2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasiga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 1 465 ta murojaat kelib tushdi.
Murojaatlarning 93 foizi ijobiy hal etildi. Natijada iste’molchilar va tadbirkorlik subyektlari foydasiga 2,1 milliard so‘m mablag‘ni qayta hisob-kitob qilish ta’minlandi. Kelib tushgan murojaatlarning 1038 tasi uy-joy kommunal xizmatlari va transport sohasiga, 298 tasi savdo hamda umumiy ovqatlanish sohasiga, 112 tasi ijtimoiy sohaga, 16 tasi esa reklama va boshqa yo‘nalishlarga to‘g‘ri keldi.
Hisobot davrida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha 25 ta yo‘nalishda o‘rganish ishlari olib borildi. Natijada 103 mingdan ortiq iste’molchining huquqlari tiklandi, 5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi. Shuningdek, iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish maqsadida 18 tadan ortiq da’vo arizasi sudlarga kiritildi.
Jumladan, aholiga maishiy chiqindi tashish xizmatini ko‘rsatuvchi “Toza hudud” davlat muassasasi faoliyati o‘rganilganda Boysun, Denov, Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on, Oltinsoy, Sherobod va Sho‘rchi tumanlarida vaqtincha xorijda bo‘lib, bir yildan ortiq vaqt davomida o‘z xonadonida yashamagan 48 ming nafar fuqaro nomiga chiqindi xizmati uchun 2,7 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ asossiz hisoblangani aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan hududiy boshqarma tomonidan “Toza hudud” davlat muassasasiga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, xorijda bo‘lgan fuqarolarga hisoblangan 2,7 milliard so‘mlik asossiz qarzdorlikni qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Shuningdek, vakolatli organlar bilan hamkorlikda Qo‘mita tomonidan tasdiqlangan grafik asosida 34 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, yaxna ichimliklar, sut va go‘sht mahsulotlari, bolalar ozuqasi hamda boshqa mahsulotlar bo‘yicha nazorat xaridlari o‘tkazildi. Tekshiruvlar davomida 23 turdagi oziq-ovqat mahsulotining yaroqlilik muddati o‘tib ketgani aniqlanib, ularni sotgan subyektlarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi va sudlarga taqdim etildi.
Bundan tashqari, aholiga maishiy suyultirilgan gaz ballonlarini o‘z vaqtida yetkazib berish bilan bog‘liq mingdan ortiq murojaat o‘rganildi. Ko‘rilgan choralar natijasida gaz yetkazib berilishi kechikayotgan 975 ta xonadon maishiy gaz ballonlari bilan ta’minlanib, fuqarolarning murojaatlari ijobiy hal etildi.
Yilning dastlabki olti oyida amalga oshirilgan ushbu ishlar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda aholini qiynayotgan muammolarni tezkor bartaraf etishda muhim natijalar bergani bilan ahamiyatlidir.
D.ARBOBOV,
Raqobatni rivojlantirish
va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi viloyat boshqarmasi xodimi

