Jamiyat taraqqiyoti, yoshlarning ma’naviy kamoloti va intellektual salohiyatini yuksaltirishda kitob va mutolaa madaniyati hal qiluvchi ahamiyatga ega. Kitob insonni chuqur fikrlashga, izlanishga, mustaqil qaror qabul qilishga va hayotga ongli yondashishga undaydi. Shu bois mamlakatimizda kitobxonlikni rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi mamlakatning eng yirik ilmiy-ma’rifiy markazlaridan biri sifatida nafaqat boy kitob xazinasi, balki butun respublika bo‘yicha kutubxonachilik tizimini muvofiqlashtiruvchi muhim tuzilma hisoblanadi. Uning faoliyati orqali axborot resurslarini birlashtirish, kitob fondlarini boyitish hamda zamonaviy axborot xizmatlarini rivojlantirishga xizmat qilinmoqda.
Milliy kutubxona tizimi tarkibiga viloyat va tuman axborot-kutubxona markazlari, oliy ta’lim muassasalari hamda sohaviy kutubxonalar kiradi. Ushbu tizim orqali aholiga axborot xizmatlarini ko‘rsatish, elektron resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va kitobxonlik madaniyatini oshirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu tizimning muhim bo‘g‘inlaridan biri bo‘lgan Adib Sobir Termiziy nomidagi Surxondaryo viloyat axborot-kutubxona markazi hududda ma’naviy-ma’rifiy muhitni mustahkamlashga katta hissa qo‘shib kelmoqda. Bu yerda kitob taqdimotlari, ijodiy uchrashuvlar, ma’naviy kechalar, tanlovlar va ko‘chma kutubxona xizmatlari muntazam tashkil etilib, kitobga qiziqishni oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Raqamli texnologiyalar rivojlanib borayotgan bir davrda axborot oqimining tezlashuvi yoshlar uchun ham imkoniyat, ham mas’uliyat yuklaydi. Shu sababli kutubxonalar faqat kitob saqlash maskani emas, balki ishonchli axborot manbai, ma’naviy tarbiya va bilim olish markaziga aylanmoqda. Elektron kataloglar, raqamli resurslar va onlayn xizmatlarning joriy etilishi kitobxonlar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Milliy kutubxona va uning tizimidagi axborot-kutubxona muassasalari jamiyatning ma’naviy tayanchi, bilim va ma’rifat markazi sifatida muhim o‘rin tutadi. Ularning samarali faoliyati yosh avlodni bilimli, tafakkuri keng, ma’naviy yetuk insonlar etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Kitobga mehr qo‘ygan, mutolaani hayotining ajralmas qismiga aylantirgan jamiyatgina barqaror taraqqiyotga erisha oladi. Shu bois har bir yoshni kitob o‘qishga, izlanishga va ma’naviy boylik sari intilishga da’vat etish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir.
Ixtiyor Choriyorov,
Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi Elektron
resurslar va ulardan foydalanish zallari sektori mudiri

