Surxondaryo viloyatida o‘tkazilayotgan hamkorlikdagi qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlarining uchinchi kunida aholini xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilish, favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish hamda jabrlanganlarni qutqarishga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.

Jumladan, Boysun tumanining Kofurun mahallasida aholini xavfsiz hududga ko‘chirish, Darband temiryo‘l stansiyasida yo‘lovchilarni temiryo‘l orqali evakuatsiya qilish bo‘yicha harakatlar sinovdan o‘tkazildi. Angor tumanida esa M-39 avtomobil yo‘lidagi ko‘prikning yemirilishi va yo‘l-transport hodisasi oqibatlarini bartaraf etish, jabrlanganlarni qutqarish ishlari mashq qilindi.

Shuningdek, Termiz xalqaro aeroportida zilzila oqibatlarini bartaraf etish, Termiz shahridagi “Movaro” massivida ko‘p qavatli uylarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarda fuqaro muhofazasi xizmatlari va volontyorlarning harakatlari sinovdan o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar davomida jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘nikmalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

