Qumqo‘rg‘on tumanida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, eksportbop mahsulotlar yetishtirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimovning tumaniga tashrifi davomida “Uyas” mahallasi va unga tutash hududlardagi 47 gektar maydonda yengil konstruksiyali issiqxonalar tashkil etish ishlari bilan tanishildi. Tadbirkorlar bilan uchrashuvda mavjud muammolar muhokama qilinib, ularni hal etish va loyihani izchil amalga oshirish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Shuningdek, “Jaloir” mahallasida “Baraka Pro Agro” MCHJ tomonidan tashkil etilishi rejalashtirilgan logistika markazi loyihasi taqdimoti ko‘rib chiqildi. Markaz mahsulotlarni saqlash, saralash va yetkazib berish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Mas’ullarga tadbirkorni qo‘llab-quvvatlash, mavjud masalalarni tezkor hal etish va loyiha ishlarini qisqa muddatlarda boshlash choralarini ko‘rish topshirildi.
Mazkur tashabbuslar qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini kengaytirish, eksportni rivojlantirish va aholi bandligini oshirishga xizmat qiladi.

