Yahyo G‘ulomov… Bu nom ostida O‘zbekiston tarixi, arxeologiyasi, etnografiyasi fanlarida yorqin iz qoldirgan, butun umrini, bilimini o‘z xalqining tarixini o‘rganishga bag‘ishlagan halol, vatanparvar olim gavdalanadi. Yahyo G‘ulomovning el-yurt oldidagi xizmatlari katta. U mamlakatimizning oliy mukofotlaridan biri “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Yahyo G‘ulomovning hayotini, qilgan xizmatlarini yuzaga chiqarish, sof ilmiy baholash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. 1998-yil 27-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan O‘zR Fanlar akademiyasi Tarix instituti tomonidan tashkil etilgan Yahyo G‘ulomov nomidagi «O‘zbek xalqi va uning davlatchiligi tarixi» Respublika ilmiy seminari samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Respublikadagi yetakchi tarixchi, arxeolog, etnograf, manbashunos olimlarni birlashtirgan ushbu seminar O‘zbekistonning barcha viloyatlarida o‘z ilmiy anjumanlarini o‘tkazib kelmoqda. Bu anjumanlarda qilingan yuzlab ilmiy ma’ruzalar O‘zbekiston tarixi va o‘zbek davlatchiligi tarixining eng qadimiy davrlaridan to hozirgi mustaqillik yillarigacha shonli tarixining eng dolzarb masalalarini qamrab oldi.
Surxondaryo viloyati, Surxon vohasi qadim davlatchilik tarixiga ega bo‘lib, ushbu hududda topilgan arxeologik yodgorliklar bundan dalolat beradi. Qadimiy Surxon vohasi bronza davrida O‘zbekiston hududida ilk dehqonchilik madaniyatiga asos bo‘lgan Sopollitepa, Jarqo‘ton, Tillabuloq, Tulkitepa, ilk temir davriga oid Qiziltepa, Xayitobodtepa, Burguttepa, antik davrga oid Dalvarzin, Qo‘rg‘onzol, Kampirtepa kabi yodgorliklari bilan butun dunyoga mashhur.
Hozirgi kunda Yahyo G‘ulomov izdoshlari yetakchilik qilayotgan o‘zbek arxeolog olimlari O‘zbekistonning qadimiy madaniyati va davlatchiligi tarixini arxeologik qazishmalar asosida o‘rganish borasida katta ilmiy kashfiyotlarni amalga oshirmoqda. Ularning safida Termiz davlat universitetining zabardast olimlari Shopo‘lat Shaydullaev va To‘xtash Annayevlarning ham bor. Ular tomonidan jahonning o‘ndan ortiq eng yirik arxeologiya markazlari bilan hamkorlikda O‘rta Osiyo xalqlari moddiy madaniyati tarixi, O‘zbekiston hududida ilk davlatlarning paydo bo‘lishi, ilk shahar madaniyati va ilk sivilizatsiyalarning shakllanishi muammosi, antik va o‘rta asrlarda o‘zbek xalqi va davlatchiligi taraqqiyoti bilan bog‘liq ko‘plab yodgorliklarda arxeologik tadqiqotlar amalga oshirib kelinmoqda.
Mazkur anjumanning navbatdagi 78-umummilliy yig‘ini Termiz davlat universitetida tashkil etildi. Seminarda o‘zbek davlatchiligi tarixida Surxon vohasining bronza, ilk temir, antik va ilk o‘rta asrlar davri moddiy madaniyati, davlatchilik ildizlari va ilk unvonlar mavzularida ilmiy ma’ruzalar qilindi. Bu masalalarga oid yangi topilmalarga ilmiy xulosalar berildi. Undan tashqari koviylar boshqaruvi davri tarixi, Birinchi Uyg‘onish davriga oid Termiziylarning o‘rni, ma’naviyati hamda o‘rta asrlar davrida Surxon vohasining tarixi, madaniyati va ma’naviyati xususidagi ma’ruzalar katta qiziqish bilan tinglandi.
Ushbu ma’ruzalar Surxon vohasining hozirgi va kelgusidagi ilmiy faoliyati uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi. Hammamizga ma’lumki, Surxon vohasi o‘zbek davlatchiligi taraqqiyotida muhim hudud bo‘lish bilan birga Islom dunyosiga yetakchi olimlarni yetkazib bergan makon hisoblanadi. Aynan shu jihatlar e’tiborga olinib, o‘tkazilgan seminar doirasida vohaning keyingi yillarda dunyo ilm-faniga munosib hissa qo‘shishi imkoniyatlari keng ilmiy jamoatchilik oldida muhokama qilindi.
Bahs-munozarlarda respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan tarixchi olimlar va fan o‘qituvchilari jonli va onlayn shaklda bu borada o‘z fikr-mulohazalarni bildirishdi. Yalpi majlis yakunida ishtirokchilar tomonidan “O‘zbek xalqi davlatchiligi tarixi” bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi. Shuningdek, ilmiy doira vakillari Termiz davlat universiteti talabalariga tarix fanining dolzarb masalalari bo‘yicha master klass tashkil etilishi kelishib olindi.
S.Murodova