mehr qo‘yadi, o‘zgacha sevadi. Kimdir jozibali raqsi, kimdir diltortar qo‘shig‘i, kimdir tayyorlagan milliy liboslari, yana kimdir maʼno-mazmunga boy tasvirlari orqali. Vatani kamoli yo‘lida o‘z xalqiga muhabbati tufayli moli, kuch-g‘ayrati tugul jonini ham ayamaydigan, xalqi va vatanining ozodligi, farovonligi uchun bor-budini fido qiluvchi farzandlarini Ona Vatanimiz ham eʼtiborsiz, eʼtirofsiz qoldirmaydi. Vatan mehri ila ulg‘aygan, ezgulikka oshufta qalb egalari esa hamisha yaratuvchanlik va bunyodkorlik ishtiyoqi bilan yashaydilar.
Yaqinda xizmat safari bilan Qozog‘iston Respublikasiga borishimga to‘g‘ri keldi. Buni qarangki, menga yo‘ldosh bo‘lganlarning aksariyati jurnalistlar bo‘ldi. Atrofimiz qozoq milliy taomlari, urf-odatlari aks etgan manzara bilan o‘ralganiga qaramay, musobaqada g‘olib bo‘lgan sportchimiz sharafiga yangragan davlatimiz madhiyasini tinglab ko‘zim yoshlandi. Beixtiyor o‘zim ulg‘aygan ko‘chalar, salomga shay turgan majnuntollar ko‘z o‘ngimda gavdalandi. Vatanimiz madh etilgan, orzu-umidlarimiz, kelajagimiz va amalga oshirajak ishlarimizni o‘zigada jamlagan yurt madhiyasini tinglab g‘ururlangan bo‘lsam, ko‘kda hilpiragan bayrog‘imizni ko‘rib faxrlandim. Bor yo‘g‘i 4 kunlik xizmat safarida Vatanim qadri sezildi, jazirama issiqda ham dalada ishlagan bobodehqonlar, quyosh taftida pishib yetilgan sarxil mevalar ko‘z o‘ngimda gavdalandi. Ayniqsa, askar libosidagi 6 yashar o‘g‘limning “Men askar bo‘laman, Vatanimga xizmat qilaman” degan gaplari qulog‘im ostida jaranglardi.
Nigina SHOYEVA,
jurnalist