Ba’zan bir maqola faqat o‘qilmaydi — u insonni o‘tmish bilan yuzlashtiradi, kechagi va bugungi kun orasidagi ulkan farq haqida jiddiy o‘ylashga majbur qiladi. Siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning “Xalq so‘zi” gazetasining 2026-yil 21-may, 102-sonida chop etilgan “Millat Shavkati” sarlavhali maqolasini o‘qirkanman, ayni shu tuyg‘ularni qalban his etdim.
Muallif Samarqand misolida bir davrning og‘ir manzarasini tasvirlar ekan, gap faqat bitta hudud yoki ma’lum yillar haqida ketmayotganligini anglaysiz. Bu — butun mamlakatning kechagi hayoti, odamlarning kayfiyati, davlat va xalq munosabatlaridagi uzilishlar haqidagi achchiq haqiqatlar edi. Eng muhimi, maqolada bu muammolar quruq tanqid bilan emas, amaliy yechimlar va qat’iy iroda misolida ochib berilgani e’tiborni tortadi.
Shavkat Mirziyoyevning Samarqanddagi faoliyati haqida ko‘p gapirilgan. Lekin mazkur maqolada ayrim jihatlar borki, ularni o‘qib, bugun “Yangi O‘zbekiston” deb atalayotgan davrdagi islohotlarimiz qayerdan boshlanganini yana bir bor teranroq his qilasiz. Ayniqsa, hududga kelgan rahbarning ishni kabinetdan emas, ko‘cha va mahallalarni piyoda aylanishdan boshlagani katta ma’no anglatadi. Chunki xalqning haqiqiy dardi hech qachon qog‘ozda to‘liq ko‘rinmaydi. Uni odamlar orasiga kirgan, ularning turmushini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan rahbargina anglay oladi.
Maqolada Samarqanddagi og‘ir ekologik holat, chiqindilar bosib ketgan mahallalar, suv tanqisligi, ta’lim muassasalarining achinarli ahvoli haqidagi lavhalar insonni befarq qoldirmaydi. Biroq menga eng kuchli ta’sir qilgan jihat — har bir muammoning ortida inson taqdiri turganiga urg‘u berilganidir. Masalan, pasportsiz yashagan yurtdoshlarimizga qonuniy huquq berilishi, chekka mahallalardagi bolalarning maktabga jalb qilinishi, suvsiz qishloqlarga obihayot yetib borishi — bularning barchasi oddiy statistika emas, balki odamlar hayotidagi burilish nuqtalari edi.
Bugun bu kabi o‘zgarishlarni Surxondaryo misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Keyingi yillarda viloyatda yo‘l, ichimlik suvi, elektr ta’minoti, ta’lim va tibbiyot sohalarida amalga oshirilgan ishlar odamlarning kundalik hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Ilgari chekka hudud sifatida qaralgan qishloqlarda yangi maktablar, bog‘chalar, oilaviy poliklinikalar barpo etilgani, tadbirkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani aholining ertangi kunga ishonchini mustahkamlayapti.
Mahallabay ishlash tizimi orqali aholining muammosini joyida hal qilish amaliyoti Surxondaryoda ham o‘z samarasini bermoqda. Ilgari odamlar oylab idorama-idora sarson bo‘lgan masalalar bugun mahallaning o‘zida hal etilayotgani, ehtiyojmand oilalar, yoshlar va xotin-qizlar bilan manzilli ishlash tizimi kuchaygani “Davlat — inson uchun” degan tamoyil hayotda tobora chuqur qaror topayotganini ko‘rsatadi.
Ayniqsa, maqolada keltirilgan bir fikr menga qattiq ta’sir qildi: “Davlat — xalq uchun” degan tamoyil aynan o‘sha davr boshqaruvining asosiy mezoniga aylangani haqidagi mulohaza. Chunki bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati ham shu g‘oya bilan chambarchas bog‘liq. Hozir joylarda mahallabay ishlash tizimi, sektorlar faoliyati, aholi murojaatlari bilan manzilli ishlash usuli samara berayotgan bo‘lsa, uning ildizlari ancha oldin shakllanganini ko‘rish mumkin.
Men iqtisodiy islohotlar bilan bevosita ishlaydigan inson sifatida ayrim iqtisodiy tahlillarga ham alohida e’tibor qaratdim. Viloyat iqtisodiyotidagi tanazzul, tadbirkorlikka ishonch pasaygan muhitni qisqa vaqtda o‘zgartirish oson emas edi. Lekin muallif qayd etganidek, yerga munosabatni o‘zgartirish, hududlarni ixtisoslashtirish, dehqon va mutaxassislarning fikriga tayanish orqali natijaga erishilgan. Bu tajriba hozir ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas. Chunki har qanday iqtisodiy o‘sishning ortida, avvalo, insonning mehnatga va ertangi kunga bo‘lgan ishonchi turadi.
Surxondaryoda ham keyingi yillarda tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va investitsiyalarni jalb qilish borasida sezilarli natijalar kuzatilmoqda. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish, eksportbop mahsulotlar yetishtirish, turizm salohiyatini ishga solish orqali hudud iqtisodiyotida yangi o‘sish nuqtalari shakllanayapti. Bu jarayonlar aholining daromadi va turmush farovonligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgani bilan ahamiyatlidir.
Ta’lim sohasi haqidagi lavhalarni o‘qib esa, beixtiyor bir haqiqatni o‘ylaysiz: millat kelajagini o‘ylagan rahbar, avvalo, maktabga qaraydi. Pastdarg‘omdagi achinarli ahvoldagi maktabni qisqa fursatda zamonaviy ta’lim maskaniga aylantirish, yangi maktablar qurish, sport inshootlari barpo etish — bularning barchasi kelajak uchun qilingan sarmoya edi. Bugun yurtimizda ta’limga qaratilayotgan ulkan e’tiborning ma’naviy asoslari ham ana shu qarashlarda mujassam.
“Millat Shavkati” maqolasi bir shaxs faoliyati haqidagi xotiralar yig‘indisi emas. Unda butun bir davr ruhiyati, xalqning og‘rig‘i, jamiyatning izlanishlari va eng muhimi, o‘zgarishlarga bo‘lgan ehtiyoj aks etgan. Muallifning yutug‘i shundaki, u bu haqda balandparvoz shiorlar bilan emas, hayotiy misollar va samimiy kuzatishlar orqali gapiradi. Shuning uchun maqola o‘quvchini zeriktirmaydi, aksincha, uni o‘ylashga, kecha va bugunni qiyoslashga undaydi.
Bugun biz Yangi O‘zbekiston haqida katta ishonch bilan gapirayapmiz. Ana shu ishonchning zamirida esa yillar davomida to‘plangan tajriba, iroda va xalq dardini his qilishdek katta fazilat mujassam. Qudratilla Rafiqovning mazkur maqolasi ayni haqiqatni ta’sirchan va publitsistik ruhda ochib bera olgani bilan ahamiyatlidir.
Ibrohim YOQUBOV,
Xalq deputatlari viloyat Kengashining Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va
iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi

