Sog‘lom ona — sog‘lom farzand tarbiyalaydi

Date:

Ona — dunyodagi eng mo‘tabar zotlardan biri. Har bir inson voyaga yetib, oila qurish, farzandli bo‘lish va kelajakda Vataniga, xalqiga xizmat qiladigan munosib avlodni tarbiyalashni orzu qiladi. Biroq farzandni dunyoga keltirishning o‘zi yaxshi ona bo‘lish uchun kifoya emas. Buning uchun onaga mehr, e’tibor, vaqt va, eng muhimi, ruhiy xotirjamlik kerak.

Afsuski, bugungi kunda oilaviy muammolar, ruhiy bosim va zo‘ravonlik tufayli o‘zini yolg‘iz his qilayotgan ayollar ham uchrab turibdi. Ma’lumotlarda O‘zbekistonda har yili yuzlab ayollar o‘z joniga qasd qilishi bilan bog‘liq holatlar qayd etilishi haqidagi raqamlar ham insonni chuqur o‘yga toldiradi.

Xo‘sh, inson qalbini larzaga soladigan bunday fojialarning sabablari nimada? Albatta, buning ortida ruhiy tushkunlik, oilaviy kelishmovchiliklar, doimiy tazyiq va zo‘ravonlik, ma’naviy-ma’rifiy savodxonlikning yetishmasligi, atrofdagilarning befarqligi kabi ko‘plab omillar turishi mumkin.

Ayniqsa, ayrim oilalarda shakllangan bir qarash ayollar hayotini yanada murakkablashtiradi: qiz farzand turmushga chiqib, kelin bo‘lgach, uy-ro‘zg‘or, farzand tarbiyasi, oilaning moddiy ta’minoti va boshqa barcha mas’uliyat go‘yoki faqat uning zimmasiga yuklanadi. Bu qarash ayrim xonadonlarda hanuzgacha saqlanib qolgan. Holbuki, oila — ikki insonning hamjihatligi, o‘zaro hurmati va mas’uliyati asosiga qurilishi kerak.

Aslida, ayol nima uchun oila quradi? Albatta, hayot yo‘lini o‘zi tanlagan inson bilan birga davom ettirish, farzandlarni voyaga yetkazish, kelajak avlodga munosib tarbiya berish, quvonch va tashvishlarni baham ko‘rish uchun. Oila ayol uchun faqat vazifalar va majburiyatlar makoni emas, balki mehr, ishonch va qo‘llab-quvvatlash maskani ham bo‘lishi lozim.

Yana bir muhim jihat bor: ona farzandiga vaqt ajrata olmasa, u bilan dildan suhbatlashish o‘rniga kundalik tashvishlar, turli e’tiroz va dashnomlar bilan band bo‘lsa, buning oqibati qanday bo‘ladi? Mehr va e’tiborga ehtiyoj sezgan bola asta-sekin o‘zini boshqalardan izlay boshlaydi. Biz bera olmagan mehrni boshqalardan, biz bilan qurilmagan muloqotni o‘zga insonlardan izlaydi. Vaqt o‘tishi bilan ota-onasidan uzoqlashishi, ularga nisbatan ishonchi susayishi mumkin. Demak, farzand tarbiyasida uning nafaqat moddiy ehtiyojlarini ta’minlash, balki ruhiy olamiga ham e’tibor qaratish nihoyatda muhim.

Menimcha, bu borada, avvalo, oilaning katta avlodi ham o‘z mas’uliyatini his qilishi kerak. Orzu-havas bilan kelin qilgan qiziga xizmatkordek munosabatda bo‘lish, undan kecha-yu kunduz xizmat kutish, arzimas kamchiliklari uchun haqoratlash, kamsitish, hatto qo‘l ko‘tarish hech qanday qadriyat bilan oqlanmaydi. Ayolni yaqinlaridan, jamiyatdan ajratib, doimiy nazorat va bosim ostida saqlash to‘g‘rimi? Uni qafasdagi qushdek yashashga mahkum etishdan kimga naf?

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi kafolatlangan. Shuningdek, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan qonunchilik hujjatlari ham mavjud. Demak, ayolning sha’ni, qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini hurmat qilish nafaqat insoniylik, balki qonuniy majburiyat hamdir.

Bir o‘ylab ko‘raylik: doimiy ruhiy bosim, qo‘rquv va zo‘ravonlik muhitida yashayotgan onaga qanday qilib farzandini xotirjam, sog‘lom ruhiyatli inson qilib tarbiyalash oson bo‘lsin? Ona ruhiy jihatdan xotirjam bo‘lsa, oilada mehr va sog‘lom muhit hukm sursa, bundan, eng avvalo, farzandlar yutadi.

Albatta, jamiyatimizda kelinini o‘z qizidek ko‘radigan, uning bilim olishi, kasb egallashi, o‘z ustida ishlashi uchun sharoit yaratadigan, farzand tarbiyasida uni qo‘llab-quvvatlaydigan oilalar ham ko‘p. Bunday insonlardan o‘rnak olishimiz, ularning ezgu fazilatlarini qadrlashimiz kerak.

Men ham yosh ona sifatida bir fikrni aytmoqchiman: mayli, uyingiz har doim ham saranjom bo‘lmasin, mayli, ust-boshingiz yangi bo‘lmasin, mayli, kimdir sizdan norozi bo‘lsin. Siz hammani rozi qilishga majbur emassiz. Ammo farzandingizning bolaligiga befarq bo‘lmang. Uning gaplarini tinglang, savollariga javob bering, unga vaqt ajrating, mehringizni ayamang. Chunki bola uchun eng katta boylik — ota-onasining e’tibori va mehridir.

Unutmang, dunyoning tashvishlari hech qachon tugamaydi. Ammo farzandingizning bolaligi qaytib kelmaydi. Uni kundalik tashvishlar va tuganmas yumushlar ortidan quvib, mehringizdan mosuvo qilmang. Sog‘lom ona, sog‘lom oilaviy muhit va mehrga to‘la tarbiya — sog‘lom avlod kamolotining muhim poydevoridir.

Iroda Namozaliyeva,

Denov tumani

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Sog‘lom ona — sog‘lom farzand tarbiyalaydi

Ona — dunyodagi eng mo‘tabar zotlardan biri. Har bir...

Ko‘kalamzorlashtirish ishlari davom etmoqda

Angor tumanida hududlar ozodaligini ta’minlash, ko‘cha va yo‘l yoqalarini...

Kitobxon yoshlar taqdirlandi

Termiz shahridagi 26-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida yoshlar va...

Uchinchi bosqichga start berildi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov boshchiligida videokonferensaloqa shaklida yig‘ilish...
KunTun
KunTun