Turizm rivojida oilaviy mehmon uylarining o‘rni qanday?

Date:

Turizm sohasi endigina atak-chechak qilib yurayotgan bolakaydek  emas, harholda. Hududlarning turizm salohiyatini oshirish, mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb etish, vohamizdagi eng qadimiy, diqqatga sazovor turistik zonalarni keng miqyosda targ‘ib etish hamda sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida boshlangan sa’y-harakatlarga ham ancha-muncha vaqt bo‘lib qoldi. Bu orada viloyat Turizm boshqarmasi, viloyat Madaniy meros boshqarmalariga ulkan imkoniyatlar berildi va shunga yarasha mablag‘lar ham ajratilmoqda. Mutasaddilardan talab etiladigani esa voha imijini oshirish, sayyohlik obyektlarini gullatib qo‘yish, qadimiy va boy tariximizni dunyoga ko‘z-ko‘z etish va shu orqali sayohatchilar oqimini ko‘paytirish, turizmni rivojlantirishdan iboratdir.

To‘g‘ri, ishlar qilinayapti, islohotlar amalga oshirilmoqda, yangiliklar ham talaygina. Biroq bu sa’y-harakatlar, targ‘ibot-tashviqot ishlari turistlarni qanchalik vohamizga jalb qila olayapti? Viloyatimizning turistik obyektlarini keng targ‘ib qilish, mehmonlar uchun qulay shart-sharotlar yaratish borasidagi ishlar qanday kechmoqda? Mehmonnavozligimizdan sayyohlar rozimi? Turizm rivojlanishida oilaviy mehmon uylarining o‘rni qanday?

Indallosini aytganda…

Viloyat Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Xayrulla Xolmurodovning bergan ma’lumotlariga qaraganda, ayni vaqtda vohamizda 143 ta oilaviy mehmon uylari faoliyat yuritmoqda. Umumiy hisobda mehmonlar uchun tayyorlangan o‘rinlar soni 1226 tani tashkil etadi. Bu degani, bir vaqtning o‘zida oilaviy mehmon uylarida shuncha sayohatchi mehmonda bo‘lish imkoniyatiga ega. Shu kunga qadar vohamizga 53 dan ortiq xorijiy davlatlardan sayyohlar tashrif buyurgan.

Surxon zaminiga tashrif buyurayotgan sayyohlar bugungi kunda hashamatli mehmonxonalardan farqli o‘laroq, oilaviy mehmon uylariga ko‘proq qiziqish bildirayotgani ham bor gap.

Ham daromadli, ham yangi rivojlanayotgan soha bo‘lgani uchun ham ko‘pchilik xonadonida oilaviy mehmon uylari tashkil etishni istashi turgan gap. Buning ham o‘z qonun-qoidalari bor, albatta.

Oilaviy mehmon uylariga qo‘yiladigan talablar

Har bir xonadonda oilaviy mehmon uyi ochish uchun har bir mehmon uchun 3 metr kvadrat joy bo‘lishi kerak. Shuningdek, bitta oilaviy mehmon uyi 10 nafargacha sayyohni qamrab olishi mumkinligi nizomda ham belgilab qo‘yilgan.  Undan ortig‘iga ruhsat berilmaydi.

Yakka tartibdagi tadbirkor yoki oilaviy korxona yoinki xususiy firmasi bo‘lgan fuqarolargina oilaviy mehmon uyi ochishi mumkin. Sababi, ular soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak. Oilaviy mehmon uyi ochishning imtiyozlari ham bor. Masalan, ana shunday xonadonlar tabaqalashtirilgan soliq to‘lashi belgilab qo‘yilgan. Agar viloyat markazida oilaviy mehmon uyi ochgan shaxs yakka tadbirkor bo‘lsa, oyiga 200 ming so‘m, tuman markazida bo‘lsa, 100 ming so‘m, chekka hududda istiqomat qilayotgan shaxs mehmon uyi tashkil etsa, oyiga atigi 50 ming so‘m soliq to‘lashi belgilangan. Har bir oilaviy mehmon uyiga ikki-uch nafar ishsiz fuqarolar ishga joylashishi mumkin bo‘ladi.

Oilaviy mehmon uyi tashkil etganga yana bir imkoniyat — bu oilakredit.uz saytidagi platformasi orqali 50 million so‘mgacha kredit ajratilishi ham Prezidentimizning 2022-yil 27-yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ko‘rsatib o‘tilgan.

 Odam qadami arimaydigan “Firdavs”

Ko‘plar qatori oilaviy mehmon uylari faoliyati biz uchun ham qiziq. Qiziqishimiz esa Termiz shahrida joylashgan “Firdavs” oilaviy mehmon uyiga eldi. Mazkur oilaviy mehmon uyida sayyohlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdik.

Firdavs Halilovning oilaviy mehmon uyi biz borgan mahalimizda ham 9 nafar mehmonga xizmat ko‘rsatayotgan ekan. Asosan sayohatchilar Fransiya, Italiya, Eron, Koreya, Izrail, Rossiya, Braziliya, Argentina kabi davlatlardan tashrif buyuradi.

Joriy yil boshidan buyon 400 dan ortiq mehmonga mezbonlik qilgan Firdavsbekning asli kasbi tarjimonlik bo‘lgani uchun ham vohamizga tashrif buyurayotgan sayyoh nimani xohlaydi, qayerlarga borishni istaydi, ular Surxondan nima kutadi kabi savollarga allaqachon javob topgani uchun ham oilaviy mehmon uyi tashkil qilgan.

Bo‘sh turgan hovlisida qariyb 4 yildan buyon mehmonlarni qabul qilib, ularga surxoncha mehmonnavozlik bilan javob qaytarayotgan Firdavsbekning o‘zi marketingni yaxshi tushungani qo‘l kelmoqda. Ayrim mehmonxonalar “pashsha” qo‘rib o‘tirgan vaqtlarda ham ushbu mehmon uyi gavjum. Ustiga ustak mehmon uchun qulay narx va sifatli shart-sharoit hozirlangan.

—Bir necha yil tarjimonlik qilib, sayohatchilarni voha bo‘ylab olib yurganim uchun ham, kelayotgan sayyohlarning oila tutimiga, mahallada, xonadonlarda yashab, ular bilan birga turmush tarzini yaqinda o‘rganishga qiziqishi balandligini seganman, — deydi Firdavs Halilov. — Mehmon uyimizga  kunda 7-8 nafar mehmon tashrif buyuradi. Sayyohlar keti hech uzilib qolgan emas. Shuning ortidan 3 ta ish o‘rni yaratganman. O‘z marketingim bor. Google mapsda, OLX.uzda ham maxsus dasturlar orqali mehmon uyim haqida, qulayliklari, narxlari haqida ma’lumotlar joylashtirib boraman, shu orqali mehmonlar o‘zlari qidirib, topib kelishadi. Ayni vaqtda ichki turizmga ham alohida ahamiyat qaratilayotgani mehmon uylari uchun ham qo‘l kelayapti. Turli viloyatlardan ham mehmonlarim ko‘p.

Firdavsbekning aytishicha, sayyohlar bilan ishlashda, avvalo, xonadon egasi xushmuomala, mehmondo‘st, barcha qulayliklarni yaratib bera oladigan ishbilarmon bo‘lishi kerak. Bu sohaning ham injiq tomonlari bor, albatta. Mehmonlar yo‘l yurib, charchab, tinchgina dam olgisi keladi yoki vohaning o‘ziga xos joylariga sayr etgisi keladi, bular haqidagi ma’lumotlar, yo‘l-yo‘riqlar bilan mehmonni xabardor qilish ham mezbonning vazifasi.

Ba’zan mehmonlar mahalliy, milliy taomlarni tayyorlashga tutinadi, buning uchun ham xonadonda maxsus qozon-o‘choq tayyorlab qo‘yilgan. Endilikda, ikki o‘tov, bir tandirni hovli ichiga joylashtirib, sayohatga kelayotganlar uchun haqiqiy surxon muhitini ko‘rsatish, qadim qadriyatlarga oshno tutintirish maqsad qilingan. “Firdavs”ga tashrif buyurgan mehmonlar uchun endilikda o‘tovlar ichida milliy liboslarimizda o‘tirib, asl Surxonni yanada dildan his qilishlari mumkin bo‘ladi.

Surxon “o‘gaymi”?

Bizda turizm sohasida marketing yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan, eng diqqatga sazovor qadimiy joylarimiz bilan Samarqandu Buxoroni-da ortda qoldirar boy tariximiz, ko‘ngilochar maskanlarimiz, so‘lim va purviqor kengliklarda yastanib yotgan tog‘larimiz bor, deya fikrida davom etadi Firdavs Halilov. “Bularning har birini butun dunyoga tarannum etish uchun, avvalo, ushbu joylarni obod maskanga aylantirish, oilaviy mehmon uylarini ko‘paytirish, tur operatorlar, turistik marshrutlar faoliyatini yaxshilashimiz kerak.

Turizmning o‘ziga alohida marketing kerak.

Diqqatga sazovor joylar, madaniy meros obyektlari haqidagi ma’lumotlar, banner, rolik va afishalarni dunyoning har chekkasida targ‘ib etishimiz kerak. Xalqaro aeroportlar, temir yo‘l vokzallariga, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirib borsak, mehmonlar oqimi o‘z-o‘zidan ko‘payadi.

Bir necha yillardan buyon shu soha ichida yurganim uchun ham turizm davlatni qanchalik boy qilishini, kelayotgan sayyohlar oqimi orqali katta miqdordagi moliyaviy daromad ham oqib kelishi anglaganman.

O‘ylab qarsangiz, turist ovqatlanadi, dam oladi, ko‘ngilochar maskanlarga boradi, shafyorlar xizmatidan foydalanadi, milliy buyumlardan xarid qiladi. Xullas, bir so‘z bilan aytganda, bir turistning orqasidan juda ko‘plab fuqarolar manfaatdor bo‘ladi. Yanada ish o‘rni kengayadi. Qachongacha Samarqand, Buxoroga, Xivaga turistlar oqib ketadi. Surxondaryo o‘gay emasku? Aslida ulardan-da qadimiyroq tariximiz bor. Imkoniyatlarimiz ham shunga yarasha, faqatgina vohada amalga oshrilayotgan ishlarni jonlantirish, marketingga ko‘proq urg‘u berish kerak, nazarimda.

Misol uchun, oilaviy mehmon uyining o‘zidan yaxshigina daromad ko‘rsa bo‘ladi. Ketmon chopmaysiz, o‘roq o‘rib, yoki g‘isht tashimaysiz. Mehmon uchun yaxshi sharoit, qulay imkoniyat va tag‘ibot qilib, sayohatchini o‘zingizga “og‘dirishingiz” kerak xolos.

Buni allaqachon sayohatchi qadami uzilmaydigan o‘sha samarqandu buxoroliklar yaxshi bilishadi. “Sizning diyoringizda juda ko‘plab qadimiy obyektlar, ajoyib maskanlar borligini endigina bilib turibmiz, ilgari, ma’lumot qidirib ham topa olmagandik, hech qayerdan tuzuk-quruq ma’lumot topolmagach, boshqa joylarga sayohatga ketishga majbur bo‘lardik” degan sayohatchilar ham bo‘lgan. Turizm kelajagi bor soha. Bunga sarmoya kiritish, targ‘ibot va tashviqot qilish kerak, shundagina sayohatchilar “yog‘iladi”.

Masalan, sayohatchilar o‘tovga qiziqadi. Lekin bitta o‘tovni qurish uchun 15 million so‘m kerak bo‘lar ekan. Mana shuning o‘ziyam biznes qilsa bo‘ladigan ish. O‘tov tayyorlab sotish kerak. Talab ortib borayaptimi, sayohatchi shunga qiziqadimi, shuni hozirlash kerak. Bizdan ortiqcha narsa talab qilinmayaptiku, nega endi ham foydali, ham daromadli sohani jonlantirmasligimiz kerak?”

Odam tabiatga chiqqisi, shahar shovqinidan, shoshqin hayotdan bir chetda turib, so‘lim tabiat qo‘ynida orom olgisi keladi. Ayniqsa, rivojlanishning cho‘qissiga yetib, zamonaviylikdan bezinkirab qolgan sayohatchilarda bunga ehtiyoj yuqori. Buni yaxshi anglagan Firdavsbek Sangardak, Boysun tomonlarda ham turistlar uchun oilaviy mehmon uyi qurishni, so‘lim va betakror Surxonimizni dunyoga ko‘z-ko‘z qilish orqali sayohatchilarni ko‘proq jalb etishni oldiga maqsad qilgan. Va shu orqali ko‘plab ishsiz yoshlarga ham ish o‘rni yaratgan bo‘lardim, deya kuyunchaklik bilan gapiradi tarjimon yigit.

Mehmon nimadan norozi?

Bir mehmon, boshqa bir mehmonlarni vohaga yetaklovchi “zanjir” misoli. Bir bor kelib ketgan mehmon boshqa bir mehmonning sayohatga kelishiga sababchi bo‘lishi turgan gap. Shuning uchun ham tashrif buyurgan mehmon mamnun holda ortga qaytishi uchun bor imoniyatni safarbar qilish kerak.

Xorijdan tashrif buyurayotgan sayyohlar asosan, mehmonnavozlikdan, mehribonligimiz, har bir narsaga e’tiborli bo‘lishimizdan minnatdor bo‘lishadi. Ayniqsa, do‘ppidek oshni birgalikda tayyorlab, oila bo‘lib birga taomlanganda judayam quvonishadi, milliy taomlarimizni boshqacha bir mehr bilan qarshi olishadi.

—Mehmonlarni ranjitadigan bir jihat borki, ko‘pchilik xorijiy mehmonlar menda so‘rashadi, “nega sizlarda tur operatorlar xizmati sezilmaydi? xaritalar yo‘q, biz qayerga borishni, qaysi tarixiy joyni ko‘rishni bilmasdan, ma’lumot topishda qiynalamiz, turistik marshrutlaringiz ham yo‘lga qo‘yilmagan” deya haqli e’tirozlarini va takliflarini aytishganda, ba’zan, rosti, uyalaman, — deydi qahramonimiz. Bir sayohatchi Fayoztepa, Oks Aleksandriyasiga borib-qaytishi uchun taksi zakaz qilsa, 50-60 dollar yo‘l xarajatiga ketib qoladi. Sayyohning ovqati, yashash joyi, tarixiy borar joylariga ketgan xarajati qo‘shib hisoblansa, ancha-muncha mablag‘ kelib chiqadi. Natijada Surxon zaminiga qilingan sayohat qimmatga tushadi. Bu esa sayohatchining noroziligiga sabab bo‘lishi tabbiy.

Dunyoning bir burchidan Surxondaryoni ko‘raman, deb kelgan mehmonga bu kabi sharoitlarni qilib berolmaganimiz, mehmonlar oqimini kun sayin yo‘qota borishimizni anglatadi. Turizm rivojlantirilishi kerak, turistlarning kelishi turgan bitgani foyda, sayohatchilar uchun qulay shart-sharoit yaratamiz deb emas, bu borada amaliy ishlarni jonlantirish, o‘z-o‘zidan sayohatchilar oqib kelishiga erishishimiz kerak. Shundagiga turizm rivojlanadi.

Adolat MO‘MINOVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Yangi oliygoh ish boshladi

O‘zbekiston mustaqil, demokratik davlat sifatida o‘z dunyoviy va diniy...

20 nafar yoshga 50 sotixdan…

Bugungi kunda ishsizlik muammo emas. Yurtimizda ishsizlar bandligini ta’minlashning...

Kuniga 50 tonna…

“Temirxotin” filmini ko‘p bor tomosha qilganmiz. O‘sha yillar uchun...

Shartlar o‘zgardi

Albatta, kredit barcha muammolarga munosib yechim va ish boshlovchilar...
KunTun
KunTun