Bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar barcha jabhalarda yanada jadallik bilan bo‘y ko‘rsatayotganini hammamiz ko‘rib-bilib turibmiz. Ayniqsa, qadimiy qadriyatlar, madaniy yodgorliklari bilan dunyo ahlini maftun etib kelayotgan zaminimizdagi o‘zgarish va yangilanishlar boshlangan ishlarning uzviy davomi sifatida hukumat rahbarining doimiy e’tiborida.
Xususan, vohamizda xalqaro baxshichilik festivali bo‘lib o‘tgani, har ikki yilda bir bora “Boysun bahori” folklor festivalining o‘tkazilishi, shuningdek, hunarmandchilik deysizmi, milliy mnadaniyatimiz targ‘ibiga bag‘ishlangan ko‘rgazma va anjumanlar deysizmi — bularning bari sohadagi tub burilishlardan so‘z ochib turibdi.
Bu yilgi “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalini o‘tkazish uchun har galgidan boshqacha tayyorgarlik ko‘rish asnosida, festival tarixida birinchi bor xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish maqsad qilingan edi.
Nafaqat Surxon zamini, balki butun respublikamiz bo‘ylab milliy an’analarimiz, qadimiy urf-odat va qadriyatlarimizning chuqur tahliliga bag‘ishlangan konferensiyani tashkil etishga respublikamizda faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar, olimlar jalb qilindiki, konferensiyaga jam bo‘lgan mahalliy va xorijiy mehmonlarni boy madaniy merosimiz bilan yanada yaqindan tanishtirish, qolaversa, qadimiy qadamjolarimiz, qadriyatlarimizni yanada kengroq o‘rganish borasidagi taklif va tavsiyalarni o‘rtaga tashlash va shu orqali, “Boysun bahori”ning, Boysun madaniyatining jahon afkor-ommasiga dovrug‘ini yoyishga qaratildi.
Ayni shu maqsadda joriy yilning 7-8 may kunlari Boysun tumanining Padang qishlog‘ida bo‘lib o‘tadigan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali doirasida Termiz shahridagi Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazida Termiz davlat universiteti hamda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamkorligida “Jahon sivilizatsiyasida Boysunning moddiy va ma’naviy madaniyati” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Konferensiyani Termiz davlat universiteti rektori Avazjon Marahimov ochib berdi. Shuningdek, “Boysun bahori” festivali — milliyligimiz ifodasi ekanligi haqida atroflicha so‘z yuritdi.
—Inson qachonki ota-onasini hurmat qilsa, yurtini sevsa, Prezidentiga sodiq bo‘lsa, o‘zligini anglasa, kimning avlodi ekanligni to‘laqonli his etsa, tarixini bilsa, shundagina u Vatanparvar bo‘ladi, — deydi Termiz davlat universiteti rektori Avazjon Marahimov. — Biz qancha ko‘p ilm egallasak, qadimiy qadriyatlarimizni bilsak, ularni asrab-avaylasak, aslida shuncha kam. Boy tariximizni anglash, uni yanada chuqur o‘rganish va tahlil qilish va milliyligimiz bilan faxrlana olsakkina, maqsadga erishgan bo‘lamiz. Milliy madaniyatimiz tarixida bevosita so‘lim Boysun tumanidagi madaniy va arxeologik yodgorliklarning ahamiyati beqiyoski, an’anaviy tarzda “Boysun bahor”ning aynan shu yerda o‘tkazilishi ham bejiz emas. Biz Boysunni, undagi tarixiy yodgorliklarni qachon yaxshi o‘rganamiz, mohiyatiga yetamiz? Avvalo, mana shunday ilmiy-amaliy koneferensiyalar orqali, olimlarning izlanishlari orqali bunga erishishimiz mumkin. Tarixni to‘la-to‘kis anglash va his etish uchun avvalo, o‘sha tarixiy qadamjolarga, makonlarga borishimiz, u yerda ko‘plab tatqiqot ishlarini olib borishimiz kerak. Xo‘ja Gur Gur otani yoki Teshiktosh g‘orining qadimiyligi mahobatiyu, asliyatini o‘sha joylarda bo‘lgan kishi boshqacha tasavvur etadi. Darhaqiqat, Boysun azaldan tamaddun beshigi bo‘lib kelgan. Tarixi ham, madaniyati ham olis-olislarga borib taqaladi. Uni o‘rganish va yanada sayqal toptirishda ushbu konferensiyaning ahamiyati yuqori bo‘ladi, deb umid qilamiz.
—Bugungi kunda madaniyat va san’at sohasiga juda katta e’tibor qaratilib kelinayotganining bir debochasi sifatida “Boysun bahori” festivalini olishimiz mumkin, — deydi “Boysun bahori – yurtim ifori” Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazi direktori Salim Sayimov. — Birgina madaniyat sohasida 30 ga yaqin qaror va farmonlar ishlab chiqildiki, maqsad o‘zbekning boy tarixi va madaniyatini kengroq o‘rganish, soha xodimlariga shart-sharoit yaratish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida bu kabi amaliy ishlar bo‘y ko‘rsatib turibdi. Mazkur konferensiyani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad hama aslida folklor san’atini yanada kamol toptirish, qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, xalq dostonlari, milliy liboslar, xalq o‘yinlari, qadimiy urf-odatlarni saqlab qolish bilan bir qatorda, ularni keng miqyosda targ‘ib etish kabi masalalar ham ilgari surilayotir.
Mazkur ilmiy-amaliy konferensiyaning ochilish marosimidan so‘ng, milliy qadriyat va an’analarimiz, boy madaniy merosimizni yanada chuqur o‘rganish maqsadida anjuman ishi 4 ta sho‘baga bo‘lingan holda davom etdi.
I sho‘ba yig‘ilishi Surxon vohasining etnomadaniy hayotida Boysun madaniyati va ma’naviyatining o‘rni deb nomlanib, unda qator olimlar, professorlar o‘zlarining mavzulari bilan ishtirok etdi.
Jumladan, “Xorijiy va ichki turizm manbasiga asos bo‘lgan Teshiktosh, Amir Temur, Machay g‘orlari”, “Alpomish” dostoni etnografik manba sifatida” kabi bir-biridan qiziq va keng qamrovli mavzularida ma’ruzalar tinglanib, bahs-munozaralar davom etdi. Taklif va tavsiyalar o‘rtaga tashlandi.
II sho‘ba ishi esa O‘zbekiston madaniyati rivojida folklor san’atining ahamiyatiga bag‘ishlanib, “Baxshichilik san’ati an’analarining rivojlantirilishi va uning o‘ziga xos xususiyatlari”, “Sherobod dostonchilik maktabining tarixiy ildizlari va geografiyasi” hamda “O‘zbek xalq og‘zaki ijodiyotida “Sust xotin” marosimining etnolokal talqini (Janubiy O‘zbekiston misolida)” bir bir bayon etilib, ushbu mavzular yuzasi professorlar, olimlar o‘rtasida keng muhokama qilindi. Milliyligimizni yanada kengroq talqin etish, chuqur o‘rganish va qadim qadriyatlarimiz haqida xalqaro miqyosda targ‘ib etish masalalari o‘rtaga tashlandi.
III sho‘ba davomida Boysunning tarixiy va ekoturizm salohiyati – xalqaro turizmning yangi tarmog‘i sifatida ekaniga alohida urg‘u berilib, “Boysun –cho‘lbag‘ir tog‘lar o‘ziga xos turizm manbasi ekanligiga alohida ahamiyat qaratildi. Shuningdek, Boysunning turizm salohiyati bo‘y ko‘rsatuvchi videoroliklar va lavhalar namoyish etildi.
IV sho‘ba yig‘ilishi xalqaro madaniy aloqalarini mustahkamlashda Boysun madaniy muhitning ta’siriga bag‘ishlandi. Unda “O‘zbek milliy naqqoshlik san’atining rivojlanish jarayonlaridagi innovatsiyalar”, “O‘zbek xalqi bayram va marosim taomlarining ramziy tendensiyalari” O‘zbekistonning janubiy hududlarida faoliyat ko‘rsatayotgan “Boysun”, “Quralay”, “Bulbuligiyo”, ”Jayxun” kabi folklor-etnografik jamoalari ma’naviyatimiz timsoli” kabi bir qator mavzularga alohida to‘xtalib o‘tildi. Shundan so‘ng, konefernsiya ishi yakunlandi.
Yakunda Boysun milliy madaniyatini yanada sayqal toptirish, madaniy, moddiy merosni asrab-avaylash, uni jahonga tarannum etish yuzasidan mutasaddilarning taklif va tavsiyalari tinglandi. Shu bilan bir qatorda, Imom-Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Termiz davlat universiteti bilan hamkorlikda Termiziylar hayoti va faoliyatini chuqur o‘rganish yuzasidan ilmiy laboratoriya tashkil etishga kelishib olindi.
Adolat MO‘MINOVA