Bo‘rtib chiqqan bitta nuqtani barmoqlaringiz bilan paypaslasangiz, shunchaki bo‘rtmani his qilasiz. Ammo, Brayl alifbosida ayni shu bitta nuqta “a”, ikkitasi “b” harfini anglatadi. Ularning qo‘shilmasi so‘zlar, gaplarga ulanadi. Ma’no va mazmun ana shu nuqtalar jamlanmasida jam bo‘ladi. Borliqni ko‘ngil ko‘zlari ila anglaydigan insonlargina nuqta kasb etadigan ma’noni o‘qiydi, uqadi. Ularning nazdida olam o‘sha nuqtalarda tasvirlanadigandek. Hulkar Jumayeva jajji qo‘llariga grifil (ruchka) va pribor (temir daftar) tutib, harflarni taniy boshlaganida ilk yozgani “ona” so‘zi bo‘ldi. Uning orzulari osmondek tiniq, buloq suvidek pokiza. Savodini chiqargan ustozlaridek o‘qituvchi bo‘lishga havaslanadi. Buning uchun ho‘p va ko‘p o‘qish lozimligini bilgani holda darsdan tashqari ertak va hikoyalar o‘qishni yoqtiradi. Sho‘rchi tumanidagi ko‘zi ojizlar maktab-internatidan yangi maktabga o‘tgani, u yerdagi shart-sharoitlar o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirdi. U “men ham shu dargohda ustozlik qilaman” deydi qat’iy.
Sho‘rchidagi ko‘zi ojizlar maktab-internati yo‘qdan ko‘ra bor, imkon qadar ta’lim-tarbiya berib kelayotgan, moddiy-texnik bazasi havas qilarli emas muassasa edi. Qurilishiga 14 milliard so‘mlik mablag‘ sarf etilgan Angor tumanida qad rostlagan viloyat ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashgan maktab-internati foydalanishga topshirilgach, Sho‘rchi tumanidagi 125-sonli ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatidan 123 nafar o‘quvchi va 28 nafar o‘qituvchi-pedagog shu yerda faoliyatini davom ettirishmoqda. Bu esa ularning hayotida tub burilish yasadi.
Hamma insonlarning ham to‘rt muchasi sog‘, ikki qaroqlarida nur o‘ynab dunyoga kelmagan ersa-da, ular ham boshqalardek barcha imkoniyatlardan foydalanishga haqli. Bizning jamiyat, biz yashayotgan tuzum barchaga ana shunday imkoniyatlarni beradi, kemtiklikni unuttirib, tenglikni ta’minlaydi. Yaratilgan shart-sharoitlar negizida ular hech kimdan kam emasligi, jamiyatda o‘z o‘rniga ega insonlar bo‘lib shakllanayotgani haqiqat. Ko‘zlangan maqsad o‘zini oqlayaptiki, ular turli jabhalarda mehnat qilishyapti, xizmatlari ila el og‘ziga tushganlar ham yo‘q emas.
Ana shunday g‘amxo‘rlikning amaliy namunasi yuqorida aytganimizdek, Angor tumanida qad rostlagan viloyat ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashgan maktab-internati sifatida bo‘y ko‘rsatdi. Bu haqida so‘z yuritishni ko‘ngilga tugib, maktab-internatida bo‘ldik.
Kirishingiz bilan devordagi maxsus tutqichlarga ko‘zingiz tushadi. Bu o‘quvchilarning bemalol harakatlanishi, o‘ziga kerakli sinfxona, oshxona va yotoqxonasini topib borishiga qulaylik yaratadi. Ikki qavatli o‘quv binosi 180 o‘rinli bo‘lib, sinfxonalarda barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, 150 o‘rinli oshxona va yotoqxona ham xizmat ko‘rsatib kelayotir.
Yangi maktabda allaqachon o‘quv jarayonlari boshlab yuborilgan bo‘lib, har bir sinfxonada darslar qizg‘in. O‘quvchilar ham butun vujudi quloqqa aylanib, mavzuga oid bilimlarni o‘zlashtirish bilan band. Har bir sinfda 10-12 nafar o‘quvchi bilim olishayapti. Ko‘zlari ojiz bo‘lsa-da, eshitish qobiliyati yuqori bo‘lgan o‘g‘il-qizlar uchun maktabda maxsus elektron doskalar va ovozli kopmyuterlardan foydalaniladi. Sport mashg‘ulotlarida esa ovozli koptoklar shug‘ullanishda qulaylik yaratadi. Izolyatsiya bo‘limida esa birinchi tez tibbiy yordam bilan birga kerakli muolajalar olinadi.
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Fazliddin Shoto‘rayevning saboqlariga quloq tutdik. Mavzuni shunday tushuntiryaptiki, bolajonlar tinglab, savollarga javob berib, zukkolik bilan misollar keltiryapti.
Muassasada o‘g‘il-qizlarning kun tartibi reja asosida tuzilgan bo‘lib, bekor o‘tirgan yoshni uchratmaysiz. Ertalabki batantarbiya, nonushta, dars jarayonlari, tushlik, fan, sport va ijodiy to‘garaklar, kechki ovqat…
Uyga berilgan topshiriqlarni bajarish uchun tarbiyachilar xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan. Ular o‘quvchilarni darsga tayyorlaydilar, kerakli yordam va maslahatlarni beradi. Maqsad esa bitta — bu dargohda ta’lim-tarbiya olayotgan o‘quvchi nafaqat oilasiga, jamiyatga, Vatanga kerakli inson bo‘lib yetishishi shart.
Darsdan keyin o‘quvchilar o‘qituvchilari yordami bilan priborga solinadigan oddiy daftar yasash bilan mashg‘ul. Jarayonda biri vatman deb yuritiladigan A1 formatdagi o‘ramli qog‘ozni daftar hajmida buklab chiqayotgan bo‘lsa, qolganlari taxlab, tikib chiqishayapti.
—O‘quvchilar Baryl alifbosida o‘qiydi, yozadi, — deydi matematika o‘qituvchisi Ravshanbek Boynazarov. — Oddiy daftarlarni o‘zimiz tayyorlab olamiz. Buning uchun yupqa karton o‘ramidan foydalanamiz. Oddiy daftardan foydalansa bo‘lmasmikan dersiz, oddiy daftarlarning sifati talabga javob bermaydi. Grifil tegishi bilan teshilib, bo‘rtiqlar hosil qilmaydi.
Maktab-internatida ta’lim olayotgan o‘quvchilarning yutuqlari talaygina. O‘tgan o‘quv yilida 18 nafar yosh maktabni tamomlagan bo‘lsa, 14 nafari oliygoh talabasi bo‘ldi. Fan olimpiadalari, tanlovlar, sport musobaqalarida ham yutuqlar maqtanarli.
—O‘quvchilarimizning ovozlari shirali, — deydi maktab-internatining madaniy-ijodiy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi G‘ayrat Abdivovidov. — Eshitsangiz, hech bir suxandondan kam emas. Bu ovozlardan badiiy adabiyotlarning ovozli variantini tayyorlashda foydalanamiz. Qolaversa, aloqa kompaniyalarida ham bizning ko‘plab bitiruvchi o‘quvchilarimiz operatorlik qilishayotir. Sog‘lom kasbdoshlaridan ko‘ra yaxshiroq natijalarni qayd etishayotgani bizni quvontiradi.
4-sinf o‘quvchisi Shahriyor esa shaxmatda ilg‘or. Ustozlarini-da mot qilib, ko‘pchilikni hayratlantirib kelyapti. “Besh tashabbus” olimpiadasi doirasida tashkil etilgan tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Yuqori sinfdagi yoshlarni ish bilan mashg‘ul qilishda kompyuter savodxonligini oshirib, dasturlash texnologiyalarini o‘zlashtirishlari ham keng yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Ayni shu o‘quvchilar orasidan tajribali va mahoratli dasturchilar chiqqani bu loyihani amalda joriy etishga turtki bo‘ldi.
Qolaversa, maktab-internatida kitobxonlik targ‘iboti ham yaxshi yo‘lga qo‘yilganki, o‘quvchilar qo‘llariga tushgan kitobni darrov o‘qishga tutinadi.
Mutaxassislarning fikricha, jismoniy imkoniyati cheklangani ular uchun ta’lim-tarbiya olishida, iqtidorini namoyon etishida qiyinchilik tug‘dirmaydigan bo‘lib ketgan bo‘lsa-da, ayrim o‘quvchilar uchun “o‘tish” davrida bu nuqsoni psixologik zarba bo‘lib xizmat qilishi ham mumkin.
Ta’lim maskanida 153 nafar o‘quvchi-yoshlar qamrab olingan. Ammo, ko‘zi ojiz yoshlar viloyatmizda yana bor. Ular maktabga borishni istashmaydi. Istashsa-da, ota-onalari bunga yo‘l qo‘ymaydiganlari ham bor. Ana shunday o‘quvchilarni jalb qilish, maktabga qaytarish choralari ko‘rilayotir. Maktab o‘qituvchilari targ‘ibot-tashviqot tadbirlariga safarbar etilgan. Kerakli tushuntirish ishlarini olib borib, bolalarni jamiyatga qo‘shish, ta’lim olishga undashmoqda.
Axir hamma ham nuqsonlarni oddiy holatdek qabul qilmaydi. Tushkunlik, stresslar, o‘z qobig‘iga o‘ralib olish holatlari ko‘p uchraydi. Shunday paytda psixologik yordam yaxshi samara beradi. Qolaversa, dunyoni anglash ular uchun ta’lim-tarbiya olishdan boshlanadi. Aks holda, ko‘ngilni-da zulmat egallashi, tushkunlikning qora tumanlari qoplab olishi shubhasiz. Ana shu o‘rganish, saboq va sabot uni jamiyatga olib kiradi. Nuqsonlardan emas, illatlardan uyalish kerakligini uqtiradi. Qorong‘i xonaga qamalib olish, tushkunlikka tushishdan qutqaradi.
Ko‘rganlarimiz, kuzatganlarimiz-u eshitganlarimizni ko‘rib, Angor tumanidagi viloyat ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashgan maktab-internatida ta’lim-tarbiya ishlari, kelajak uchun puxta o‘ylangan rejalar yaxshi yo‘lga qo‘yilganiga ishonch hosil qildik.
Bu dargohda dars berish ham, saboq olish ham bir qahramonlik. Ular ko‘z ilg‘amas ana shunday buyuk ishlarni amalga oshirishayotir. Bir haftalik dars mashg‘ulotlari, hayot tarzi qizg‘in kechadi. Ishonch bilan so‘zlayotgan o‘g‘il-qizlarning oilasiga, ota-onasi-yu aka-singillariga aytadigan so‘zlari, bir haftalik taassurotlari to‘planib qolganini juma kuni tushdan keyin farzandlarini olib ketish uchun kelgan ota-onalariga peshvoz chiqqan jarayondan sezish qiyin emas.
O‘quvchilar eng asosiysi, ta’lim-tarbiya bilan qorishib ketgan mehr-muhabbat va e’tibordan, g‘amxo‘rlikdan shod. O‘zlariga ishonch bilan uylariga otlanishgan uyg‘oq ko‘ngillardan kutayotganimiz katta. Ishonamiz, ular orasidan haqiqiy san’atkorlar, mahoratli pedagog-u jurnalistlar, chempionlar, o‘z ishining ustalari yetishib chiqadi.
Sayyora ALLAYEVA