O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash, korrupsiya xavflarini kamaytirish hamda davlat organlari bilan munosabatlarda ochiqlikni ta’minlash maqsadida yangi tartiblar joriy etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq,
2026-yil 1-iyuldan boshlab tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator muhim yangiliklar kuchga kirdi.
“YAGONA DAVLAT NAZORATI” TIZIMI YANGI BOSQICHDA
Endilikda “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi va uning mobil ilovasi yanada keng imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Tadbirkorlar o‘z hududidagi tuman (shahar) hokimi, mahalla raisi, hokim yordamchisi, profilaktika inspektori va soliq inspektori haqida ma’lumot olish, ular bilan elektron muloqot qilish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, tadbirkorlar davlat xizmatchilarining xatti-harakatlariga baho berish, tekshirish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslar haqida real vaqt rejimida ogohlantirish olish hamda tekshiruvlar qanday tartibda o‘tkazilayotganini onlayn kuzatib borish mumkin.
“BIZNES HIMOYA” QR-KODI — TADBIRKORNING RAQAMLI HIMOYASI
2026-yil 1-avgustdan boshlab barcha tekshiruvlar va tadbirkor bilan davlat xizmatchilari o‘rtasidagi nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqotlar “Biznes himoya” QR-kodi orqali ro‘yxatga olinadi. Eng muhimi, davlat xizmatchisi ushbu QR-kod
orqali tekshiruv yoki muloqot haqidagi ma’lumotlarni tizimga kiritmagan taqdirda, tadbirkor uni o‘z hududiga kiritmaslik va muloqotga kirishmaslik huquqiga ega bo‘ladi.
Bu norma tadbirkorlarni turli noqonuniy tekshiruvlar va asossiz talablardan himoya qilishda muhim huquqiy kafolat bo‘lib xizmat qiladi.
ASOSSIZ MULOQOTLARGA CHEK QO‘YILADI
Farmon bilan davlat xizmatchilari va tadbirkorlar o‘rtasidagi rasmiy bo‘lmagan munosabatlar ham qat’iy tartibga solinmoqda. Agar davlat xizmatchisi o‘z xizmat mavqeidan foydalanib tadbirkor faoliyat yuritadigan obyektga tashrif buyursa yoki uni boshqa joyga chaqirsa, bu holat maxsus axborot tizimida qayd etilishi shart.
Bir tadbirkor bilan bir yil davomida ikki va undan ortiq marotaba asossiz muloqot qilgan davlat xizmatchisiga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi, u mazkur tadbirkorlik subyektida o‘tkaziladigan tekshiruvlarda ishtirok etish huquqidan mahrum etiladi hamda qoidabuzarlik muntazam takrorlansa, “Insofsiz tekshiruvchilar reyestri”ga kiritiladi.
NOQONUNIY TEKSHIRUVLAR BO‘LMAYDI
Farmonga muvofiq, “Yagona davlat nazorati” tizimida ro‘yxatdan o‘tmagan, tekshiruvga asos bo‘luvchi hujjatlarni tizimga kiritmagan yoki maxsus guvohnomaga ega bo‘lmagan mansabdor shaxs tomonidan o‘tkazilgan har qanday tekshiruv noqonuniy hisoblanadi.
Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruv o‘tkazish tartibini buzganlik uchun alohida ma’muriy javobgarlik choralarini belgilash va javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilmoqda.
Yangi tartiblar natijasida tadbirkorlar:
— davlat organlari bilan munosabatlarda yanada ko‘proq shaffoflikka ega bo‘ladi;
— har qanday tekshiruvning qonuniyligini onlayn tekshirish imkoniyatini qo‘lga kiritadi;
— noqonuniy aralashuvlar va korrupsiyaviy holatlardan samarali himoyalanadi;
— davlat xizmatchilari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Eng muhimi, tadbirkor endi tekshiruvlarning qonuniyligini nazorat qilish va o‘z huquqlarini himoya qilish uchun zamonaviy raqamli mexanizmlarga ega bo‘lmoqda. Bu esa mamlakatda xususiy mulk daxlsizligi va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash siyosati yangi bosqichga ko‘tarilayotganining yana bir amaliy ifodasidir
Asliddin BAXRAMOV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va
qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Surxondaryo viloyatidagi sho‘basi bosh inspektori

