Alloh taolo insonni bu dunyoning eng aziz va mukarram xilqati, hayot gultoji, jonzotlar ichida sarvari etib yaratgan. Odamzod shunday mo‘tabar sharafga muyassarligi uchun ham hamisha e’zoz-u ehtiromga sazovor bo‘lib kelgan. Bunday munosabat uning vafotidan keyin ham davom etadi.
Milliy qadriyatlarimizni asrash, o‘tgan ajdodlarimiz xotirasini ulug‘lash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, muqaddas ziyoratgoh va qadamjolarni obod qilish musulmonlik vazifamizdir. Chunki, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari atrofga o‘zgacha fayz, go‘zallik, qalbga surur, iftixor baxsh etadi.
Ma’lumki, loqaydligimiz va e’tiborsizligimiz natijasida bugungi kunda ko‘plab qabristonlar nochor va tashlandiq holga kelib qolmoqda. Ayrim qabristonlar hududini devor bilan o‘ralmagan, obodonlashtirish ishlari va xayriya hasharlariga aholini faol jalb etishga yetarli darajada e’tibor qaratilmagan; afsuski, qabristonlar hududlarida quruq o‘t, barg, shox-shabbalarni yoqish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini o‘stirish, uy hayvonlarini boqish kabi ba’zi bir salbiy holatlar ham kuzatilmoqda. Shuningdek, qabristonlarga tegishli hududlar aholi tomonidan o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirilib, uy-joy qurish kabi diniy va milliy qadriyatlarimizga zid ishlarga yo‘l qo‘yilayotganiga ham guvoh bo‘lmoqdamiz.
Muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirish, bu maskanlarni ziyorat qilish, fuqarolarning diniy e’tiqod erkinligini ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasidagi ishlarni tizimli tashkil etish va ularning samaradorligini yanada oshirish muhim vazifalar qatoriga kiradi.
Dinimizda qabristonlarning qanday bo‘lishi borasida yetarlicha ma’lumot berilgan. Hadisi shariflarda qabristondagi qabrlarni bir-biridan farq qilmagan holda bir tekis bo‘lishi aytilgan. Ya’ni, biri baland, biri past bo‘lishi durust emas. Chunki, bu qabrda shoh ham, gado ham, erkak ham, ayol ham, yosh ham, keksa ham birdek ekanligiga ishoradir. Qabrning tashqi ko‘rinishi uning ostidagi holat qanday ekanligidan dalolat bera olmaganidek, unga foyda ham keltirmaydi. Shunday ekan, qabrlarni haddan tashqari hashamdor qilib, unga qimmatbaho toshlardan haykal, surat va qabr toshlari o‘rnatish, marhumning ismi sharifi va hokazolarni yozish mutlaqo durust emas. Xususan, Qur’oni karim oyatlarini yozish mutlaqo joiz emas. Zero, bu Allohning oyatlarini tahqirlash sanaladi.
Xuddi shuningdek, qabrni umuman qarovsiz, tashlandiq holatda qoldirish ham to‘g‘ri emas. Qabristonlar o‘tgan ajdodlari va qadriyatlarini qadrlaydigan kishilar tomonidan asralmog‘i va obod qilinmog‘i lozim. Ya’ni, qabriston hududini panjara yoki devor bilan o‘rash, kirish uchun alohida yo‘lak ochish va darvoza o‘rnatish, chorva yoki yovvoyi hayvonlarni kirishidan saqlash, ziyoratga kelganlar qabrlarni bosmay o‘tishlari uchun qulay yo‘lkalar o‘tkazish, tilovat va duo qilish uchun maxsus o‘rindiqlar o‘rnatish, ziyoratga kelgan kishilarga ziyorat odoblarini eslatib, nojoiz, xurofiy amallarni qilishlaridan qaytarish dinimiz ko‘rsatmasi hisoblanadi.
Afsuski, ayrim qabristonlarda ahvol ko‘ngildagidek emas. Ba’zi qabristonlar qarovsiz holda yotgani ayon. Ayrim qabristonlarda chiqindilar yig‘ilib yotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Axir, yaqinlarimiz yotgan qabrni o‘zimiz tozalamasak, birov kelib tozalab ketmaydi-ku.
Albatta, musulmon kishi barcha qilgan yaxshi amallari uchun Alloh taolodan ajrini umid qiladi. Qabristonda o‘ziga kerakli ibrat olib, oxirat haqida mushohadaga borib, insonning bu dunyoda ko‘proq yaxshi amallar qilishiga sabab bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Inson vafot etsa, uning amali to‘xtaydi. Magar uch narsa: sadaqayi joriya yoki manfaat oladigan ilm yoxud haqiga duo qiladigan solih farzanddan (to‘xtamaydi)”, deb marhamat qilganlar (Imom Muslim rivoyati).
O‘sib kelayotgan farzandlarimizga qabristonlarni obod etish tiriklarning o‘tganlar oldidagi burchi ekanini eslatib turishimiz lozim. Zero, “Kim nimani eksa, shuni o‘radi” deydi xalqimiz. Biz bugun birlashib, ahil va inoqlikda qabristonlarimizni toza tutib o‘rnak bo‘lsak, kelajak avlod ham bizga nisbatan shunday munosabatda bo‘ladi.
Akbar SHUKUROV,
Muzrabot tumanidagi “Do‘stmuhammad bobo” jome’ masjidi imom noibi

