Bolalarda yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish madaniyatini erta yoshdan shakllantirish yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Bunda ta’limiy spektakllar orqali zarur bilim va ko‘nikmalarni qiziqarli tarzda yetkazish samarali usullardan biridir.
Surxondaryo viloyati qo‘g‘irchoq teatrining ijodiy jamoasi Termiz tumanidagi 35-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilariga «Azizjon va sirli yo‘l belgilari» spektaklini namoyish etdi.

Tomosha davomida yosh tomoshabinlar yo‘l belgilari, harakat xavfsizligi va yo‘llarda hushyor bo‘lishning ahamiyati haqida qiziqarli saboqlar oldi. Spektakl o‘quvchilarda katta taassurot qoldirib, yo‘l harakati qoidalariga mas’uliyat bilan yondashish zarurligini yana bir bor eslatdi.

