Kutubxona: kitoblar maskanidan imkoniyatlar makonigacha

Date:

Bugungi texnik taraqqiyot hayotimizning deyarli barcha jabhalarini o‘zgartirmoqda. Ta’lim olish, muloqot qilish va hatto bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish imkoniyatlari ham tobora kengayib bormoqda.

Bu jarayon kutub-xonalar faoliyatiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Xo‘sh, zamonaviy kutubxona qanday bo‘lishi kerak?

Asrlar davomida kutubxonalar insoniyatning asosiy bilim manbalaridan biri bo‘lib keldi. Bugun esa vaziyat o‘zgardi: istalgan ma’lumotni bir necha soniyada internet orqali topish mumkin. Shunday ekan, kutubxonaning vazifasi faqat kitob saqlash va mutolaa uchun joy ajratish bilangina cheklanib qolmasligi kerak. Zamonaviy kutubxona ta’lim, muloqot, ijod va yangi imkoniyatlar markaziga aylanishi lozim.

Ayniqsa, bugungi yoshlar uchun bunday maskanlarning ahamiyati katta. Ular cheksiz axborot oqimi, ijtimoiy tarmoqlar va texnika shovqini orasida ulg‘aymoqda. Bunday muhitda ilmiy yoki ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanish, o‘z fikrlarini jamlash va rejalarni puxta o‘ylash uchun sokin makonga ehtiyoj tug‘iladi. Shinam, yorug‘ va zamonaviy jihozlangan kutubxona ana shunday muhitni yaratishi mumkin. Kitob o‘qish, mustaqil ishlash, bilim olish yoki shunchaki xotirjam fikrlashda kutubxona yoshlar uchun eng maqbul maskanlardan biriga aylanishi zarur.

Albatta, bugun internetsiz hayotimizni tasavvur qilish qiyin. Ammo internetdagi har qanday ma’lumot ham ishonchli yoki to‘g‘ri bo‘lavermaydi. Qidiruv tizimlari bizga yuzlab, hatto minglab javoblarni taqdim etishi mumkin. Kutubxonaning ustunligi esa shundaki, bu yerda ishonchli manbalar bilan ishlash, kerakli ma’lumotni saralash va undan to‘g‘ri foydalanishda malakali kutubxonachi ko‘mak bera oladi. Zero, axborot ko‘pligi hali bilim degani emas. Muhimi, to‘g‘ri axborotni topish, tushunish va undan oqilona foydalanishdir. Shu ma’noda zamonaviy kutubxonachi ham o‘z kasbiga yangicha yondashishi kerak. U faqat kitob berib, qaytarib oluvchi xodim emas, balki foydalanuvchini kerakli manbaga yo‘naltiruvchi, axborotni izlash va saralashga ko‘maklashuvchi ma’rifatparvar mutaxassis bo‘lishi lozim.

Bugungi kutubxona o‘quv materiallari va ilmiy nashrlar bilan bir qatorda, turli trening va kurslar, elektron resurslar, masofaviy ta’lim imkoniyatlarini ham taqdim etishi mumkin. Eng muhimi, bunday xizmatlardan aholining turli qatlamlari foydalanishi uchun qulay sharoit yaratilishi kerak. Kutubxona shahar yoki tuman hayotining faol ma’rifiy va ijtimoiy markaziga aylansa, uning jamiyatdagi o‘rni yanada mustahkamlanadi. Buning uchun, avvalo, kutubxonalarimizning moddiy-texnik bazasi va ichki muhiti zamon talablariga javob berishi zarur. Agar yoshlar boshqa maskanlarda qulaylik, zamonaviylik va iliq muhitni topsa-yu, kutubxonada tor, qorong‘i va noqulay sharoitga duch kelsa, ularning tanlovi qanday bo‘lishini tasavvur qilish qiyin emas.

Eng muhimi, internet qanchalik rivojlanmasin, kitobga bo‘lgan ma’naviy ehtiyoj yo‘qolmaydi. Sun’iy gullar yaratilgani bilan tabiiy gullarning qadri kamaymagani kabi, raqamli axborotning ko‘payishi ham kitob va mutolaaning ahamiyatini yo‘qqa chiqara olmaydi. Shunday ekan, “kutubxonalarning davri o‘tdi” degan fikrga asos yo‘q. Aksincha, bugun kutubxonalar o‘z imkoniyatlarini qayta kashf etishi, zamon bilan hamnafas bo‘lishi kerak. Chunki zamonaviy kutubxona insonni bilimga, tafakkurga, ijodga va muloqotga chorlaydigan ziyo maskanidir.

Aziza SHOMUROTOVA,

Sariosiyo tuman axborot kutubxona markazi axborot bibliografiya xizmati rahbari

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

AJDODLAR RUHIGA EHTIROM KO‘RSATAYLIK

Alloh taolo insonni bu dunyoning eng aziz va mukarram...

Kutubxona: kitoblar maskanidan imkoniyatlar makonigacha

Bugungi texnik taraqqiyot hayotimizning deyarli barcha jabhalarini o‘zgartirmoqda. Ta’lim...

XALQ BILAN HAMNAFAS MAHALLA

Mahalla — xalq hayoti bilan eng yaqin bog‘langan, odamlarning...

Istiqlol qanotida orzular sari…

Mustaqillik — bu nafaqat tarixiy sana, balki bugungi avlodning...
KunTun
KunTun