O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Surxondaryo viloyatida asosiy bayram tantanalari ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Surxondaryo viloyati hokimining taklifiga binoan bayram shodiyonalarida ishtirok etish uchun qo‘shni Tojikiston Respublikasining Hisor, Shahrinav va Tursunzoda tumanlari mutasaddilari boshchiligidagi delegatsiya vohamizga tashrif buyurdi. Mehmonlarni “Sariosiyo” chegara bojxona postida Sariosiyo, Denov va Uzun tumanlari hokimlari samimiy kutib oldi.

Termiz tumani “Yangi O‘zbekiston” massividagi amfiteatr maydonida tashkil etilgan bayram tadbirlari avvalida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov xorijiy mehmonlar, voha faollari, nuroniylar va mutasaddilar bilan hududda tashkil etilgan ko‘rgazmalarni ko‘zdan kechirdi.
Shundan so‘ng viloyatning asosiy bayram shodiyonalari boshlandi. Tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov voha ahliga bayram tabrigini yo‘llab, Surxon vohasida istiqomat qilayotgan uch milliondan ziyod aholini hamda bayramni birgalikda nishonlash uchun tashrif buyurgan xorijiy mehmonlarni Mustaqillikning 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etdi.

Viloyat rahbari o‘z tabrigida bu yilgi bayram tantanalari “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ezgu g‘oya asosida o‘tkazilganini ta’kidladi.
Shuningdek, u so‘nggi yillarda Surxondaryoda barcha sohalarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari va xalqimiz hayotida yuz bergan ijobiy o‘zgarishlar haqida so‘z yuritdi.

Bayram davomida yurtimiz taraqqiyoti, voha ahlining farovon hayoti va yosh avlodning munosib kelajagi yo‘lida yaratilgan imkoniyatlar alohida e’tirof etildi.

Shuningdek, Surxondaryo ahli nomidan Prezidentimizga voha taraqqiyoti, xalq farovonligi va farzandlarimizning baxtli kelajagi yo‘lida ko‘rsatilgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun chuqur minnatdorlik bildirildi.
Shundan so‘ng bayram shodiyonalari qizg‘in davom etdi. Dilbar kuy-qo‘shiqlar, jozibador sahna ko‘rinishlari va bayramona chiqishlar voha ahlining kayfiyatini yanada ko‘tardi.

