2026-yil 1-iyuldan boshlab davlat xizmatiga qabul qilish tizimida muhim yangilik joriy etiladi. Endi suhbat bosqichida beriladigan savollar kamida bir oy avval davlat organlarining rasmiy saytlarida e’lon qilinadi. E’lon qilinmagan savollarni nomzodlarga berish taqiqlanadi.
Shuningdek, ayrim lavozimlar uchun ish staji talabi bekor qilinadi yoki 2 yilgacha cheklanadi. Bu esa yoshlar uchun davlat xizmatiga kirish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Yangi tartib mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha milliy sertifikatlash tizimini ham joriy etadi. Kam ta’minlangan oilalar farzandlarining sertifikat olish xarajatlari esa “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.
Mazkur o‘zgarishlar davlat xizmatiga qabul jarayonining shaffofligini oshirish va yoshlar uchun teng imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.

