Yer — inson hayotining eng muhim va bebaho tabiiy boyliklaridan biridir. U nafaqat aholi ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, balki oilalar farovonligini ta’minlash, bandlik va daromad manbaini yaratishda ham muhim ahamiyatga egadir. Ayniqsa, tomorqa yerlaridan oqilona va samarali foydalanish xonadonlar iqtisodiy barqarorligini ta’minlashning muhim omillaridan biridir.
Buni Denov tumanining “Nuriston” mahallasida istiqomat qiluvchi Yo‘ldosh bobo Daminov xonadoni misolida ham ko‘rish mumkin.
Tuman hokimi Anvar Normamatov “Nuriston” mahallasida bo‘lib, aholining turmush sharoiti, xonadonlarning ijtimoiy-iqtisodiy holati hamda tomorqa yerlaridan samarali foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Tashrif davomida Yo‘ldosh bobo xonadonidagi tomorqachilik tajribasi ham o‘rganildi. Mazkur xonadonda 12 nafar oila a’zosi va 3 ta xo‘jalik istiqomat qiladi. Oila o‘z tasarrufidagi 8 sotix yer maydonidan unumli foydalanib, issiqxona tashkil etgan. Unda bulg‘or qalampiri yetishtirilishi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, xonadon yiliga 100 million so‘mgacha daromad olmoqda.
Xonadon egalari tomorqaning har bir qarich yeridan oqilona foydalanib, mehnat va tadbirkorlikni uyg‘unlashtirgan holda oila uchun barqaror daromad manbaini yaratgan. Bu esa kichik yer maydonidan ham to‘g‘ri yondashuv va tinimsiz mehnat evaziga yuqori samaradorlikka erishish mumkinligini ko‘rsatadi.
Tuman hokimi xonadon a’zolari bilan suhbat davomida issiqxonada mahsulot yetishtirish tajribasi, mavjud daromad manbalari va kelgusidagi rejalar bilan qiziqdi. Suhbat davomida xonadonning ilg‘or tajribasini boshqa oilalar orasida ham keng ommalashtirish, aholini tomorqa yerlaridan samarali foydalanishga, issiqxonalar tashkil etishga hamda daromadli ekinlar yetishtirishga jalb etish muhimligi ta’kidlandi.
Darhaqiqat, tomorqadan unumli foydalanish — nafaqat mo‘l hosil, balki oilaviy farovonlik va barqaror daromad manbai demakdir. “Nuriston” mahallasidagi Yo‘ldosh bobo xonadonining tajribasi esa mehnat, tashabbus va yerga bo‘lgan mehr uyg‘unlashganda kichik tomorqa ham katta imkoniyatlarga aylanishining yorqin namunasidir.
Daromadi 100 million…
Date:

