“Boysun bahori” xalqaro folklor festivali bo‘lib o‘tadigan vaqt tobora yaqinlashib bormoqda. E’tiboringizga namoyish etiladigan bir kunlik badiiy chiqishlar tag zamirida juda katta tayyorgarlik yotishini, unga ko‘plab mutaxassislar, folklorshunos olimlar, ijodkorlar jalb etilganini, festival bir yoki ikki kunda o‘z-o‘zidan o‘tkazilib qolavermasligini, uning ortida ham yuzlab ijodkorlarning, zaxmatkashlarning hissasi borligini Termiz shahridagi San’at saroyidagi festivalga tayyorgarlik jarayonlaridan ham bilish mumkin.
Muhtasham San’at saroyi anfiteatrida festivalning tantanali ochilish hamda yopilish marosimlariga tayyorgarlik jarayonlari ustidan chiqib qoldik. San’at saroyi rejissyori Turg‘unpo‘lat Yo‘ldoshev bevosita bu yilgi “Boysun bahori” festivaliga bosh rejissyor sifatida tayinlangan. U kishini suhbatga tortdik.
Ko‘pchilikni bu yilgi festival qay darajada tashkil etilishi va tayyorgarlik jarayonlari qanday kechayotgani qiziqtiradi. Shunday ekan, festivalga tayyorgarlik jarayonlari haqida rejissyordan qiziqarli va muhim ma’lumotlarni bilib oldik.
—Joriy yilning 7-8-may kunlari Padangda bo‘lib o‘tadigan “Boysun bahori” festivali ilgari ochiq folklor festivali deya atalib, unda istalgan jamoa o‘z folklor chiqishlari bilan ishtirok etishi mumkin bo‘lardi, — deydi San’at saroyi bosh rejissyori Turg‘unpo‘lat Yo‘ldoshev. — Ammo bu yil festivalga xalqaro maqomi berilgach, tayyorgarlik ham tamomila boshqacha o‘tayapti. Bunda asosan, respublikamizning turli hududlaridan festivalga ishtirok etadigan jamoalar saralab olindi. Bu yil festivalda respublika jamoalaridan saralab olingan 15 ta jamoa bilan bir qatorda 12 ta xorijiy davlatdan ham folklor jamoalar ishtirok etishi kutilayapti. Ushbu davlatlardan festivalda ishtirok etish uchun jamoalarning dasturlari ham qabul qilingan.
Mahalliy va xorijiy mehmonlarni o‘ziga chorlab turguvchi, Boysunning “Shalola” folklor jamoasi ham viloyatimizda o‘tkazilgan saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tib, “Boysun bahori”da ishtirok etish baxtiga muyassar bo‘ldi. Festivalga kiritilgan yana bir yangilik shundaki, endilikda festivalda bahs boylashadigan jamoalar yagona syujet ostidagi, yaxlit kompozitsion asarni namoyish etishi kerak bo‘ladi. Oldinlari ishtirokchilar har xil voqea-hodisalardan parchalar namoyish etib, huddikim, sahnada kichik konsert tomoshasi ko‘rganday bo‘lardik.
“Boysun bahori”ga kiritilgan bu tashabbus qadimgi davrni to‘laqonli his qilishga, turmushning qaysidir qismini ro‘y-rost ko‘rsatib, kishida o‘zgacha tassavvur uyg‘otishga xizmat qilishi turgan gap. Chunki berilgan ma’lumotga qaraganda, festivalda ishtirok etadigan jamoalar milliy atlas, adrasu beqasamlarda emas, qaysi davr sahnaga olib chiqilgan bo‘lsa, o‘sha davrni o‘zida aks ettiruvchi qadimiy liboslarda chiqishi lozimligi belgilab qo‘yilgan. Tobora yildan yilga sayqallanib, mukammalashib borgan “Boysun bahori” bu yil professional darajada o‘tkazilishi kutilmoqda.
Bunda ishtirok etayotgan jamoalar 12-15 minut oralig‘ida o‘z chiqishlaini xalqaro hakamlarga havola etadi. Va har bir jamoada 12 nafardan ishtirokchi qatnashishi shart qilib qo‘yilgan.
Tumanlar folklor jamoalarining ham festivaldagi ishtiroki muhim bo‘ladi. Har bir tuman o‘z qo‘rg‘onida chiqishlar uyushtirib, yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashish barobarida, qadim yurtga sayohatga chorlab qoladi.
—“Boysun bahori” festivalining ochilish va yopilish marosimiga viloyatimizdan 80 nafar raqqosa qizlar saralab olingan bo‘lib, ayni damda raqqosalar asosiy bayram dasturini sahnalashtirishda ishtirok etish uchun tayyorgarlik ko‘rishayapti, — deydi rejissyor. — Festivalning ochilish qismida namoyish etiladigan badiiy qism poytaxtlik ijodkorlar bilan hamkorlikda tayyorlanayapti. Bunda poytaxtimizdan “O‘zbekiston”, “Lazgi” hamda “Bahor” jamoalari ham ishtirok etadi. Tanlab olingan dasturlarni sahnalashtirish jarayonlari boshlab yurborilgan. Festival folklor festivali bo‘lganligi uchun asosan folklor dasturlariga urg‘u beriladi. Boysun folklor-etnografik jamoasidan, shuningdek, Sariosiyo, Uzun, Qumqo‘rg‘on hamda Sho‘rchi tumani folklor jamoalarining dasturlaridan ham ayrim namunalar olingan. Ochilish marosimida boshqa viloyatlarning ham folklor jamoalari dasturlariga navbat beriladi.
Surxon eli baxshilar yurti sifatida dunyo ahli tiliga tushganini inkor eta olmaymiz. Xalqaro festival baxshilar ishtirokisiz o‘tmasligi ham tayin, badiiy chiqishlarda viloyat maqom ansambli bilan baxshilar hamkorligida baxshilar uchun ham alohida chiqishlar tayyorlanayaptiki, tomoshabinlar baxshilarning yopiq ovozdagi ijrolaridan bahramand bo‘lishadi.
Kuni kecha San’at saroyida vohada ijod qilayotgan baxshilar saralab olindi, endilikda ular ham bastakor Komil Xidirov boshchiligida baxshilar dasturlari tayyorlanayapti.
23-aprelga qadar yakka tayyorgarliklar San’at saroyining o‘zida olib boriladi va festivalda ishtirok etadigan barcha ishtirokchilar qo‘shma tayyorgarlikni 24-apreldan boshlashadi. 28-aprelda barcha guruhlar Boysunga jam bo‘lishib, festivalga tayyorgarlik o‘sha yerda davom etadi. 3-maydan esa poytaxtlik ijodkorlar ham tayyorgarlikka qo‘shilishadi. Bayram dasturining asosiy tayyorgarliklari olib boriladi.
Shuningdek, ayni vaqtda festivalning asosiy bayram tantanalarida ishtirok etadigan, rasmiy qismlarda fon bo‘lib turadigan ishtirokchilar ham shu yerning o‘zida hozirlik ko‘rishmoqda. Ular festivalda ishtirok etadigan qirqqa yaqin jamoalarning chiqishlarida ularni sahnaga kuzatib qo‘yishadi. Termiz davlat universiteti talabalari ham bunda bevosita ishtirok etishadi.
Shuningdek, chavandozlarning chiqishlari, kurash musobaqalari ham festivalda namoyish etiladi.
Bu yilgi “Boysun bahori” folklor festivalini o‘tkazishda xotin-qizlarning yuksak darajadagi ishtiroki, ular uchun ham ko‘plab milliy qadriyatlar namoyish etilishi kutilayapti. Ayollar uchun 10 ga yaqin milliy o‘yinlar, qadimiy urf-odatlar bilan bog‘liq musobaqalar tashkil etilishi ham reja qilingan. Jumladan, o‘sma qo‘yish, milliy liboslar namoyishi, ip yigirish, ip tortish kabi qadimiy, yo‘qolib borayotgan qadriyatlar tarannum etiladi. Va yakunda ular rag‘batlantiriladi. Etnograf olimlar milliy o‘yinlar, milliy qadriyatlarni qayta tiklash, udumlar o‘tkazilishi tartib-tamoyillarini izlab topish bilan mashg‘ul.
Bir so‘z bilan aytganda, “Boyun bahori” bu yil har qachongidan ham o‘zga bir tarovat, o‘zgacha bir taassurotlar bilan kishilarning yodidan chiqmaydigan, bir umr esda qolarlik urf-odatu an’analar bo‘y ko‘rsatadi.
Adolat MO‘MINOVA