Kimdir sen menga tegma, men senga tegmayman qabilida ish tutishni afzal biladi. Yana kimdir esa yonib ishlashni, tashabbus ko‘rsatib, nafi tegishini istaydi. Shahriyor Qahhorov ham ana shunday shijoatli yoshlardan.
Asl kasbi sartaroshlik bo‘lsa-da, bir joyda to‘xtab turishni istamagani, tirishqoqligi va tinib-tinchimagani uchun viloyat sartaroshlar va kosmetologlar uyushmasining raisligigacha ko‘tarildi. Bir necha bor grandlar yutib, qanchadan-qancha yoshlarni sartaroshlikka qiziqtirdi, kasb o‘rgatib, ishli qilishga erishdi.
U o‘zini bundan ham ko‘proq ishlarni bajarishga qodirman deb hisoblaydi. To‘g‘ri-da, inson o‘ziga yuqori baho berib, ana shu bahoga munosib bo‘lishga intilsagina, albatta, marraga yetadi. Yurtimizda barcha soha va tizimlarga e’tibor qaratilib, ana shunday tashabbuskor yoshlarning bilim va salohiyatidan foydalanish maqsadida ko‘plab istiqbolli loyihalar amaliyotga joriy etilayotir. Buni mahalla tizimi orqali kuzatadigan bo‘lsak, mahallada ishsiz yoshlar bilan ishlaydigan tizimli mexanizmning yo‘qligi bu bo‘g‘inni oqsoqlantirayotgan edi.
Prezidentimizning 2021-yil 3-dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan har bir mahallada hokim yordamchisi va yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilgani yoshlar bilan ishlashda qulaylik aslida. Ularning muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini oshirishga imkoniyat yaratdi. Ushbu lavozimlardan ko‘zlanayotgan maqsad katta. Mas’uliyat yuki esa zalvorli. Maxsus komissiya tashkil etilib, munosib nomzodlar saralanayotgani Shahriyor Qahhorovni ham bee’tibor qoldirmadi. Bu ish ayni men uchun dedi-da, suhbatdan o‘tish uchun hujjat topshirdi.
—Oldin ham yoshlar bilan ishlaganman, ularga faqat bir yo‘nalishda yordam bera olganman xolos, — deydi Angor tumanidagi “Navbahor” mahallasi yoshlar yetakchisi Sh.Qahhorov. — Yoshlar yetakchisi bo‘lsam, yanada ko‘proq nafim tegadi, o‘ylagan rejalarimni amalga oshiraman, degan maqsadda suhbatga bordim. Bitta o‘ringa o‘nga yaqin nomzod raqobatchi, ular ham tajribali, sohada suyagi qotgan, o‘z ishining ustasi bo‘lgan yoshlar edi. Shunday bo‘lsa-da, umid va ishonchimni so‘ndirmadim.
Natijalar ma’lum bo‘lgach, Shahriyor Angor tumanidagi “Navbahor” mahallasining yoshlar yetakchisi lavozimiga tasdiqlandi. Mahalla ma’muriyatida kerakli moddiy-texnik bazasi bilan jihozlangan xona bilan ta’minlandi. U joriy yilning 24-yanvaridan buyon ishlab kelayotgan bo‘lsa, shu qisqa muddat ichida bor imkoniyatlarini ishga sola oldi.
Ishni mahalla va uning yoshlari bilan tanishishdan boshladi. Uyma-uy yurib, yoshlardan hol so‘radi, muammolarini o‘rganib, kerakli yordam berishni maqsad qildi. Mahalladagi 831 yoshdan ishsiz, yordam va rag‘batga muhtojlari ham topildi, albatta. Yoshlar yetakchisining sa’y-harakatlari bilan yana 24 nafar yosh “Yoshlar daftari”ga kiritildi va manzilli ko‘mak berish ishlari boshlab yuborildi.
—2 nafar yoshga harbiy xizmatni o‘tash uchun badal puli jamg‘arma hisobidan to‘lab berilgan bo‘lsa, 10 nafar yigit-qiz kasb-hunarga yo‘naltirildi, — deydi yoshlar yetakchisi. — Ular kurslarda o‘qib, sertifikat olgach, faoliyatini boshladi.
Shahriyor mahalla profilaktika inspektori bilan birga tungi reydlar uyushtirib, jinoyatchilikning oldini olishga urinadi. Bemahalda yurgan yosh bormi, ular bilan suhbat va tushuntirish ishlarini olib boradi.
Foydasi tegayapti shekilli, kechki payt zarurat bo‘lmasa, mahalla yoshlari bemaqsad izg‘imaydigan bo‘lishgan. Balki, bunga yoshlarning vaqtini mazmunli tashkil etishda bosh-qosh bo‘layotgan yetakchining xizmati kattadir. Negaki, tuman xalq ta’limi bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlarning amaliy natijasi sababdir bunda. Soat 17:00 dan keyin mahalla hududidagi maktabning kutubxonasi, axborot-resurs markazi hamda sport maydoni yoshlar yetakchisining ixtiyorida. Shahriyor yoshlarni jalb qilib, qiziqishlariga ko‘ra kimdir kitob mutolaasi bilan, kimdir kompyuter savodxonligini oshirish bilan band. Maktabdan biriktirilgan mas’ullar kerakli bilim va ko‘rikmalarni berib kelishayotir. Ayniqsa, futbol, voleybol, shaxmat-shashka kabi sport o‘yinlarining tashkil etilgani ham yoshlarga manzur bo‘layotir.
—Avvaliga sport o‘yinlariga yoshlarni jalb etish qiyin bo‘ldi, — deydi Shahriyor. — Majburlab olib chiqardik. O‘yinda toblanib, qiziqishi ortib boraverganidan so‘ng, o‘zlari kela boshlashdi. Shundan so‘ng, ko‘chalar kesimida sport turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etib, g‘olib jamoalarni rag‘batlantirib borishni ham yo‘lga qo‘ydik.
Shahriyor yoshlarni kuzatadi, qiziqish va layoqatini hisobga olib, o‘sha soha bo‘yicha qo‘llab-quvvatlashga urinadi. Tikuvchilikka qiziqishi va epi bor qizlarni jam qilib, mahallada tikuvchilik to‘garagi ochdi. Ilm yo‘lini tanlamoqchilar esa turli fan to‘garaklariga yo‘naltirilgan. Yoshlar yetakchisi tavsiya qilgan yoshlar to‘g‘araklarga bepul qatnab kelayotir.
Eng yaxshi yetakchi “Yoshlarning bo‘sh vaqti — yetakchining ish vaqti” shiori ostida ishlar ekan. Shahriyor ham hamma vaqt yoshlarni eshitadi, muammolarini hal etish uchun tinim bilmaydi. Maktabdan mahallada o‘z ishini boshlagan yetakchi maktabdan uzilgan emas, doimiy ravishda davomat va tig‘ tadbirlarini o‘tkazib keladi. Muntazam ravishda dars qoldirayotgan o‘quvchilarning sinf rahbarlari bilan uylariga borishdan, vaziyatni o‘rganishdan erinmaydi.
—Ana shunday doimiy kelmaydigan o‘quvchini o‘rganishni boshlab, yarim tunda billiardxonadan topdik. Tog‘asining qaramog‘ida ekan. Kerakli tushuntirish ishlaridan so‘ng, o‘quvchi maktabga qaytarildi. Ayni paytda bir soat ham dars qoldirmayapti, — deydi qahramonimiz.
Yoshlar o‘tish davrida turli psixologik jarayonlarni boshidan o‘tkazadi. Bunday paytda ularni to‘g‘ri tushunish, yetarlicha shart-sharoit yaratib berib, eng asosiysi, ular bilan do‘stona munosabatda bo‘lish talab etiladi. Aks holda, butun bir hayotini izdan chiqarib yuboradigan qarorlarni qabul qilishi hech gap emas.
Uyidan qochib, ishlash uchun ketmoqchi bo‘lgan yigitni vaqtida aniqlab, uni yo‘ldan qaytarishda ham yoshlar yetakchisining xizmati katta bo‘ldi. Bu yigitning oilasidagi tushunmovchilik va ziddiyatlar, ota-onaning birga yashamayotgani ruhiyatida ayni shunday o‘zgarishlarga sabab bo‘lgani ayonlashgach, mahalla faollari bilan birgalikda ota-onasi bilan suhbatlar olib borildi. Kerakli tushuntirish ishlaridan so‘ng farzandi taqdiri uchun ham murosa yo‘lini tanlashgani jamiyatdagi bitta oilani asrab qolishga sabab bo‘ldi.
Shahriyor kuzatishlari, o‘rganishlari davomida bildiki, aksariyat muammolar to‘liqsiz oiladan boshlanadi. Yoki ota-ona mehr va e’tiboridan mahrum farzandlar hayoti va tarbiyasi izdan chiqadi. Bunday paytda nafaqat farzand, balki ota-ona muammosiga ham psixologik yondashib, yo‘l-yo‘riq va maslahat yordam berishini o‘ylagan yoshlar yetakchisi “Bir keksaga o‘n nafar yosh” shiori ostida nuroniylar maktabini tashkil etdi. Keksa avlod vakillarining nasihat va maslahatlari, boy tajribalaridan foydalangan holda uchrashuvlar, davra suhbatlari, individual suhbatlar uyushtirib turadi.
Yana bir gap, jinoyatchilik bo‘yicha “Navbahor” mahallasi sariq hududga kirishi Shahriyor Qahhorovni juda ranjitadi:
—Mahallamizda birorta ham jinoyatchilik sodir etilmasa-da, mahallamiz sariq hududda. Sababi, bu hudud tuman markazida bo‘lgani uchun boshqa hududdan kelib jinoyatchilik sodir qilsa ham statistika bo‘yicha hisobotlarda bizning mahallaga yoziladi. Ushbu masala yuzasidan profilaktika inspektori bilan so‘rovnoma jo‘natganmiz. Masalamiz ijobiy yechim topishi bizni quvontiradi.
Kishi nimalarga qodir ekanini ba’zan yillar davomida bilib bo‘lmasa, ba’zan qisqa muddat yetarli bo‘ladi. Shahriyor Qahhorov ham bir necha oy davomida mahalla ahlining mehr-muhabbatini qozondi. Yoshlarning yaqiniga, do‘stiga aylandi. U tirishqoq va faol. Har soniya vaqtning qadriga yetadi. Vaqti tig‘iz bo‘lishiga qaramay, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishib kelayapti. Buning sirini reja asosida ishlaganida deb biladi. Ishini sevgani uchun ham sohasining ustasi bo‘lmagunicha qo‘ymaydi. Yarim yo‘lda tashlab ketishni qo‘rqoqlik sanaydi.
Har yumushga mas’uliyat bilan yondashadigan qahramonimiz har ishdan hislat va o‘zi uchun kerakli jihatlarni olish shart deb hisoblaydi. Yaqinda Toshkent shahrida bo‘lib, “Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda mahallada yoshlar yetakchisining o‘rni” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etib, keyingi faoliyati davomida qilajak ishlarini rejalashtirib keldi. O‘zi uchun yangiliklar oldi, kamchilik va yutuqlarini tahlil qildi.
Asosiysi, bildirilgan ishonchni oqlashda yangidan-yangi g‘oyalar, loyihalarni rejalashtirib qo‘ydi. Buni Shahriyor Qahhorovning kelgusi faoliyatida kuzatamiz. Ajab emas, tashabbuskor yetakchining muvaffaqiyatlari hamkasblari uchun o‘rnak va namuna bo‘lsa.
Sayyora ALLAYEVA