HUQUQIY TARBIYANI RIVOJLANTIRISH DAVR TALABI

Date:

Jamiyat taraqqiyoti va barqarorligi ko‘p jihatdan yosh avlodning bilimli, ongli va huquqiy madaniyatga ega bo‘lishiga bog‘liq. Ayniqsa, globallashuv jarayonlari kuchayib borayotgan bugungi davrda yoshlarni turli ma’naviy tahdidlardan himoya qilish, ularda qonunlarga hurmat ruhini shakllantirish muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasida huquqiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan davlat siyosati izchil amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024–2025-yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi yoshlar orasida huquqiy tarbiyani rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu dastur doirasida yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularning huquqiy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan keng qamrovli tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur yo‘nalishda “Intellektual marafon” loyihasining tashkil etilishi alohida e’tiborga loyiq. Ushbu loyiha doirasida “Zukko kitobxon”, “Zakovat” intellektual tanlovlari, “Huquq va mantiq chizig‘i” test musobaqalari, shuningdek shaxmat va shashka turnirlari tashkil etilib, yoshlarning tafakkurini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Bundan tashqari, “Do‘stimga kitob ulashaman” aksiyasi orqali kitobxonlik madaniyati keng targ‘ib qilinmoqda. Ta’lim muassasalarida ham huquqiy tarbiyani mustahkamlash borasida muhim ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, o‘quvchilar o‘rtasida “Huquq bilimdoni” fan olimpiadasi, pedagoglar orasida esa “Eng yaxshi huquq o‘qituvchisi” tanlovi o‘tkazilishi huquqiy bilimlarni chuqurlashtirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, davlat ramzlarini e’zozlash, yoshlarning huquq va burchlarini tushuntirishga qaratilgan ochiq darslar muntazam tashkil etilmoqda.

Yoshlarning huquqiy ongini shakllantirishda “Konstitutsiya — huquqlarim poydevori” mavzusidagi insholar tanlovi hamda “Huquqiy bilimlar oyligi” kabi tashabbuslar muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, “Konstitutsiyada yoshlar huquqlari” shiori ostida o‘tkazilayotgan tadbirlar yosh avlodda huquqiy tafakkurni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Amaliy tadbirlar misolida Termiz davlat universitetida o‘tkazilgan ishlarga alohida to‘xtalish mumkin. Jumladan, 9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan tashkil etilgan bilimlar bellashuvi yoshlar orasida halollik va adolat tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qildi. G‘olib jamoalarning rag‘batlantirilishi esa yoshlarni yanada faol bo‘lishga undaydi.

Bundan tashqari, viloyat prokuraturasi va adliya boshqarmasi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatlari yoshlarning huquqiy mas’uliyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi. “Korrupsiyadan holi yangi O‘zbekiston uchun birlashaylik” va “Konstitutsiya — inson qadr-qimmati garovi” kabi mavzularda bildirilgan fikrlar yoshlar ongida huquqiy madaniyatni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi” mavzusidagi ilmiy maqolalar tanlovi hamda “Xalqaro yuristlar arenasi” ko‘rik-tanlovi yoshlarning nazariy va amaliy bilimlarini oshirishda muhim vosita bo‘ldi. “Huquqiy-ma’rifiy bilimdon” respublika tanlovining hududiy bosqichlari esa maktab o‘quvchilari orasida huquqiy bilimlarni keng yoyishga xizmat qilmoqda.

Xalqaro miqyosdagi tadbirlar ham yoshlar rivojida muhim o‘rin tutadi. Jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan yuridik konferensiyada Termiz davlat universiteti talabalari faol ishtirok etib, korrupsiyaga qarshi kurash va aktivlarni qaytarish bo‘yicha o‘z takliflarini ilgari surdilar. Bu esa yoshlarning nafaqat milliy, balki xalqaro huquqiy tafakkurini ham rivojlantirayotganini ko‘rsatadi. Xulosa qilib aytganda, yoshlar orasida huquqiy tarbiyani rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, bu borada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar ijobiy natijalar bermoqda. Yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularni qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalash va ijtimoiy faolligini kuchaytirish orqali jamiyatda sog‘lom huquqiy muhitni shakllantirish mumkin.

Akmal Pardayev,

TerDU  o‘qituvchisi,

Sherali Kurbanov,    

talaba

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Mahalliy biznes rivoji – milliy iqtisodiyot tayanchi

Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan...

Gaz “teshiklari” yopilmoqda

Tabiiy gaz bugungi kunda dunyoda eng muhim energiya manbalaridan...

Bugunning ehtiyoji, ertaning kafolati

Har qanday davlatning rivojlanishi uning energiya ta’minoti bilan bevosita...

4 292 marotaba reyd

Energiya resurslaridan oqilona foydalanish, energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy...
KunTun
KunTun