Qiziriq tumanida “Tashabbusli byudjet”ning 2026-yil 2-mavsumida g‘olib bo‘lmagan, biroq aholi uchun muhim bo‘lgan loyihalarga e’tibor qaratilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, 40-Surxondaryo viloyati saylov okrugidan saylangan Shoira Radjabova tuman hududiga tashrifi davomida “Yangi turmush”, “Gilambob”, “Istiqlol”, “Tinchlik”, “Yangiobod” va “Zarbdor” mahallalarida ilgari surilgan takliflarni joyiga chiqib o‘rgandi.
O‘rganishlar davomida loyihalarning ijtimoiy ahamiyati, mavjud muammolar va ularni amalga oshirish imkoniyatlari tahlil qilindi. Natijada mazkur mahallalardagi takliflar deputat tomonidan ma’qullanib, belgilangan tartibda qo‘shimcha g‘olib loyihalar sifatida qo‘llab-quvvatlash yuzasidan tegishli ishlarni amalga oshirish belgilandi.
Mazkur imkoniyat Prezidentning 2026-yil 29-iyundagi PQ-243-son qarorida belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra deputatlarga “Tashabbusli budjet”ning har bir mavsumida bir yoki bir nechta loyihani qo‘shimcha g‘olib sifatida belgilash huquqi berilgan.
Bu esa ovoz berishda yetarli ball to‘play olmagan, ammo mahalla hayoti uchun dolzarb bo‘lgan tashabbuslarni ham ro‘yobga chiqarish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratmoqda.

