“Adolat” islohotlarga kamarbasta

Date:

Ezgu g‘oyalar bilan nishonlanayotgan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining
35 yilligi nafaqat milliy davlatchiligimiz tarixidagi ulug‘ sana, balki Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mazmun-mohiyatini o‘zida mujassam etgan muhim siyosiy voqelikdir.
Mustaqillik yillarida bosib o‘tilgan sharafli yo‘l, ayniqsa keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli demokratik islohotlar, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ezgu ishlar va xalq manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilayotgan davlat siyosati bugun har bir hudud, har bir mahalla va har bir xonadon aholi hayotida o‘zining amaliy ifodasini topmoqda.
Viloyatimizda kechayotgan tub yangilanishlar ham ana shu ezgu siyosatning yorqin samarasidir. Keyingi yillarda vohada iqtisodiy o‘sish sur’atlari sezilarli darajada oshdi, sanoat va tadbirkorlik rivojlandi, yangi ishlab chiqarish quvvatlari yaratildi, minglab yangi ish o‘rinlari tashkil etildi. Ilgari chekka hudud sifatida qaralgan ayrim hududlar bugun investitsiyalar jalb etilayotgan, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarilayotgan va yangi imkoniyatlar yaratilayotgan istiqbolli manzillarga aylanmoqda.
Ayniqsa, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘zining amaliy natijalarini bermoqda. Yangi turar- joylar, ijtimoiy obyektlar, mahallalarda qurilayotgan zamonaviy infratuzilmalar, rekonstruksiya qilinayotgan ichki va xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘llari, ichimlik suvi, elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minotining yaxshilanishi odamlarning kundalik hayotida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarni ta’minlamoqda.
Termiz shahrining mutlaqo yangi qiyofa kasb etayotgani, shaharsozlik talablari asosida barpo etilayotgan zamonaviy turarjoy majmualari, xizmat ko‘rsatish markazlari, madaniy va sport inshootlari, shuningdek, tuman markazlarida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari vohaning investitsiyaviy va turistik jozibadorligini yanada oshirmoqda.
Sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar aholi salomatligini muhofaza qilishning mutlaqo yangi bosqichini boshlab berdi. Viloyatda yangi oilaviy shifokorlik punktlari, oilaviy poliklinikalar, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari foydalanishga topshirilmoqda, mavjud muassasalar kapital ta’mirlanib, zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlanmoqda. Bu esa chekka hududlarda yashovchi aholi uchun ham yuqori malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Ta’lim sohasida ham tub o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Yangi umumta’lim maktablari, davlat va xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlari, Prezident maktablari, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari, texnikumlar hamda oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasi mustahkamlanib, yoshlarning sifatli ta’lim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu esa kelajakda mamlakat taraqqiyotini ta’minlaydigan bilimli va raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashga xizmat qilmoqda.
Qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlar ham muhim natijalar bermoqda. Zamonaviy agrotexnologiyalar, suv tejovchi texnologiyalar, intensiv bog‘dorchilik, limonchilik, uzumchilik, anorchilik va issiqxona xo‘jaliklarining kengayishi natijasida mahsulot hajmi ortib, eksport salohiyati mustahkamlanmoqda. Mahalliy xomashyoni qayta ishlash hisobiga qo‘shimcha qiymat yaratish va yangi ishlab chiqarish zanjirlarini tashkil etish borasida ham sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda.
Surxondaryoning geostrategik imkoniyatlaridan samarali foydalanish maqsadida xalqaro savdo, transport va logistika sohalari ham yangi bosqichga chiqmoqda. Termiz xalqaro savdo markazi, logistika markazlari va tashqi iqtisodiy aloqalarning kengayishi viloyatning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi muhim iqtisodiy bog‘lovchi hudud sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamlamoqda. Shu bilan birga, Boysun, Sariosiyo va Termiz hududlarining boy tarixiy-madaniy merosi, ziyorat turizmi, ekologik va tog‘ turizmini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar viloyatning turistik salohiyatini tobora oshirib bormoqda.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar markazida inson manfaati turgani kabi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi faoliyatining ham bosh mezoni inson qadri, ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash hisoblanadi. Partiyamiz davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan xalqparvar siyosatni to‘liq qo‘llab-quvvatlagan holda, uning joylarda samarali ijrosini ta’minlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Viloyatimizdagi mahalliy Kengashlarda faoliyat yuritayotgan “Adolat” partiyasi deputatlik guruhlari aholi murojaatlarini o‘rganish, ijtimoiy obyektlar faoliyati ustidan ta’sirchan deputatlik nazoratini amalga oshirish, tibbiy xizmat, ta’lim, ichimlik suvi, elektr ta’minoti, yo‘l infratuzilmasi, aholi bandligi va ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar hisobotlarini eshitish orqali hududlardagi muammolarni hal etishga munosib hissa qo‘shmoqda.
Deputatlarimiz sayyor qabullar, mahallalardagi uchrashuvlar va jamoatchilik muhokamalari orqali fuqarolar bilan doimiy muloqot qilib, ularning murojaatlari asosida amaliy choralar ko‘rilishiga erishmoqda. Yangi ijtimoiy obyektlar qurilishi, maktablar, bog‘chalar, tibbiyot muassasalari faoliyatini yaxshilash, aholining kommunal xizmatlardan roziligini oshirish va davlat dasturlari ijrosini ta’minlash masalalari partiya deputatlarining doimiy e’tibor markazida turibdi.
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi viloyat Kengashi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik va ijtimoiy islohotlarga hamisha kamarbasta bo‘lib kelgan va bundan keyin ham Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lidagi barcha ezgu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Biz uchun eng muhim vazifa — qonun ustuvorligini ta’minlash, inson qadrini ulug‘lash, ijtimoiy adolatni qaror toptirish va xalq farovonligini yanada yuksaltirishdan iborat.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida viloyatimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, iqtisodiy o‘sish, kengayayotgan investitsiya imkoniyatlari, zamonaviy ta’lim va tibbiyot muassasalari, yangi ish o‘rinlari va xalqimiz uchun yaratilayotgan munosib shart-sharoitlar Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining amaliy natijalaridir.
Ishonchimiz komilki, “Bir Vatan, bir xalq, yangi hayot va kelajakni birga barpo etamiz!” degan ezgu g‘oya har bir vatandoshimizni yanada birlashtirib, mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qiladi. “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi esa o‘z deputatlari, faollari va minglab a’zolari bilan birgalikda Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi, qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolatni ta’minlash yo‘lida fidokorona mehnat qilishda davom etadi.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Adib merosi qalblarga maʼnaviyat ulashdi

Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz garnizonida joylashgan harbiy...

Harbiylar o‘rtasida kibersport musobaqasiga start berildi

Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz, Kakaydi va Xayrabod...

Og‘ir toifadan namunali hududga…

Muzrabot tumanidagi “Do‘stlik” mahallasida esayotgan o‘zgarishlar epkini hayot sifatini...

“Adolat” islohotlarga kamarbasta

Ezgu g‘oyalar bilan nishonlanayotgan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining35 yilligi...
KunTun
KunTun