Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan kadastr sohasiga oid qonun, farmon va qarorlar ijrosini ta’minlash, tizimda olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish, yerlarning hisobini yuritish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyatda yerdan foydalanish va uni muhofaza qilish, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi yerlaridan oqilona va samarali foydalamishni targ‘ib etishga qaratilgan keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Shunga qaramasdan, viloyatda yerlardan noqonuniy foydalanish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlari aniqlanmoqda. Jumladan, boshqarma hamda tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan joriy yilning o‘tkan 3 oyi davomida 541 ta holatda 91,25 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, ularning ma’lum qismiga noqonuniy qurilmalar qurilganligi holati aniqlandi. Tahlilga ko‘ra, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan 91,25 gektar yer maydonining 74,43 gektari qishloq xo‘jaligiga, 4,75 gektari aholi punktlariga, 7,04 gektari suv fondi, 0,78 gektari sanoat, transport, aloqa, mudofaa, tarixiy-madaniy ahamiyatga molik obyektlarga, qolgan qismi esa boshqa turdagi yerlarga tegishli ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Qonunbuzilish holatlari o‘rganilganda 348 tasi uy-joy qurish, 109 tasi noturar qurilishlar qilish, 84 tasi esa boshqa maqsadlarda yerlardan noqonuniy foydalanib kelgan. Yerga oid aniqlangan 541 ta qonun buzilish holati bo‘yicha uni sodir sodir etgan shaxslarga qonunbuzilish holatini ixtiyoriy bartaraf etish yuzasidan ogohlantirish xatlari, ko‘rsatmalar yuborildi. Ko‘rilgan choralar, tushuntirish ishlari natijasida 293 ta noqonuniy holat bartaraf etildi.
Olib borilgan targ‘ibot tashviqot tadbirlari va qonunbuzilish holatlarini ixtiyoriy bartaraf etish bo‘yicha berilgan muddatlar ichida qonunbuzilish holatlarini bartaraf etmaganlar uchun noqonuniy qurib olingan qurilmalarni majburiy tartibda buzdirish yuzasidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlariga da’vo arizalar kiritildi. Bundan tashqari, yerdan foydalanish bo‘yicha 7 ta noqonuniy holatda jinoyat alomatlari mavjud bo‘lganligi sababli Huquqni muhofaza qiluvchi organlariga huquqiy baho berish uchun tegishli tartibda hujjatlar taqdim etildi. Shuningdek, o‘rganishlar davomida mutaxassislarimiz tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksga asosan, joriy yilning 3 (uch) oyi davomida davlat yer, kadastr geodeziya nazorati sohasidagi qonunbuzilish hujjatlarini bartaraf etishda 374 nafar huqubuzarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Shu o‘rinda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlaridan yer va suv resurslaridan oqilona hamda maqsadli foydalanish, uni asrab avaylash, kelajak avlod uchun bus-butun saqlash, yer qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ymasliklarini yana bir bor eslatib o‘tmoqchimiz. Zero, qoununga ko‘ra yer qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan jismoniy va yuridik shaxslar ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilishi qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Menglimamat Abdiraxmanov,
Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i