Takrorlardan xoli…mi?!

Date:

Xususiy notarial institutining rivojlanishi notarius faoliyatini samarali tashkil etish masalasini yanada dolzarb qilmoqda. Notarial xizmatlarning sifati nafaqat notariusning kasbiy mahoratiga, balki uning jamoasi faoliyatini qanday yo‘lga qo‘ygani bilan ham bevosita bog‘liq.

Shu bois amaldagi qonunchilikda notariusning xodimlar bilan mehnat munosabatlari, stajyor va yordamchilarni ishga qabul qilish hamda ularning faoliyatini tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Amaldagi tartibga ko‘ra, notarius xodimlarning mehnat faoliyatini mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etadi. Notarial harakatlarni amalga oshirishda esa xususiy notarius davlat notarial idorasi notariusi bilan teng huquqlarga ega bo‘lib, bir xil majburiyatlarni bajaradi. Ular rasmiylashtirgan hujjatlar ham bir xil yuridik kuchga ega.

Notarius stajyor, yordamchi, kotib, shuningdek tarjimon, operator, kurer kabi notarial faoliyatni tashkil etishda ishtirok etuvchi boshqa xodimlarni ishga qabul qilishi mumkin. Bunda u, umumiy qoida sifatida, xodimlarni lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etishda mustaqil hisoblanadi. Biroq stajyor va yordamchilarni ishga qabul qilishda Notarial palataning tegishli hududiy boshqarmasi ishtiroki nazarda tutilgani ushbu mustaqillikning istisnosi hisoblanadi.

Shu o‘rinda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan ayrim jihatlar ham mavjud. Jumladan, “Notarius xodimlarning mehnat faoliyatini mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga asosan tashkil etadi” degan norma matnda ikki marotaba takrorlangan. Huquqiy hujjatlarda takroriy normalarning mavjudligi uning ixchamligi va yuridik texnikasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Mazkur qoidani bir marta bayon etishning o‘zi kifoya.

Yana bir masala — notariusning mustaqilligi bilan bog‘liq normalarning bayon etilishidir. Bir tomondan, notarius xodimlarni ishga qabul qilishda mustaqil ekani belgilangan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, stajyor va yordamchini ishga qabul qilish Notarial palataning tavsiyasi yoki kelishuvi bilan bog‘langan. Ushbu istisnolar umumiy norma bilan uyg‘un holda bayon etilsa, huquqiy aniqlik yanada kuchayadi.

Bundan tashqari, “notarial faoliyatni tashkil etish bilan bog‘liq boshqa xodimlar” iborasi ham keng mazmunga ega. Mazkur tushunchaning doirasini aniqlashtirish amaliyotda turlicha talqinlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Normada notarius xodimlar haqidagi ma’lumotlarni uch ish kuni ichida tegishli davlat organlariga taqdim etishi lozimligi belgilangan. Raqamlashtirish jarayonlari jadallashayotgan bugungi sharoitda ushbu majburiyatni elektron axborot tizimlari orqali bajarish imkoniyatini ham normada aks ettirish maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Umuman olganda, amaldagi tartib notarius faoliyatini samarali tashkil etish uchun zarur huquqiy asoslarni yaratadi. Shu bilan birga, ayrim normalarni takrorlardan xoli holda qayta tahrirlash, istisnolarni izchil bayon etish hamda ayrim tushunchalarni aniqlashtirish huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Zafar Jo‘rayev,

Notarius stajyori

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Hamma narsa pul bilan hal bo‘ladi…mi?

Tasavvur qiling: yangi maktab qurilishi uchun ajratilgan mablag‘ning bir...

Samarqandga safar: tarix, mehr va ilhom manzili

“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” shiori ostida ishchi va xodimlarni...

“Vatanparvar” bog‘ida unutilmas kun…

Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarining bo‘sh vaqtini mazmunli...

Takrorlardan xoli…mi?!

Xususiy notarial institutining rivojlanishi notarius faoliyatini samarali tashkil etish...
KunTun
KunTun