Ta’lim, sport va dam olish uchun zamonaviy infratuzilma yaratish oliy ta’lim muassasalari rivojida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda Termiz davlat universitetida qator yangi loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Viloyat hokimining Termiz davlat universitetiga qarashli suzish havzasiga tashrifi davomida universitet rektori hududda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan loyihalarni taqdim etdi. Unga ko‘ra, bu yerda zamonaviy suzish majmuasi, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari va avtoturargohlar tashkil etiladi.
Shuningdek, Afg‘on shamolining salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan ilmiy loyihalar hamda Termiz tumani Xalqobod MFY hududidagi Uchqizil ko‘li sohilini rivojlantirish rejalari taqdim qilindi.
Xususan, foydalanilmay turgan dam olish maskanini rekonstruksiya qilish, harbiy kafedra faoliyatini yo‘lga qo‘yish, sohilni obodonlashtirish bilan birga tennis korti, baliq yetishtirish ko‘li, zamonaviy dam olish maskani, ochiq ma’ruza zali, issiqxona, oshxona va o‘quv binosi tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.
Loyihalar hududni ko‘kalamzorlashtirish, zamonaviy infratuzilma yaratish hamda talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun ta’lim, sport va dam olishni uyg‘unlashtirgan qulay muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.

