Ekologiya sohasida qonunchilik ta’minlanyaptimi?

Date:

Inson o‘z ehtiyoji uchun tabiatdan shafqatsizlarcha foydalanayotir. Bu esa global muammolarga eshik ochmoqdaki, oxir-oqibat zarar ko‘radigan ham o‘zimiz. So‘nggi yillarda respublikamizning barcha hududlari ulkan qurilish maydoniga aylanganini ko‘rib, kuzatib turibmiz. Birinchi navbatda qurilish bo‘layotgan obyektlardan ko‘tarilayotgan chang havoni ifloslantirayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan bino va inshootlarimiz bitishi uchun suv, tuproq, yog‘och, qum-shag‘al kerak. Bu esa ana shu ne’mat va vositalardan istaganimizcha olish, tabiatdan palapartish foydalanishimizga olib kelayotir. Yana ko‘plab sabablar ham borki, bularni rad etib bo‘lmaydi.


Xatolarni tuzatish, tabiatni asrash uchun esa “Yashil makon” loyihasi umummilliy harakatga aylandi. Keng jamoatchilikka ekologik madaniyatimiz tushuntirilib, kerakli targ‘ibot-tshviqot ishlari olib borilmoqda. Bu bilan ham kifoyalanmay, Bosh prokuratura tuzilmasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi tashkil etildi. Yangi boshqarma uchun Bosh prokuraturaning tashkiliy-shtat tuzilmasida Surxondaryo viloyatida ham shtat birliklari ajratilib, ular ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat o‘rnatishayotir. Yangi tuzilma ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik hujjatlari ijrosini ta’minlash bilan birga tabiatni muhofaza qiladi. Tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ularni qayta ishlash, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishda davlat ekologik nazorati olib borilishida qonuniylikni ta’minlaydi. Iqlim o‘zgarishi sohasiga doir dasturlar va loyihalarda belgilangan dasturlar va chora-tadbirlarning o‘z vaqtida ijro etilishini ta’minlab, atmosfera havosi, yer, yerosti boyliklari, suv, o‘rmonlar, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qiladi.


O‘rmon xo‘jaliklari ana shunday muhofaza hududi sanaladi. Surxondaryo viloyatida 6 ta o‘rmon xo‘jaligi bor. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 18-fevralda “Yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonidan kelib chiqib, ushbu hududlardagi yerlardan oqilona foydalanish maqsadida tadbirkor va fuqarolarga ijaraga beriladigan bo‘ldi. Hudud imkoniyatlaridan oqilona foydalanib, daromad olishni ko‘zlagan ba’zi tadbirkorlar ekkanidan ham ko‘prog‘iga egalik qilishni istadilar. O‘rmon xo‘jaliklaridagi tabiiy holda o‘suvchi ba’zi noyob tur o‘simliklarni kesib ketishni odat tusiga aylantirishdi.
Kavrak noyob o‘simlik turi bo‘lib, uning shirasidan tibbiyotda keng qo‘llaniladi. Yurtimizda yetishtirilayotgan kavrak o‘simligi asosan Hindiston davlatiga eksport qilinadi. Kavrakning yana bir foydali xususiyati shuki, o‘simlik tuproq ostidagi namlikni saqlaydi. Shuning uchun ham kavrak atrofida boshqa o‘simliklar ham unib o‘sib, yashillik saqlanadi. Afsuski, kavraklar kesib ketilishi hisobiga 95 foizga qisqarib ketgan bo‘lib, ayni paytda ushbu o‘simlik turi yo‘qolib ketish xavfi ostida turibdi. 192, 5 gektar o‘rmon xo‘jaligi yer maydonlarida cho‘llanish sodir bo‘lmoqda.
Bobotog‘ Davlat o‘rmon xo‘jaligining “Fayzova” o‘rmon bo‘limining 6-aylanma 7-kvartali hududda O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan tojik kavragi o‘simligining shirasini olish maqsadida 955 donasi kesilganligi natijasida o‘simlik dunyosiga 472 725 000 (to‘rt yuz yetmish ikki million yetti yuz yigirma besh ming) so‘m zarar va davlat manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazilgan.

“Ekologiya sohasida qonunchilikni ta’minlash, ekologik huquqbuzarliklarni oldini olish, sohadagi mavjud muammolarni hal qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar” mavzusida viloyat Ekologiya boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi hamkorligida matbuot anjumani o‘tkazildi. Anjumanda so‘zga chiqqan mutaxassislar mamlakatimizda o‘simlik dunyosi obyektlarini, xususan daraxtlarning noqonuniy kesilishiga yo‘l qo‘ymaslik, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni to‘g‘ri tashkil qilish, hayvonot dunyosini asrab avaylash, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan tadbirlar xususida to‘xtalib o‘tdilar.
Jumladan, Surxondaryo viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan joylarda davlat inspektorlari tomonidan 2024-yil 1-choragi davomida tabiatni muhofaza qilish sohasiga oid qonun va qarorlar ijrosi yuzasidan olib borilgan nazorat tadbirlari hisoboti tinglandi. Aniqlanishicha, ushbu davomida 878 nafar huquqbuzarga (shundan 37 tasi mansabdor shaxs 45,2 million so‘m)ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksiga asoslangan holda ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, 782,4 million so‘m miqdorida jarima va 42 ta holat bo‘yicha 258,3 million so‘m tabiatga yetkazilgan zarar hisoblangan. Davlat inspektorlari tomonidan 950 dan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarga sohaga oid profilaktika tadbirlari o‘tkazilgan. Lekin shunga qaramasdan Ma’muriy jarimalarning yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘llanilishini tahlil qiladigan bo‘lsak, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida 334 ta, atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida 276 ta, suv obyektlarini muhofaza qilish sohasida 39 ta, yerlarni muhofaza qilish sohasida 110 ta, yer osti boyliklarini muhofaza qilish sohasida 46 ta va shu kabi boshqa sohalarda huquqbuzarliklar aniqlanib, jarimalar belgilangan. Bu ko‘rsatkichlar faqatgina ekoinspektorlar tomonidan aniqlangan holatlar ekanligi, aniqlanmay qolayotgan ekologik huquqbuzarliklar, tabiat bugun bizdan unga nisbatan e’tiborsizligimiz evaziga bizdan qasos olmoqda.
Tadbir davomida xalqimizni qiynab kelayotgan sohaga oid muammolli masalalar yuzasidan berilgan savollarga tegishlicha javoblar olindi.

S.Allayeva

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Senator, deputat va yoshlar uchrashuvi

Termiz iqtisodiyot va servis universitetida “Senator, deputat va yoshlar”...

Biznes sirlari ochildi

Robert Kiosakining “Boy ota va kambag‘al ota” asarida shunday...

Ta’limni “jonlantirish” uchun “lallaygan” va “shalpaygan”lardan tozalash kerak!

Maktabni, qo‘limga ilk bor qalam tutqazib, yozishni, chizishni, o‘qishni...

Ekologik tarbiya muhim

Tabiatni avaylab asrash, u ehson etgan ne’matlardan oqilona foydalanish...
KunTun
KunTun