Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Angor tumanida bo‘lib, hududda amalga oshirilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlari, aholi bandligini ta’minlash, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash hamda tomorqalardan samarali foydalanish borasidagi ishlar bilan tanishdi. Jarayonda viloyat tashkilotlari rahbarlari, tuman va shahar hokimlarining o‘rinbosarlari, oila va xotin-qizlar bo‘limlari boshliqlari ishtirok etdi.

Dastlab, Bahor mahallasida yig‘ilish o‘tkazilib, hududlarda aholi bandligini ta’minlash, xotin-qizlar uchun daromad manbalarini kengaytirish, tomorqalardan unumli foydalanish va qurilish-bunyodkorlik yo‘nalishlarida olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi. Mavjud holat tahlil qilinib, belgilangan vazifalar ijrosi va kelgusidagi ishlar yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Shundan so‘ng, tashrif ishtirokchilari xonadonlarda bo‘lib, tomorqasidan samarali foydalanib, daromad topayotgan oilalar faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, xotin-qizlar bandligini ta’minlashga xizmat qilayotgan kasanachilik faoliyati, ishlab chiqarish jarayonlari va yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi.
Xonadon egalari bilan muloqotda tomorqa imkoniyatlaridan yanada keng foydalanish, kasanachilik faoliyatini rivojlantirish va oilaviy daromadlarni oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.

