Ishi pishiq, rejasi aniq hokim yordamchisi

Date:

Bugun mahalla tizimida tamomila yangicha ish tashkil etilmoqda. Hokim yordamchilari har bir mahallada ish boshladi. Ushbu lavozimga har jihatdan tashabbuskor, jamiyatda peshqadamligi bilan o‘rnak bo‘la oladigan, el dardiga quloq tutib, hududlardagi muammo va masalalar yechimida ham shijoati va ishbilarmonligini qo‘llagan holda ish tutib, mahalla iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishini yuqori bosqichga olib chiqadigan kadrlar tayinlab olindi.

Hokim yordamchilari ish boshlaganiga endigina to‘rt oy o‘tgan esa-da mahallalarda qator ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu esa ushbu lavozim o‘zini oqlay boshlaganini anglatadi.

Hokim yordamchilari faoliyati sezilarli natija berayotgani Angor tumanida ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Tumanda jami 36 ta mahallaga hokim yordamchilari tayinlanib, shu kunga qadar amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinganda, ko‘rsatkichlar anchayin yuqoriligini ko‘rish mumkin. Aholi bandligini ta’minlash, subsidiya asosida ish o‘rinlari yaratish, o‘qishga yo‘naltirish, kredit ajratib, ishsiz xotin-qizlar, yoshlarni band qilish, hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji kabi yo‘nalishlar tahlili Angor tumani respublikadagi 207 ta shahar va tumanlar ichida 16-o‘rinni band qilib turganini ko‘rsatmoqda.

Hokim yordamchisi faoliyati bilan tanishish, qilinayotgan ishlarni ro‘y-rost o‘rganish maqsadida Angor tumani “Bahor” mahalla fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi Hamid Muhammadiyev faoliyati bilan yaqindan tanishdik.

—Mahallada hokim yordamchisi sifatida ish boshlashim bilanoq aholi xonadonlariga uyma-uy kirib, xatlovni amalga oshirib, hududdagi haqiqiy ahvolni obdon o‘rgandim, — deydi “Bahor” mahalla fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi Hamid Muhammadiyev. — O‘zim shu mahallada tug‘ilib o‘sganman. Ilgaritdan ham fuqarolarning yashash sharoiti, turmush-tarzini yaxshi bilsam ham ayni vaqtda kimga qanday yordam kerak, kimning oilasida ehtiyojmand fuqarolar istiqomat qiladi, qanday imkoniyatlari bor —masalaning bu tomoni bilan yaqindan tanishib chiqdim. Avvaliga “hokim yordamchisi ham mahallada ishlaydiganlarning biri, gapiradi-qo‘yadi, qo‘lidan bir ish kelmaydi” deb ishonqiramaganlar ham bo‘ldi. Fuqarolarga ko‘mak berish, tadbirkorlikka yo‘naltirish uchun esa avvalo, ularning ishonchiga kirish, fuqarolar bilan yaqin do‘st bo‘lish kerak. Men shuni qildim. Bir xonadonda parrandachilik kooperatsiyasi bilan hamkorlikda parrandachilikni yo‘lga qo‘ydim. 400 ta jo‘ja berib, bir joyda uch oila jo‘ja boqishni boshlashiga erishdim. Ming shukurki, ish yaxshi samara berdi. 3 kishiga 2 million so‘mdan oylik va’da qildim, chunki ular ham qilgan mehnatiga yarasha haq olishi kerak. Ish haqi olsa, mehnatni ham shunga yarasha qiladi. Ushbu xonadonlar o‘zlari yetishtirgan parrandani gril qilib tayyorlab sotishi uchun ularga kreditga apparat olib berishni o‘ylab turibman. Avval jo‘ja boqadi, keyin tovuqdan gril tayyorlab sotadi. Buyam eplaganga yaxshi daromad.

Ushbu mahallada 4 264 nafar aholi istoqomat qiladi. “Bahor”ning drayver nuqtalari dehqonchilik, chorvachilik va xizmat ko‘rsatishda ko‘rinadi. Aholi qo‘l ostida jami 263 gektar yer maydonida qishin-yozin karam, gulkaram, toshkaram, qizilcha,  daykon kabi mahsulotlar ekilib, shu yerning o‘zidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri mahalliy va xorijiy bozorlarga eksportga yo‘naltiriladi. Hududdagi 11 ta tadbirkorlik subyekti logistika markazi tashkil etgani bunda qo‘l kelmoqda.

Aslini olib qaraganda, ushbu logistika markazlarining o‘ziyoq, aholi uchun ish o‘rinlari demakdir. Yuk mashinalariga mahsulotlarni saralab, qog‘oz o‘ramlarga joylashtirib berish,  yuklarni tashish, xaridorlarga mehmon uylaridan joy berish, ularning osh-ovqatidan tortib, to ortga qaytishgacha bo‘lgan fursatda mahalliy aholi ish bilan band bo‘ladi. Ishning ko‘zini biladigan hokim yordamchisi esa tadbrikorlikni boshlash uchun bir fuqaro uyida avtomobillarga xizmat ko‘rsatish shoxobchasini ochishga turtki berdi. Chunki yuk mashinalarini yuvish, avtomobillarga pullik xizmat ko‘rsatish ham bu yerda yaxshigina qo‘l keladi.

Logistika markazlari tufayli ham “Bahor” fuqarolari yetishtirgan mahsulotini qayerga olib borib sotaman, kuyib qolmasmikanman, degan hadikdan holi yashaydi. Aholi bor kuch-g‘ayratini mehnatga, dehqonchilikka urgan.

Har bir xonadonda kamida 2-3 qoramol, 4-5 qo‘y-qo‘zi marab turgani esa ko‘ngilni quvontiradi. Shuning o‘ziyoq aholi xonadonidagi to‘kinlikdan darak beradi aslida.

“Bahor”dagi jami 784 ta xonadonda ham fuqarolar muntazam tomorqasida ish bilan bandligini ko‘rishimiz mumkin. Kimdir karam yetishtirsa, yana kimdir, qizilchani qizartirib bozorgir mahsulotga aylantirayotgani ustidan chiqamiz.

Mahalla ilgaritdan ham ishbilarmon, tadbirkor va tashabbuskor fuqarolar maskani bo‘lib kelgan. Ammo, Hamid Muhammadiyev hokim yordamchisi sifatida ish boshlagach, avvalo, hududdagi ishsiz, ishsiz ham deb bo‘lmaydi, tomorqada mehnat qilayotganlarni kasbga yo‘naltirish maqsadida 38 nafar xotin-qizni Termiz shahridagi “Zif textile”ga ishga joylashtirib, avvalo, ularga tikish-bichish sabog‘ini o‘rganish va shu orqali oilasiga rizq olib kelishiga yo‘l ochdi. Qolaversa, hududda qurilishi boshlangan terini qayta ishlash zavodi uchun kadrlar zaxirasini tayyorlab olish ham maqsad qilingan.

Shuningdek, 64 ta ishsiz yosh va xotin-qizning doimiy bandligini ta’minlash maqsadida har biriga 15 sotixdan yer maydoni 10 yil muddatga ijaraga berilgan bo‘lib, hali chorak yil o‘tmasidanoq dehqonchilikda suyagi qotgan fuqarolar ertachi ekinlarni ekib, allaqachon 20-30 million so‘mdan daromad olishga ham erishdi. Mashina olaman, degani qaysi-yu uy solib, to‘y boshlayman degani qaysi. Bir mavsumdayoq ish o‘z samarasini bergani esa hokim yordamchisiga yanada turtki berdi.

—Mahallamizda kredit olaman, deganlari unchalik ham ko‘p emas, chunki ular kredit olib, foizini to‘lab o‘tirishdan ko‘ra yo logistikada ishlaydi yoki tomorqasiga ishlov berib, shuning orqasidan foyda ko‘rishni afzal biladi, — deydi hokim yordamchisi. — Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida 3 ta tadbirkorga 86 million so‘mlik kredit ajratdik. Xususan, issiqxonaga 66, xizmat ko‘rsatishga esa 20 million so‘m kredit mablag‘lari ajratilib, tabdirkorlar allaqachon faoliyatni boshlab yuborgan.

So‘zi ham, amali ham ishining pishiqligida, jonkuyarligida ko‘rinadigan Hamid aka fuqarolarning ichki imkoniyatidan foydalanib ish tutishga harakat qiladi. Kimning qo‘lidan nima kelsa, shu ishni unga ishonib topshirish kerak, qabilida ish ko‘radiganlardan. Misol uchun, mahallada istiqomat qilayotgan Sayfiddin Sattorov tomorqasining bir chetida “sassiq kovrak” daraxti qo‘shnilari tomorqasiga boradigan suv yo‘lini to‘sib qo‘ygani uchun kesib tashlashga ko‘zi qiymay turgan bir pallada hokim yordamchisi unga ko‘makka keldi. Daraxtlarni kesib, uning yog‘ochidan 2 sotixli issiqxona qurildi. Kimdir 33 million so‘m kredit olib, shuncha maydonda issiqxona tashkil etib turgan bir paytda, atiga 3 million so‘m xarajat evaziga issiqxona qurildi. Ayni damda baqlajonlar ko‘zni quvnatib, xaridoriga tomon shoshib turibdi. Buyam bir ezgu tashabbus aslida.

Hamid Muhammadiyev azaldan qiynalgan oilalarga ko‘mak berib kelayotgan tashabbuskor tadbirkorlardan. Ehtiyojmand oilalarga yordam qo‘lini cho‘zishni odat qilgan. Hududda istiqomat qilayotgan Umida Jumayeva boshqa hududga turmushga chiqib ketib, sharoiti yo‘qligi uchun “Bahor”dagi tomorqasini sotishga tutinganini eshitgan hamono hokim yordamchisi Umidaning shart-sharoiti bilan yaqindan tanishdi. Ushbu oila uchun homiy tadbirkorlardan ko‘mak olib, o‘sha tomorqada ikki xonali imorat qad rostlanmoqda. Qurilish bitsa, Umida Jumayeva oilasi bilan shu yerda dehqonchilikka kirishib, daromad ko‘rishni boshlaydi.

“Bahor”da istiqomat qilayotgan ishsiz fuqarolardan 8 nafari doimiy ish bilan band qilinib, 2 ta oilaning biriga subsidiya asosida issiqxona, ikkinchisiga esa tikuv mashinasi berilib, ular ham faoliyat boshlagan.

Mahalla hududida 2 ta maktab, 3 ta maktabgacha ta’lim maskani, 10 ta savdo do‘koni, shuningdek, qator ijtimoiy obyektlar aholi xizmatida. Hokim yordamchisining o‘tgan davr mobaynidagi ishlarini sarhisob qilaversak, hech oxiri ko‘rinmaydigandek.

Hududda qurilayotgan uy mehmonxonasi ham,  hammom ham ayni logistika tufayli yaxshigina daromad keltirishiga ishonchi baland hokim yordamchisi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining hosildorligini oshirishni, ekinlarning urug‘i xorijiy davlatlardan keltirilib, aholi uchun noqulaylik tug‘dirishi istamagani uchun ham, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomiga ariza bilan murojaat qilgan. “Bahor”da yetishtirilayotgan mahsulotlar hajmi yillik 31,5 ming tonnani tashkil etib, yetishtirilayotgan mahsulotlarning asosiy qismi, ya’ni 25,2 ming tonnasi Rossiya, Ukraina, Belarussiya, Qozog‘iston, Tojikiston davlatlariga eksport qilinadi. Mahsulotlarning 6,3 ming tonnasi esa ichki bozorga realizatsiya qilinadi. — Bir so‘z bilan aytganda, viloyat miqyosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari shu yerning o‘zidagi logistika markazlarida qadoqlanib, eksportga yo‘naltirilishi netijasida oyiga kamida 50 ming tonna mahsulot eksportga yo‘naltiriladi. Ammo, ushbu mahsulotlar urug‘i asosan chet eldan, xususan, AQSh, Xitoy, Rossiya, Gollandiyadan keltiriladi. Birinchidasn qadoqlangan urug‘larda gramiga nisbatan kam chiqadi, ikkinchidan qadoqlardagi urug‘larning sifati pastligi aniqlangan. Yerga qadalgan har urug‘ ko‘karib chiqmasligini aholi tomorqalarida bir necha bor sinovdan o‘tgan. Shuning uchun ham gulkaram, lavlagi, sarimsoqpiyoz, brokkolli va xitoy karami, pomidor, bodringlar urug‘ini olimlar mahalliy sharoitda tayyorlash masalasi ilgari surilgan ushbu g‘oya natijasida bir guruh tekshiruvchilar kelib, hududda yetishtirilayotgan mahsulotlar va urug‘lar holatini o‘rganib ketishgan. Amaliy natijalar bo‘y ko‘rsatishidan umidvormiz, — deydi qahramonimiz.

Olimlarning ish boshlashini kutib o‘tirmasda, mahallada ayni paytda urug‘ yetishtirish boshlab yuborilganida ham ko‘rish mumkin. Murodulla Iskandarov tomorqasida 2 sotix joyda Gollandiyadan keltirilgan daykon urug‘ini mahalliy sharoitda yetishtirishga kirishilgan.  

—Yil o‘n ikki oy mehnat qilib kam bo‘lganimiz yo‘q, — deydi Murodulla Iskandarov. — Bir gektar joyda karamimiz bor. Qizilcha ekkanmiz. Daykon ham asosan eksportga yo‘naltiriladi. Biz daykonni 60 gramlik urug‘ini, 150 ming so‘mga sotib olardik. Endi o‘zimiz ham urug‘ni yetishtirishni maqsad qildik, ham arzon tushadi, ham mahalliy aholiga sotamiz. Daykonning bir kilogramini 5-6 ming so‘mdan sotamiz. Tomorqadan daromadimiz yaxshi.

Yana bir quvonarli tomoni, ushbu mahalla aholisi kimgadir yordam so‘rab borishga, kredit olib, ish boshlashga yoki muammosini dasturxon qilib, qaysidir idora eshigini taqillatishga vaqt topisha olmas ekan. Mahalladagi hokim yordamchisi faoliyati bilan yaqindan tanishish bahonasida qilgan tashrifimiz natijasida oydinlashadiki, aholi inoq, bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi. O‘ziga to‘qchiligi ham mehnati orqasidan ekani shundoq ko‘rinib turibdi. Qoq tush mahali ham dehqonchiligidan hech horimaydigan odamlarni dalalarda, ish ustida uchratdik.

“Bahor”da har bir xonadonda avtoulovni ko‘rasiz. Yiliga 50-60 xonadon yangi mashina olishga urinadi. Hokim yordamchisining esa hali boshlagan ishlari, rejalari bisyor. “Har bir fuqaro boy bo‘lmaguncha, hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lmaguncha tirishaman, shundagina maqsadimga yetgan bo‘laman” deya ishiga jadallik bilan kirishgan, yelkadagi mas’uliyatni to‘laqonli his qilib, vazifasini sidqidildan bajarayotgan qahramonimizning otasiga rahmat degimiz keldi.

Adolat MO‘MINOVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

678 nafar aholi ichimlik suvi bilan ta’minlandi

Denov tumani "Yoshlik" mahallasi Alamjahon qishlog‘i aholisi uchun diametri...

Mashg‘ulotlar boshlandi

O‘zbekistonda qirg‘iz-o‘zbek kompyuter qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi. Mashg‘ulotlar 14-oktyabrga...

Kaskad usulida…

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan AQShning Mehribonlik korpusi...

“Yashil makon” umummilliy loyihasiga start berildi

Ezgu amallarni o‘zida mujassam etgan “Yashil makon” umummilliy harakati...
KunTun
KunTun