“Yondim-kuydim”larsiz sevgi qissasi

Date:

Shukur Xolmirzayevning hikoyalari oddiy dardning ulug‘vor ko‘rinishlaridir. Adibning aksar qahramonlari oddiy kun kechirayotgan, bir qarashda, Vatanga, millatga, umuminsoniyatga daxli yo‘q odamlardir. Ammo yozuvchining nigohi shu darajada o‘qdirki, u ana shu daxlsizlik ortida yotgan millatga, Vatanga, bani basharga daxldor dardlarni ko‘ra biladi, tasvirlay oladi, ko‘rsatib bera oladi. Adib hikoyalarida siyqasi chiqqan xarakterlar, quruq nasihatgo‘ylik, shablon iboralarni uchratmaysiz. U doim yangi obrazlar yaratishga intiladi. Asar kompozitsion qurilishida bir-birini takrorlamaydigan yangiliklar topishga urinadi. Bu borada tajribalar o‘tkazishdan cho‘chimaydi va ko‘pincha, muvaffaqiyatlarga erishadi. O‘zbek kishisi orzu-armonlarining, aksar hollarda, yashirin iztiroblarining yoritilmagan qirralarini, ruhiyatidagi evrilishlarni qalamga oladi. Bu qahramonlar o‘zga yozuvchilarning qahramonlariga o‘xshamagan: goh do‘lvor, goh to‘pori, goh dag‘al va chapani, goh kichkinagina bir muhit vakili. Lekin barchasining ichki dunyosi o‘ziga xos, ruhan teran, insonparvar, e’tiqodidan qaytmaydigan, shularga munosib ravishda mulohaza yuritadigan jonli va hayotiy kishilardir.

Yuksak badiiy asar haqqoniy hayot aksidir. Shuning uchun ham o‘quvchi o‘zini topadi,o‘zining aksini ko‘radi, hayajonlanadi, quvonadi, yig‘laydi, iztirobga tushadi. Bir so‘z bilan aytganda, asar qahramonlari bilan yashaydi. Shukur Xolmirzayevning “O‘n sakkizga kirmagan kim bor” qissasi o‘quvchi qalbiga ana shu tazda kirib boradi. Uning bu qissasi yigirma besh yoshli yozuvchiga kutilmagan shuhrat keltirdi. Muhabbat, oqibat, adashish va qismat, hayotga intilish va yoshlar xarakterining chiniqishi muammolariga bag‘ishlangan bu qissa, mana, deyarli qirq yildan buyon, yoshlar tomonidan sevib o‘qiladi. Bunday masalalarga bag‘ishlangan asarlar o‘zbek adabiyotida ham, jahon adabiyotida ham oz emas. Lekin “O‘n sakkizga kirmagan kim bor” qissasi ulardan nainki syujet, qahramonlarning qismati, balki ularning o‘ziga xos tarzda tepib turgan yuragidan taralayotgan nurning yozuvchi qalami ostida xuddi muhabbatning o‘zidek samimiy ohanglarda jaranglashi jihatidan diqqatni tortadi. Garchi qissaning sarlavhasi asarning sevgi, muhabbat haqida ekaniga ochiq ishora qilgan bo‘lsa-da, ammo qissaning dastlabki voqealarida ikki ko‘ngli yarim bolalarning kechinmalari haqida so‘z yuritilgani o‘quvchini o‘yga to‘ldiradi. Yozuvchi qissada urushning insonlar taqdirida qoldirgan og‘riqli iztiroblarini, ayniqsa Muslima buvi obrazi talqinida ochib berishga harakat qiladi. Muslima buvining turmush o‘rtog‘i urushda dushmanlar bilan kurashda halok bo‘lganda, u endigina yigirma besh yoshda edi. Ikki bolasi: qizi Zaynabxon, o‘g‘li Abdukarim. Urush bir yosh juvonni erta beva qoldirganini, hali ota mehriga to‘ymagan norasidalarni yetimlik dardiga yo‘liqtirganini, bir oila misolida bitun bir halqni boshiga qora kun tushirganini ko‘rsatiladi. Urush bir emas, ikki bor soya solib eng yaqinlardan judo bo‘lgan Muslima buvining qalb tug‘yonlarini o‘qigan o‘quvchi beixtiyor urushni qoralaydi. Muslima buvining yakka-yu yolg‘iz o‘g‘li fashistlar bilan bo‘lgan jangda halok bo‘lishi, shu mushtakkina kampirni taqdirda nolimay, irodasiga suyanib yashagani mohirona ko‘rsatib berilgan. Yana bir o‘rinda Hojiyev domladan eshitgan “Iskandar yurishi” haqidagi  hikoyasida ham urushning salbiy oqibatlarini ko‘rsatib o‘tadi. O‘quvchi ushbu qissani o‘qish jarayonida yozuvchining o‘zi yashab etgan hududning tarixini qanchalik yaxshi bilganini guvohi bo‘ladi. Ayniqsa, Sangardak, Yetimtog‘, Farhod tog‘i, Ketmonchopti kabi joy nomlarining atalish tarixini qahramonlar tilida o‘quvchiga yetkazishga harakat qilingan.

Asarda bir necha kitoblar nomi, ulardagi qahramonlar tilga olingan. Asardagi  qahramonlar bilan bir-birini taqlid qilib chaqirishi, bolalarning o‘sha qahramonlarga o‘xshagisi, ayniqsa, Umidaning Katerina, Jamila va Ninalarday baxti qaro, ezilgan, tahqirlangan va oqibat, biri o‘zini suvga tashlagan, biri zahar icngan, biri telbalik kasalga mubtalo bo‘lgan obrazlarni o‘ynashni orzu qilishi, so‘ng negadir o‘ziga achchiq qilib ham, shaxsan o‘zining ularday bo‘lgisi kelayotganligi yozuvcni tomonidan mohirona tasvirlangan bo‘lib qahramon hayoti ham shu qahramon hayoti kabi yakun topadi. 

Shukur Xolmirzayev “O‘n sakkizga kirmagan kim bor” qissasida boshqa sevgi-muhabbatga bag‘ishlangan asarlardagi “yondim-kuydim”larga boy lavhalar, dialoglar bilan boyitmadi. Qahramonlar ma’naviyatini shu qadar tasvirlaganki, qissa qahramonlari o‘zlari o‘qigan asar qahramonlari bilan hamohang yashasa, beixtiyor qissa o‘quvchining o‘zi ham qahramonlar ichki olamiga singib ketadi. Xulosa shuki, Shukur Xolmirzayev yaratgan asarlaridagi barcha obrazlari o‘quvchilarga ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi.

D.Niyozova,

Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim makazi o‘qituvchisi,

D.Abdimo‘minova,

TerDU talabasi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Yuksak mukofotlar muborak, surxondaryolik o‘g‘lonlar!

Yurtimiz sharafini yuksakka ko‘tarib, o‘zlarining yutuqlari bilan o‘rnak bo‘lib...

Yirik investitsiya loyihalari bilan tanishildi

Loyihalar, g‘oyalar har doim qimmtli va muhim ahamiyatga ega....

Prokuraturada yangi bo‘linma tashkil etiladi

Har soha va tizimni rivojlantirish uchun yangi qadamlar tashlanadi....

Migrantlarning farzandlari ta’limi uchun to‘lov joriy etiladi

Rossiya Davlat dumasi mehnat migrantlarining farzandlari o‘qishi uchun to‘lov...
KunTun
KunTun