Joriy yil boshidan ish boshlagan hokim yordamchilariga katta ishonch bildirilib, shunga yarasha vakolat va mablag‘lar yo‘naltirilgan edi. Vohamizda ham faoliyat yuritayotgan 721 ta mahallada hokim yordamchilari lavozimi joriy etilib, ularning har biri puxta tayyorgarlik va sinovlardan o‘tib, faoliyat boshladi.
Eng muhimi, ana shunday yangi lavozimga tashabbuskor, tadbirkorni qo‘llaydigan, hududga yangilik olib kira oladigan, el dardini eshitib, mahallani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantira oladigan, har jihatdan “baquvvat” yordamchilar tanlab olindi.
Oradan qisqa muddat o‘tgan bo‘lsa ham shu vaqt oralig‘ida sidqidildan ishlagan yordamchilar ham, ishiga mas’uliyatsizlik yoki vazifasini to‘laqonli anglamagan hokim yordamchilari ham bo‘ldi.
Vaqt tilsiz va zabonsiz bo‘lgani bilan u qudratli qurolki, har soniyasida haqiqatni, asl holatni, qilingan ish salmog‘ini ro‘yirost yuzaga chiqarib, saragini sarakka puchagini puchakka ham chiqarib tashlashga-da qodir.
Ish boshlanganiga ham bir chorak bo‘lgan esa-da shu muddat ichida qanday ish ko‘rsata olgani, nimalarni do‘ndirib, qay ishlarni yo‘ndirgani sarhisob qilindi. Hokim yordamchilari faoliyatining muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) tizmi orqali tekshiruvdan o‘tkazildi.
Mahallasida o‘tkazilgan xatlov natijasi, bandlikni ta’minlashdagi ishlari, o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar soni, o‘qishga yo‘naltirish, tadbirkorlik subyekti tashkil etish, kredit ajratish, hududning iqtisodiy-ijtimoiy darajasini belgilab beruvchi statistik ma’lumotlar ko‘lami ham bir-bir monitoring qilinib, natijada vohada faoliyat yuritayotgan hokim yodamchilaridan 58 nafari vazifani chin dildan bajarib a’lo natija ko‘rsatgan bo‘lsa, 182 nafari yaxshi ishlagani e’tirof etildi. 218 nafar yordamchilar qoniqarli ish ko‘rsatgan deya topilib, 263 nafar yangi lavozim egalari qoniqarsiz faoliyat olib borgani uchun “qora” ro‘yxatga tushdi.
Yana bir jihatni alohida ta’kidlash joizki, hokim yodamchilaridan yuqori lavozimlarga ishga tavsiya berilganlari ham bo‘ldi.
—Namunali ishlagan 21 nafar hokim yodamchilarining lavozimini oshirishga tavsiya berildi, — deydi viloyat mahalla va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi rahbari Sherali Jo‘rayev. — Yaxshi ishlayotgan hokim yordamchilari lavozimi va obro‘si kun sayin oshib boraveradi. Biroq hali hanuz yelkadagi mas’uliyatni to‘laqonli anglamagan, ishni o‘lda-jo‘lda bajarayotganlarni vaqt ham, mutasaddilar ham ayab o‘tirmaydi. Misol uchun, ayrim hokim yordamchilari o‘z hududidagi xatlovlarni ham to‘laqonli amalga oshirmagan. Viloyat miqyosida xatlov bor-yo‘g‘i 55 foizga yetadi xolos. Hali o‘z mahallasida kim qanday vaziyatda yashayotgani, kimga qanday yordam kerakligini o‘rganib chiqmagan yordamchi qanday qilib, yaxshi natijadan umid qiladi. 263 nafar hokim yordamchilari faoliyatida “oqsash”lar bo‘lgani uchun ham ularga keyingi chorakda samarali faoliyat yuritishi, ishni yaxshi yo‘lga qo‘yib, aholining og‘irini yengil qilishda yangicha ish tashkil etishi talab etiladi. aynan shuning uchun ham o‘z navbatida ular uchun maxsus o‘quv-seminar tashkil etilayaptiki, ikki kun davom etadigan mazkur seminar ularning faoliyati yangi bosqichga chiqishida debocha bo‘ladi. Mahalliy va xorijiy tajribani puxta o‘zlashtirgan trenerlar tomonidan o‘quv mashg‘ulotlari olib boriladi. Bir so‘z bilan aytganda, ish o‘rgatiladi. Yo‘l-yo‘riq ko‘rsatiladi.
“Hokim yordamchilari faoliyatini samarakli tashkil qilish, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish yo‘llari” mavzusidagi ikki kunlik seminar Termiz davlat universitetida tashkil etildi. Viloyat Iqtisodiyot taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi, Markaziy bank va tijorat banklari, Bojxona boshqarmasi, Savdo-sanoat palatasi kabi 12 ta tashkilotdan mas’ul xodimlar biriktirilganki, sohadagi muammo va yangiliklarni amalga oshirish yuzasidan tushunchalar berish, hamkorlikda faoliyat olib borib, kelgusi chorakda yuqori natijaga erishish ko‘zlangan.
Seminarda joriy yilning 19-aprelida Prezidentimiz raisligida “mahallabay ishlash tizimi natijadorligini oshirish hamda aholi bandligini ta’minlash masalalariga yuzasidan” o‘tkazilgan videoselektorda hamda faoliyati “KPI” tizimida qoniqarsiz deb topilgan hokim yodamchilari ishtirok etdi. Seminardan ko‘zlangan maqsad ushbu hokim yordamchilari duch kelayotgan muammo va masalalarga atroflicha yechim topish, tajriba almashish, joylarda qanday qilib natijadorlikka erishish yo‘llarini birgalikda izlab topishga qaratilgan.
Bugun mahalla tizimida juda katta yangiliklar amalga oshirilayaptiki, hududlarda “beshlik”ka alohida urg‘u berilayapti, ya’ni mahalla raisi, profilaktika isnpektori, yoshlar yetakchisi, oila va xotin-qizlar yo‘nalishidagi mutaxassislarning, avvalo, vakolati oshirildi, qolaversa, oylik maoshlari ham anchayin yuqorilayotir. Ish ham shunga yarasha talab etilishi esa bor gap.
Mahallalarni jadal rivojlantirib, shu yerning o‘zidan chiqmagan holda aholi muammolarini hal etish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun barcha choralar safarbar etilmoqda. Seminarda ta’kidlanganidek, mahalla tizimiga kelgusida hudud aholisi to‘laydigan soliqlardan tushgan tushumning tegishli qismi mahalla byudjetida shakllantirilish choralari ham ko‘rilmoqdaki, bir mahalla bir katta tuzilma bo‘lib, ulkan ishlarga bosh qo‘shadi. Inson qadri yuksalib, aholi hayotidan va ishidan yashab turgan go‘shasidan mamnunlik kayfiyati ustuvor bo‘ladi. Bunda hokim yordamchilari “qoniqarsiz” emas, “drayver” bo‘la olishi kerak. Aslida ulardan talab etilayotgani ham shu.
Adolat MO‘MINOVA