“Huashen silk worm pro”dagi qizg‘in ishlar

Date:

Statistikka har doim odamni qiziqtirib kelgan. Chunki fakt va raqamlar qilinayotgan ishlar salmog‘ini, natijasini ro‘y-rost ko‘rsatib turadi. Birgina 2021-yilda 400 quti ipak qurti parvarishlab, Xitoy va Yaponiyadan keltiriladigan ota va ona qurtlarini shu yerning o‘zida chatishtirib, duragay ipak qurti urug‘ini olish natijasida 28 ming quti ipak qurti yetishtirilgan. Chetdan ipak qurti xarid qilinmasligi evaziga davlatga shu yilning o‘zidayoq 600 ming dollar foyda keltirgan “Huashen silk worm pro”da ish qizg‘in.

O‘zbekiston — Xitoy hamkorligi asosida tashkil etilgan qo‘shma korxona ayollar bandligini ta’minlashda ham qo‘l kelayotir. Mutaxassislarning fikriga qaraganda, o‘zimizda boqiladigan ipak qurtlarining hammasini xorijdan olib kelsak, qimmatga tushadi. Ayni damda ota va ona qurtlar Xitoy va Yaponiyadan keltirilayotgan bo‘lsa, Denov tuumanida ipakchilik korxonasi qurilishi boshlangan bo‘lib, 2024-yilda ishga tushadigan korxonada ota va ona qurtlar yetishtirilib, chetdan ipak qurti importi butkul to‘xtatilishi rejalashtirilgan.

2017-yilda Yurtboshimiz viloyatimizga qilgan tashriflari chog‘ida voha ipakchilik sanoatiga ahamiyat qaratgan edi. Shu yildan boshlab Angor tumanida “Huashen silk worm pro” qo‘shma korxonasi ham ish boshladi. 2021-yilga kelib, mazkur korxonada yetishtirilgan ipak qurti urug‘lari voha pillakorlarining ipak qurtiga bo‘lgan ehtiyojini 100 foiz qamrab oldi, desak adashmagan bo‘lamiz.  Nafaqat vohada balki, boshqa viloyatlar barobarida, Turkmaniston va Tojikiston davlatlariga ham ipak qurtlari urug‘i eksporti yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, urug‘lik uchun ipak qurtlari Denov, Oltinsoy, Uzun tumanlaridagi zvenolarda ham boqiladi.

Ayni damda vohada birinchi mavsumda ipak qurti parvarishlash ishlari qizg‘in kechmoqda. Ushbu soha beixtiyor xotin-qizlarning ishga jalb etilishida, ish o‘rinlari yaratilib, oilalarga daromad olib kirishda angorliklar uchun yanada ahamiyatli bo‘layotir.

Angor tumanidagi bir kunlik xizmat safarimiz chog‘ida xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasidagi ishlarni o‘rganish asnosida “Huashen silk worm pro”ga ham tashrif buyurdik.

—6 yildan beri ushbu korxonada doimiy ish bilan bandman, — deydi Saida Norqulova. — Erta tongda ishga kelib, tun yarimlaganda uyga qaytamiz. Barg kesamiz, pillalarga barg beramiz, g‘anak qilamiz. Qurtlarga bark solamiz. Ipak qurtlarini parvarishlashning ham o‘ziga yarasha murakkab tomonlari bor. Yog‘och so‘rilarga avval qog‘oz, ustidan somon, uning ustidan esa maxsus setkalar to‘shab, pillalarni parvarishlaymiz. Har bir uyqudan uyg‘onganda g‘anakka kirishamiz. Korxonada sharoitlar yaxshi, tumanimiz xotin-qizlarining ish bilan ta’minlashida qo‘l kelayotgan korxonada faoliyat olib borayotganidan ayollarimiz xursand. Ham ish ham daromad. Qolaversa, jamiyat rivojida  hissamiz borligi bizning baxtimiz.

Qo‘li-qo‘liga tegmay mehnat qilayotgan xotin-qizlarning yuzida quvonch, ko‘nglida shukrona, hayotidan rozilik balqib turgan yuz-ko‘zlari kishiga issiq ko‘rinadi. Biri opa biri singil bo‘lib, inoqlikda mehnat qilayotgan bu qoshu  ko‘zlarning ertasidan umidi, bugunidan shukronasi bor.

Ayni damda ipak qurtlari to‘rtinchi uyqudan turib, mo‘yak o‘rashga hozirlik ko‘rmoqda. “Huashen silk worm pro”da xorijdan keltirilgan “elita” ota-ona qurtlardan duragay urug‘lar olish maqsadida ayol va erkak ipak qurtlari alohida xonalarda boqiladi. Mo‘yak terib olingach, uch kundan so‘ng har bir mo‘yak kesilib, ulardan g‘umbaklari ajratib olinadi. G‘umbaklar olingach esa ular chatishtiriladi. Duragay qurtlar olingach ular uch-to‘rt oy davomida maxsus matolarga ilib qo‘yiladi. Noyabr oyining oxirlariga kelib, labarotoriya sharoitida 13 xil biotekshiruvlardan o‘tkazilib, tayyor bo‘lgan ipak qurtlari maxsus qutilarga terib chiqiladi. Urug‘lar muzxonada minus 05 gradusda saqlanadi. Mart oyining oxirlariga kelib, aholi xonadonlari, pillachilik zvenolariga tarqatiladi. G‘umbagi ajratib olingan mo‘yaklar qayta ishlashga yo‘naltiriladi.

Tasavvur qilayapsizmi, xirmon-xirmon uyilgan ipak qurti mo‘yaklarining har biridan g‘umbak ajratib olish uchun o‘z navbatida katta qo‘l kuchi kerak bo‘ladi. Shuning uchun ham doimiy 30 dan ortiq mavsumida 1200 nafargacha xotin-qizlar ushbu korxonada mehnat qilishib, daromad topishadi.

Adolat MO‘MINOVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Topshiriqlar ijrosi o‘rganildi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan...

Xitoyda qadimgi insonning yangi turi topildi

Inson evolyutsiyasi har doim qizg‘in bahslarga sabab bo‘lib kelgan....

Cho‘lponning yangi topilgan asari nashr etildi

Ma’rifatparvar bobolarimizning ijodiy merosi, ayniqsa, hali adabiy jamoatchilikka noma’lum...

Bayrog‘imiz jahon sahnasida

Chempionat va kurashlarda polvonlar yurtidan nomzodlar ishtirok etsa, sportchilarning...
KunTun
KunTun