Termiz davlat universitetida ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasidan samarali foydalanish va qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish maqsadida elektromobillarni quvvatlash shoxobchasi tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Universitet rektori mazkur yo‘nalishdagi imkoniyatlarni o‘rganib, ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasini elektromobillarni quvvatlash orqali realizatsiya qilishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.
O‘rganishlar davomida olinadigan daromadga nisbatan qariyb 6 barobar yuqori iqtisodiy samara berishi mumkin bo‘lgan tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, universitet professor-o‘qituvchilari uchun mazkur quvvatlash shoxobchasidan imtiyozli foydalanish bo‘yicha takliflar bildirildi. Mazkur tashabbus elektr energiyasidan oqilona foydalanish, universitetning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish va zamonaviy infratuzilmani rivojlantirishga xizmat qiladi.

